"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

“O‘Z TILIGA SADOQAT, BU – VATANIY ISHDIR”

Til – buyuk neʼmat. U millatning mavjudligi, g‘ururi va o‘ziga xosligini ifodalaydi. Shunday ekan, har bir inson o‘z tilini bilishi, uni ulug‘lashi va shu bilan birga boshqa xalqlarning tilini ham hurmat qilishi, imkon qadar o‘rganishi foydadan xoli emas. Bu turli xalqlar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashi barobarida tilning nufuzi va mavqeyini oshirishga xizmat qilishi tabiiy. Til tarixi va tuzilishini xalqning rivojlanish tarixi va milliy o‘ziga xosligidan ayri holda o‘rganib bo‘lmaydi. Chunki har bir xalq tilida millat o‘tmishi, asriy qadriyatlari, madaniyati o‘z ifodasini topadi. Turkiy tilni ilk bor garammatik nuqtayi nazardan tadqiq etgan alloma bobomiz Mahmud Qoshg‘ariy  “Devonu lug‘otit turk” asarida “Erdam boshi tildir”, yaʼni “Barcha fazilatlar, ezguliklar tildan boshlanadi”, deb taʼkidlaydi.

Buyuk maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy har bir xalqning nufuzi va dunyodagi o‘rni uning ona tilisini nechog‘lik qadrlashiga bog‘liq deya taʼrif beradi. Yaʼni, “Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur”, deya eʼtirof etadi. Zero, inson qalbidagi jamiki ezgu fazilatlar, avvalo, ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singishi haqiqat.

Shu nuqtaуi nazardan, O‘zbekiston davlat mustaqilligini qo‘lga kiritishida 1989-yilning 21-oktabrida “Davlat tili haqida”gi Qonunning qabul qilinishi asnosida O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgani muhim ahamiyat kasb etgani maʼlum. Binobarin, hali sobiq Ittifoqning totalitar hukmronligi so‘nmay turgan bir kezda bu xalqimizni tom maʼnoda jipslashtirib, o‘z haq-huquqi va erki yo‘lida kurashga ruhlantirgani, shubhasiz. Istiqlolga erishgach, Bosh Qomusimizda davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlandi. Ushbu sana mamlakatimiz, yurtdoshlarimiz hayotidagi unutilmas, tarixiy voqeaga aylandi. So‘nggi yillarida barcha sohalarda bo‘lgani kabi tilimiz taraqqiyotida ham muhim o‘zgarishlar yuz bermoqda. O‘zbek tilining xalqaro miqyosda obro‘yi oshib, faol muloqot vositasiga aylanib bormoqda.

Prezidentimiz “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zlik va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotida g‘oyat muhim o‘rin egallab kelayotgan buyuk qadriyat” ekanini alohida taʼkidlab o‘tgandi. Darhaqiqat, ona tilimizni kelgusi avlodlarga maʼnaviy boylik sifatida sof holda yetkazish uchun esa yoshlarni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalashimiz lozim.

Islohotlar izchil davom ettirilib, davlatimiz rahbarining 2019-yilning 4-oktabrda “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi Qarori hamda 21-oktabr sanasida “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Farmonga binoan 21-oktabr sanasi yurtimizda “O‘zbek tili bayrami kuni” deb eʼlon qilindi. Mazkur bayram – ona tilimizni sharaflash, uning qaddini va qadrini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi kerak.

Mana shu o‘rinda o‘zbek tili rivoji va sofligiga to‘siq bo‘layotgan muammolardan biri haqida so‘z yuritsak. Taraqqiyot, globallashuv sabab respublikamizning deyarli har bir ko‘chasida zamonaviy turarjoy, savdo komplekslari, xizmat ko‘rsatish shaxobchalari qad ko‘tardi. Rivojlanish o‘z yo‘liga, ammo aksariyatining nomlanishi ajnabiy tilda ekani achinarli hol. “Korzinka”, “Makro”, “Wunderkind”, “Profi Educations”, “Turi v Dubay”, “Beauty Salon”, “Dark hall”, “Tal Pich”, “Barduck”, “Riviera”, “Mi otkrilis”, “Indenim” kabi xorijiy nomlarni ko‘rib, chet elda yurgandek his qilasiz. Bu kabi holat zamona zaylidir, biroq “Rayhon”, “Yalpiz”, “Novvot”, “Chopar” kabi restoranlar, “Samarqand darvoza”, “Navro‘z” kabi o‘zbekcha va qulog‘imizga tanish nomlar bilan atalgan ko‘ngilochar savdo majmualarining bozori “o‘lgani yo‘q-ku”!

“Tashkent Sity”, “Nest One”, “Golden House” kabi poytaxtimizning ko‘rki bo‘lgan turarjoy va biznes komplekslari bunyod etilyapti. Har bir viloyatda “sity”lar qurilyapti, biroq shu o‘zgarishlarni o‘zbekcha nom bilan atasak, maqsadga muvofiq bo‘lmaydimi? “Olmazor”, “Sohilbo‘yi” kabi nomlarning nimasi yomon?

Xorij kompaniyalari bilan hamkorlikda qurilayotgan obyektlarni tushunish mumkin, ammo xalq puliga qad ko‘tarayotgan turarjoy va savdo markazlarini nomlashda shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ymaslik kerak. Bu zamonaviylikka intilish, boshqalardan bir pog‘ona yuqorida ekanini ko‘rsatish yoki xalqimiz uchun umuman yot bo‘lgan atamalarni ko‘r-ko‘rona qo‘llashmi?

Muammoning ildizi chuqur. Ona tiliga daʼvat etishi kerak bo‘lgan telekanallarda ham ahvol havas qilgudek emas. Davlat va nodavlat telekanallaridagi sof o‘zbekcha nomli ko‘rsatuvlar tobora kamayib ketmoqda. “Bojalar community”, “Hello Afrika”, “Real Xit”, “Like bos”, “The Cover up”, “Bumerang”, “MTV Show”, “Tv Sale”, “My Shop”, “Bingo”. Ularning o‘rnida “Assalom, O‘zbekiston”, “Oydin hayot”, “O‘zingni angla”, “Mening bog‘im”, “Siz bilan”, “Uyga qaytib”, “Hayot va xayol yo‘llari” singari yoqimli va mushohadaga chorlaydigan nomlar chiroyli jaranglamaydimi?

Afsuski, mana shu omillar natijasida bugun yoshlarimizda ona tili va adabiyotimizni o‘rganishga mehr va ishtiyoq sustlashdi. Savodxonlik darajasi ham ko‘ngilni xira qiladi. Bu millat taraqqiyoti uchun ulkan fojia. Chunki qaysi yurtning farzandlari o‘z ona tillarida o‘qishni to‘xtatsa, o‘sha til yo‘qlik qaʼriga singadi. Uni yot taʼsirlardan saqlash yurt kelajagini belgilaydi. Shunday ekan, ona tilimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-eʼtiborini yuksaltirish, milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qo‘shishda har birimiz tilimizga chuqur hurmat bilan yondashishimiz kerak.

Shu o‘rinda maʼrifatparvar bobomiz, o‘z davrida o‘nga yaqin dunyoviy tillarni puxta o‘rgangan olim Isʼhoqxon Ibratning quyidagi fikrlari eʼtiborga molik: “Bizning yoshlar, albatta, boshqa tilni bilish uchun saʼy-harakat qilsinlar, lekin avval, o‘z ona tilini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsatsinlar. Zero, o‘z tiliga sadoqat – bu vataniy ishdir”.

Zebinisa HAKIMOVA,

Davlat xizmatlari agentligi direktorining maslahatchisi


"Yangi O'zbekiston" gazetasining 2021-yil 12-yanvardagi 7-sonidan olindi

14.01.2021 3196