"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Munosabat: Davlat tilida ish yuritish qo‘llanmasi haqida

Xabaringiz bor, o‘tgan yili Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan “Davlat tilida ish yuritish” qo‘llanmasining to‘ldirilgan va takomillashtirilgan 9-nashri qayta nashrdan chiqarildi. Tabiiyki bu ko‘pchilikni quvontirdi. Kitob taqdimotidan so‘ng, departamentga “nima uchun kiril alifbosida chiqarildi?”, “qo‘llanma kimlar uchun mo‘ljallangan axir?”, “yoshlar uchun qo‘llanma yo‘qmi?” kabi ko‘plab baxs-munozarali savollar berildi.

Kuni kecha lotin alifbosiga asoslangan “Davlat tilida ish yuritish” qo‘llanmasining 15 ming nusxadagi qayta nashri chiqarildi. Barcha davlat va nodavlat muassasalarga bepul tarqatilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda departamentning mazkur qo‘llanmani chop ettirishdagi saʼy-harakatlari maqtovga loyiq.

Qo‘llanma 5 turdagi hujjatlar ustida ishlash bo‘yicha maʼlumot beradi.

1. Tashkiliy hujjatlar;

2. Farmoyish hujjatlari;

3. Maʼlumot-axborot hujjatlari;

4. Xizmat yozishmalari;

5. Xodimlar faoliyatiga doir hujjatlar.

Qo‘llanma xodimlar uchun qaysidir maʼnoda maslahatchi-yordamchi vazifasini bajaradi. Masalan, men qo‘llanma bilan tanishish asnosida ko‘p yillardan beri “bildirish” yoki “bildirishnoma” hujjat turini “bildirgi” ko‘rinishida yozardim. Menimcha ko‘pchilik ham shunday ifodalar edi. Lekin, bugun tashkilotimizda “bildirgi” ko‘rinishi “bildirishnoma”ga o‘zgartirildi.

Shuningdek, qo‘llanmada avvallari uchratmagan “ilova xat”“tasdiq xat”“eslatma xat”kabi hujjat turlari bilan tanishdim. Bilmaganlarimni bilib oldim. Odatda biz, tasdiqlovchi, eslatuvchi mazmundagi hujjatlarga doimgidek xat ko‘rinishida javob yo‘llaymiz. Vaholanki, har bir murojaatning mazmuniga mas ravishda javob xatining turlari bor ekan.

Xulosa o‘rnida aytishim mumkin. Qo‘llanma davlat tilini ish jarayonida keng qo‘llash, ommalashtirish uchun yordamchi vosita bo‘lib xizmat qiladi. Lekin, 15 ming nusxa maqsadimiz uchun kam. Buni yuz ming va undan ko‘p nusxada chop etish kerak, deb hisoblayman. Bepul emas, pullik asosda, kitobdan moddiy foydani o‘ylamagan holda, kitob do‘konlariga hamyonbop narxlarda tarqatish kerak.


Sh.Xolmatov,
Maslahatchi

15.01.2021 3636