"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

NAVOIYGA MUNOSABAT

Menga qilsa ming jafo bir qatla faryod aylamam,

Elga qilsa, bir jafo ming qatla faryod aylaram.

Alisher Navoiy

Har bir xalqning o‘z tili, dini, eʼtiqodi va qadriyatlari shuningdek, millat maʼnaviyatiga ulkan hissa qo‘shgan siymolari bo‘ladi. Masalan, hindlar uchun Mahatma Gandi, xitoyliklar uchun esa Konfutsiy qadrlidir. O‘zbek xalqi olimu fuzalo, sarkardayu mutafakkirlarga boy, biroq Hazrat Nizomiddin mir Alisher bu millatning vijdoni hisoblanishini unutmaslik kerak.

Madaniyatli inson boshqa birovning qadriyatlarini oyoqosti qilmaydi, aksincha,  ularga hurmat ko‘rsatadi.

Turkiylar uchun o‘zidan kechib, buyuk ishlarni amalga oshirgan, jumladan, o‘zbek tili va adabiyotini o‘z davrida ko‘klarga ko‘targan, turkiy tilni adabiy, badiiy tilga aylantirgan shoir, olim, davlat arbobi Alisher Navoiyni yosh avlod yaxshi bilmasligi, uning naqadar buyuk siymo ekanligini anglamasligi kishini qayg‘uga botiradi. 

Navoiy o‘z davrida ham xalqparvarligi uchun ko‘plab jabru jafo chekkan. Har qanday dahoning xatti-harakatlari o‘z davrida zamondoshlarini ajablantirgan, hayratlantirgan. Navoiyning buyukligi nimada?! Siz Navoiyni qanchalik bilasiz? Ko‘pchilik uni g‘azal mulkining sultoni, deb biladi. Biz shoir haqida qancha taʼrifu tavsif keltirsay ham, o‘zimizniki bo‘lgani uchun munosabatimiz u qadar xolis bo‘lmasligi mumkin. Shu o‘rinda Samarqand davlat universiteti professori Ibodulla Mirzayev Yevgeniy Eduardovich Bertelsning "Наваи и Жами" monografiyasini rus tilidan o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qilganini alohida eʼtirof qilish lozim. Navoiyning qanday siymo ekanligini, qanday shaxs va davlat arbobi bo‘lganligini bilmoqchi bo‘lganlarga "Navoiy va Jomiy" tarjima asarini o‘qishni tavsiya qilamiz. Unda Bertels, jumladan, shunday degan edi: "NAVOIY IJODI MUZEY KO‘RGAZMASI HAM, TARIXNING PARCHASI HAM EMAS. U YASHAMOQDA VA YASHAYVERADI. BIZ UNI O‘RGANYAPMIZ, AMMO JUDA KAM O‘RGANYAPMIZ. O‘ZINING ULUG‘ FARZANDI XOTIRASINI KO‘Z QORACHIG‘IDAY ASRAB-AVAYLASH VA UNING ASARLARINI TINMAY O‘QISH VA O‘RGANISH – O‘ZBEK XALQINING SHON-SHARAF ISHIDIR."

Alisher Navoiyning madrasa, shifoxona, ko‘prik, hammomlar qurgani, bog‘-rog‘lar yaratgani haqida ko‘p yozilgan. Ammo uning mol-mulki haqida deyarli gapirilmaydi. E.E.Bertels bu bo‘shliqni to‘ldiradi va, jumladan, shunday dalillar keltiradi: har yili madrasa mudarrislariga 1200 oltin tanga va 24 qop don; aʼlo va yaxshi o‘qiydigan olti talabaga 24 oltin tanga va 5 qop don, o‘rta baholarda o‘qiydigan sakkiz talabaga 16 oltin tanga va 4 qop don, juda sust o‘qiydigan sakkiz talabaga 12 oltin tanga va 3 qop don; olti qorining qiroati “zo‘riga” 500 oltin tanga, 15 qop don; jomeʼ masjid imomiga 500 oltin tanga va 10 qop don; xonaqoh oshpaziga 250 oltin tanga 5 qop don; mutavalliga 3000 oltin tanga va 30 qop don (uning uchdan bir qismi xizmatchilarga) taqsimlangan. Bu mablag‘lar Alisher Navoiyning yerlari (300 jerib ), bog‘-rog‘lari, do‘konlaridan tushib turgan.

E.E.Bertels o‘z fikrini isbotlash uchun “Majolis un-nafois”ni fors tiliga tarjima qilgan Faxri Hirotiyning quyidagi so‘zlarini keltiradi: “Har kuni amirning xazinasiga 75 ming dinor tushib turgan, uning 15 mingi xarajat qilingan”. E.E.Bertelsning navoiyshunoslikka doir xizmatlari o‘zbek olimlari tomonidan ham eʼtirof etilgan. Masalan, professor N.Komilov bu haqda shunday yozadi: “Rus olimlaridan E.E.Bertels xizmatini alohida taʼkidlamoqchimiz. U birinchilardan bo‘lib, Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan monografiya yozib, Moskvada chop ettirdi (shunday monografik tadqiqotni o‘zbek tilida Oqil Sharofiddinov va tojik tilida Sadriddin Ayniy yozgan edilar). E.E.Bertels Hirot adabiy muhiti, Jomiy va Navoiy do‘stligi, Navoiy asarlarining mazmunini xolisona yoritgan. Bundan tashqari, u “Navoiy va Attor” nomli ishida “Mantiq ut-tayr” va “Lison ut-tayr” asarlarining batafsil ilmiy tahlilini berdi, Navoiy asarlarining originalligini isbotlashga erishdi” (maʼlumotlar I. Mirzayevning tarjimalaridan olindi.).

Navoiyga munosabatimizni o‘zgartirishimiz, u zoti sharifning bebaho asarlarini o‘qib, tafakkurimizni charxlab, maʼnaviyatimizni boyitishning ayni vaqti hozir. Milliy mentalitetga to‘g‘ri keladigan amallarni qilish, o‘zligimizni teranroq anglashimiz uchun ham uni o‘qishimiz kerak. Shoir aytganidek, "El netib topgay menikim, men o‘zimni topmasam". Navoiy ijodidan bebahra bo‘lgan kishilargina uning muhtasham siymosini tasavvur qila olmaydi. Navoiy dahosiga u zotni tanimagan kishigina hurmatsizlik qilishga botinishi mumkin. Mutafakkir ijodidan zarracha bahramand bo‘lganlar u zotdan faqat minnatdor bo‘ladilar.

Yaqinda mutafakkir shoirimiz tavalludining 580 yilligi keng nishonlanadi. Hazrat Navoiy asrlar osha avlodlariga o‘z asarlari bilan “labbay” deb javob bermoqda. 

 

G‘ofir Hamroyev,
filologiya fanlari doktori

24.01.2021 3422