"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Navoiyni anglash...

Buyuk mutafakkir bobokalonimiz hazrat Alisher Navoiyni xalqimiz turkiy tillarning asoschisi, so‘z mulkining sultoni, buyuk mutafakkir shoir sifatida yaxshi biladi. Uning bebaho adabiy merosi nafaqat xalqimiz, balki butun jahon adabiyoti tarixida alohida o‘rin tutadi. Buyuk bobomiz o‘zining asarlarida yuksak umumilliy g‘oyalar, ona tilimizning butun bo‘y-bastiniyu cheksiz latofatini ko‘rsatib bergan.

Keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar har bir jabhada o‘zining aksi, ijobiy natijasini ko‘rsatmoqda. Xususan, mamlakatimizda o‘sib kelayotgan yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirish, ularning qalbida yuksak axloqiy fazilatlarni kamol toptirish maqsadida buyuk allomalarimiz, yozuvchi va shoirlarimizning tavallud sanalarini keng nishonlash, ular qoldirgan boy adabiy merosni yurtimizda va jahonda keng targ‘ib qilish, boshqa tillarga tarjima qilish kabi ezgu ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada davlatimiz rahbarining 2020-yil 19-oktabrdagi “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori buning isbotidir.

Mamlakatimizda Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini nishonlash bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tuzilib, qaror ijrosini ta’minlash yuzasidan belgilangan ishlar jadal boshlab yuborildi. O‘tgan yilning 14-16-dekabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri A.Qirg‘izboyev boshchiligidagi delegatsiya Afg‘oniston Islom Respublikasining Hirot shahridagi bobomiz mangu qo‘nim topgan qabri va maqbara majmuasini ta’mirlash, atroflarini obodonlashtirish bo‘yicha o‘rganish ishlarini amalga oshirib qaytdi. Qolaversa, mamlakatimizda Alisher Navoiy ordenini ta’sis etish, Alisher Navoiy nomidagi ijod maktabini tashkil etish kabi xayrli va ezgu ishlar butun ilm ahlini, har bir yurtdoshimiz, ayniqsa, yoshlarimizning qalbini faxr-iftixorga to‘ldirdi.

Buyuk bobomiz qoldirgan adabiy-ilmiy merosini katta bir ummonga qiyoslash mumkin. Ko‘p asrlardan buyon ulug‘ shoir va mutafakkirning adabiy-ilmiy merosi mamlakatimizda va xalqaro miqyosda chuqur tadqiq qilingan va keng ommaga targ‘ib etilmoqda.

Qarorda umumta’lim maktablarida “Navoiy vorislari” g‘azalxonlik tanlovi, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar o‘quvchilari o‘rtasida “Navoiyni anglash” mavzusida insholar tanlovini o‘tkazish va g‘oliblarni munosib taqdirlash kabi vazifalar ham o‘z ifodasini topgan. Qarorda hazrat Alisher Navoiyning adabiy merosini o‘rganishda uzviylik va uzluksizlik tamoyili asosida barcha ta’lim bosqichlarini qamrab oluvchi Alisher Navoiy asarlarini uzluksiz o‘qitish konsepsiyasini yaratish nazarda tutilgan.  

Bu keng ko‘lamli, natijador vazifalarni sidqidildan bajarishga barchamiz daxldormiz.

O‘zbekiston xalq shoiri S.Sayyidning “Navoiyni o‘qish” she’rida shunday satrlar bor:

Har bir kalla,

Har bir bosh

Jaholatdan qo‘rqishi kerak.

Har bir bola,

Har bir yosh

Navoiyni o‘qishi kerak...

Bir bolaga – butun mamlakat,

Ba’zan esa qirq kishi kerak.

Beshiklardan tushib bolalar

Navoiyni o‘qishi kerak.

Darhaqiqat, bugungi Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans davri poydevorini qo‘yish vaqti keldi. Bu poydevorni yaratishda beshiklardagi bolalardan tortib katta avlodgacha barchamiz hazrat Alisher Navoiyning bebaho merosini yanada chuqur o‘rganish, tadqiq qilishimiz, butun dunyoga keng va ko‘p targ‘ibu tashviq etishimiz zarur.

Hazrat Alisher Navoiy qoldirgan boy adabiy-ilmiy meros yana ko‘p asrlar kelajak avlod uchun bir mayoq, ulkan ilmiy tadqiqotlar manbayi bo‘lib xizmat qiladi. Navoiyni anglash bu – o‘zlikni anglash, millatni anglash demak. Navoiyni anglash baxti barchaga nasib etsin.

 

Komiljon Dosanov,

“O‘zagroservis” aksiyadorlik jamiyati

bosh direktorining maslahatchisi

 

O‘zA

23.01.2021 4063