"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

O‘zlikni tanitguvchi maʼnaviyat bulog‘i

Til – hayotning boshlanishi. Inson o‘z ona tili yordamida yangi tushunchalar va munosabatlarni anglay boshlaydi. Ona tili bizga ona suti bilan singdiriladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyeyov o‘zbek tilini asrash va qadrlash borasida bunday degan edi: “Ona tilimiz — milliy maʼnaviyatimizning bitmas-tuganmas bulog‘idir. Shunday ekan, unga munosib hurmat va ehtirom ko‘rsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir”. Darhaqiqat, ushbu maʼnaviyat bulog‘idan bahramand bo‘lganimiz sayin ajdodlarimiz qoldirgan maʼnaviy meros qanchalar bebaho ekanini yanada chuqurroq anglaymiz.

Yuksak taraqqiy etgan davlatlar darajasiga erishish va raqobatdosh bo‘lish uchun O‘zbekiston fuqarolari xalqaro tillarni bilishlari muhim, albatta. Chunki biz global rivojlanish tendensiyalaridan orqada qola olmaymiz. Lekin unutmaslik kerakki, o‘zbek tili dunyodagi barcha rasmiy tillar qatori suveren til maqomini olgan ekan, har bir O‘zbekiston fuqarosi davlat tilini bilishi shart.

Shu sababli bu ulkan hodisaning tub mohiyatini kelajak avlod ongiga singdirish, ona tiliga bo‘lgan muhabbat va sadoqatini yanada mustahkamlash borasida olib borilayotgan ishlar ko‘lami yil sayin kengayib bormoqda. Binobarin, o‘zini o‘zbek millatining farzandiman, deb bilgan har bir shaxs ona tilimizga eʼtiborli bo‘lishi, uning sofligini asrab-avaylashni muqaddas burchi deb bilishi shart.

So‘nggi yillarida tilimiz taraqqiyotining muhim o‘zgarishlarga boy bosqichi boshlandi, deb bemalol aytishimiz mumkin. O‘zbek tilining xalqaro miqyosda obro‘yi oshib, faol muloqot vositasiga aylanib bormoqda. Turli darajadagi rasmiy uchrashuv va muzokaralarda tilimiz keng qo‘llanayotgani, xorijdagi qator taʼlim dargohlarida, ilmiy muassasalarda o‘zbek tili markazlari tashkil etilib, ularda ona tilimizni o‘rganishga qiziquvchilar soni ko‘payib borayotgani buning yaqqol dalilidir.

Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan 5 jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” hamda “Davlat tilida ish yuritish” kitoblarining chop etilishi ham alohida tahsinga sazovor. Ushbu kitoblarda tashkilot va muassasalarning ish yuritish faoliyatida eng ko‘p qo‘llanadigan hujjatlar, ularni tuzish tartib-qoidalari urg‘u berilgan, mazkur hujjatlar tegishli namunalar bilan ko‘rsatilgan, shuningdek, ish yuritishga oid lug‘atlar kiritilgan. Izohli lug‘at va qo‘llanma, birinchi navbatda, tashkilotlar rahbarlari va xodimlariga, boshqaruv faoliyatida bevosita hujjat ustida ishlovchilar, kotib-referentlar, kadrlar xizmati xodimlariga mo‘ljallangan, shuningdek, undan hisobchilar, adliya maslahatchilari, auditor, menejerlar ham foydalanishlari mumkin.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimida ham tilimiz nufuzini yuksaltirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar bajarilmoqda. Tizimda hujjat almashinuv ishlari to‘liq davlat tilida olib borilmoqda. Vazirlikka qarashli barcha hududiy bosh boshqarmalar va tasarrufiy tashkilotlarning peshlavhalari, binolarning ichki va tashqi yozuvlari to‘liq lotin alifbosida bo‘lishi, ijtimoiy tarmoqlardagi barcha sahifalar, internet saytlarida ham davlat tilidagi qonun hujjatlariga amal qilinishi taʼminlanmoqda.

Vazirlik va uning quyi tizimlaridagi xodimlari keyingi yillarda davlat tili bilan bog‘liq chiqarilgan muhim siyosiy hujjatlar bilan tanishtirilib borilmoqda.

O‘zbekiston Prezidentining 2020-yil 20-oktabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni til siyosati borasida 2030-yilgacha amalga oshiriladigan faoliyatimiz strategiyasini belgilab berdi.

Mazkur farmonga asosan, 2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2020-2022-yillarda amalga oshirish dasturi ijrosi yuzasidan rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yurita olish darajasini aniqlash mexanizimini ishlab chiqish hamda masʼul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish bo‘yicha daraja sertifikatlarini joriy etish yuzasidan vazirlik ham o‘z takliflarini bildirdi.

Vazirlik tizimida davlat tili targ‘ibotiga qaratilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Soha xodimlarining davlat tilida ish yuritish malakasini muntazam oshirib borish maqsadida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzurida tashkil etilgan Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi bilan ikki tomonlama hamkorlik shartnomalari imzolanib, zaruriy chora-tadbirlar belgilandi.

Shunga ko‘ra, vazirlikning uch nafar maslahatchisi, boshqarma boshliqlari, bo‘lim boshliqlari davlat tilida ish yuritish bo‘yicha malakalarini oshirdilar. Bu ishlar quyi tizimlarni ham qamrab olishi belgilangan.

Vazirlikda davlat tilida ish yuritish va o‘zbek tilini yanada rivojlantirish borasidagi ishlarda, ilmiy tadqiqotlarda va tashkiliy vazifalarni bajarishda yuqori ko‘rsatkichga erishgan rahbar va xodimlarni moddiy va maʼnaviy rag‘batlantirib borish yo‘lga qo‘yildi. Bu esa xodimlarni o‘z ustida ishlashga, izlanishga, ona tilimizga bo‘lgan hurmat va eʼtiborini oshirishga munosib hissa qo‘shmoqda.

Vazirlik tizimida davlat tilida ish yuritishni tashkil etish borasida duch kelinayotgan muammolarimiz ham bisyor. Mehnat va bandlik masalalari bilan bog‘liq sohaviy qo‘llanmalar, rus va boshqa tillardan kirib kelgan kasbga taalluqli atamalarning muqobilini topish va amaliyotga joriy etish masalasi bu borada yanada masʼuliyat bilan ishlashga, izlanishga, eʼtiborli bo‘lishga undaydi.

Tilimizni eʼzozlash, uning davlat tili sifatidagi maqomi, jamiyatdagi mavqeyini yuksaltirish, yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash hamisha dolzarb maʼnaviy burchimiz bo‘lib qoladi.


Gullola ISAKOVA,

Bandlik va mehnat munosabatlari

vaziri maslahatchisi

20.01.2021 3208