- Bosh sahifa
- Maslahatchi minbari
- Davlat tili siyosatini takomillashtirishning yangi bosqichi
Davlat tili siyosatini takomillashtirishning yangi bosqichi
Davlat tili deganda biz maʼlum davlat hududida
yashovchi fuqarolarning davlat tomonidan belgilab berilgan yagona rasmiy
muloqot tilini tushunamiz va davlat hududida yashovchi asosiy xalqdan boshqa
millat vakillarining tilini kamsitilmasligi kerak. Qonunchilikda ham bu belgilab
qoʻyilgan. Keyingi yillarda mamlakatimizda davlat tilini rivojlantirish deganda
ijtimoiy tarmoqlarda boshqa tillarning kamsitilishi boʻlayotganligi haqida
turli yolgʻon maʼlumotlar tarqalib bormoqda. Bu bejizga emas, chunki, davlat
tiliga eʼtibor qaratilgani sari, ayrim qoʻshtirnoq ichidagi “doʻstlarimiz”, til
siyosatini boshqa tomonga burishga, xalq orasida turli tushunmovchiliklarni
keltirib chiqarishga harakat qiladi. Bu befoyda, davlatning qonuni bor, “Davlat
tili haqida”gi qonunda, Konstitutsiyamizda davlat tili oʻzbek tilidir degan
qoidani hamma yaxshi biladi.
Tilni rivojlantirishda davlat tomonidan qoʻllab
quvvatlansagina mazkur til oʻzining asl qiyofasini saqlab qoladi. Jumladan,
davlat tili sifatida oʻzbek tilini rivojlantirishda unga nafaqat olim,
tilshunoslar balki davlatning qoʻllab-quvvatlashi muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda davlat tilini mustahkamlash borasida tub oʻzgarishlar boʻlmoqda.
Tilshunoslarning oʻzbek tilini rivojlantirish, kirib kelayotgan oʻzgarishlarni
maʼqul boʻlsa mustahkamlash borasidagi harakatlari davlat tomonidan
qoʻllab-quvvatlanib, yangi imkoniyat va sharoitlar yaratilmoqda. Agar bundan
ikki yil muqaddam davlat organlarida davlat tili boʻyicha mutaxassilar joriy
etilgan boʻlsa, bugungi kunga kelib, davlat tilida ish yuritishni lotin
yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida olib borishga tayyorgarlik ishlari
qizgʻin olib borilmoqda. Xoʻsh, bu nima degani? Bilamizki, taʼlim
muassasalarida oʻqish allaqachon lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida
olib boriladi, oʻqituvchilarning deyarli barchasi yozma muloqotda shu alifbodan
foydalanishga oʻtib olgan. Davlat tashkilotlarida esa, obyektiv va subyektiv
sabablarga koʻra kiril alifbosida ish yuritilmoqda. Jamiyat yozma muloqoti oʻz
oʻzidan ikkiga boʻlinish holatiga kelib qolgan. Bu tabiiy, chunki, davlat va
nodavlat idoralarida yozma nutqi kirill alifbosida shakllangan shaxslar mudom
faoliyat yuritmoqda. Bu bilan ularni faoliyatini toʻxtatish lozim degan fikrdan
yiroqmiz, aksincha ularni ham oʻrgatish lozim va bu ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu kimga qiyin-u, kimga oson? Birinchi navbatda yosh mutaxassislarga juda
qiyin, sababi ish yuritish jarayoni davlat tilida boʻlishiga qaramay, kirill
alifbosida olib boriladi. Bu oʻz oʻzidan davlat tilida ish yuritishda imlo
xatolarning kelib chiqishiga sabab boʻlmoqda.
Nima qilish kerak?
Yaqinda mazkur muammoni bartaraf qilish maqsadida
yagona alifboga oʻtish masalasi uzil-kesil hal etildi, xususan Vazirlar
Mahkamasining qarori bilan yozma muloqotni toʻliq lotin grafikasiga asoslangan
oʻzbek yozuvida tashkil etish chora-tadbirlarini koʻrish koʻpchilikni
quvontirdi, ayrim odamlarni esa qoʻrquv bosdi. Lekin shubha va qoʻrquvga,
ortiqcha xavotirga oʻrin yoʻq. Chunki belgilangan vazifalar ichida kelib
chiqishi mumkin boʻlgan muammolarni hal etish mexanizmlari belgilab berildi.
Jumladan, bu alifboga bosqichma-bosqich, ammo izchil qadamlar bilan oʻtiladi. Unga
rasmiy oʻtish boʻyicha maxsus normativ-huquqiy hujjat qabul qilinadi. Oʻzbek
tilining imlo qoidalari yangisi tasdiqlanadi. Transliteratsiyaga asoslangan
dasturiy taʼminotlar ishlab chiqiladi. Bosqichma-bosqich kadrlarni mazkur
alifboda ish yuritishga moslashtirish ishlari olib boriladi, masalan ularning
malakasi oshiriladi, ularga dasturiy mahsulotlar, sharoit yaratiladi.
Shuningdek, barcha ommaviy axborot vositalari, matbuotning yozma nutqi,
maʼlumotlari yagona yozuvda ifoda etiladi.
Bu qachondan boshlanadi? Avvalo bunga sharoit
yaratiladi, masalan targʻibot ishlari bugundan boshlangan boʻlsa, 2022-yil
1-yanvardan koʻpgina tashkilotlar, shu jumladan “kirill”da bosilayotgan
matbuot, “lotin”da bosiladi. Axborot-kutubxona markazlari, axborot resurs
markazlariga bosqichma-bosqich yangi badiiy va boshqa adabiyotlar
koʻpaytiriladi. Mustaqil oʻrganuvchilar hamda idoraviy mansubligiga qarab,
tashkilot, korxona va muassasalarda faoliyat yuritayotgan xodimlarning yangi
alifbo, yangi imlo qoidalarini oʻzlashtirishga koʻmaklashuvchi uslubiy
qoʻllanmalar, lugʻatlar chop etiladi.
Qarorga muvofiq rasmiy veb-saytlar 2022-yil dekabridan
toʻliq lotin yoziviga asoslangan oʻzbek alifbosida yuritilishi belgilandi.
Mamlakatimizdagi geografik obyektlar nomlari bugungi kunda aksariyati lotin
yozuvida, ammo ayrim hududlarda buning aksini koʻrish mumkin, shuningdek,
korxona va tashkilotlarning tashqi reklamasi, tashqi yozuvlari, peshlavhalari
hamon kirill yozuvida aks etmoqda. Shu muammoni bartafar etish maqsadida
2022-yil dekabrdan boshlab bir xilda, lotin yozuvida taʼminlanishi belgilandi.
Demak, ikki xil yozuvlarga barham beriladi va faqat yagona yondoshuv asosda
amalga oshiriladi.
Qarorning mazmun-mohiyatidan kelib chiqadigan boʻlsak,
bu davlat tilini rivojlantirishga va rasmiy doiralarda yozma nutqni yagona
tartibda amalga oshirishning muhim jihatlari belgilab berildi. Eng muhimi unga
amal qilishimiz lozim. 2023-yil 1-yanvardan, mulk shaklidan qatʼiy nazar
korxona va tashkilotlarda ish yuritish toʻliq davlat tilida, oʻzimizning
yozuvimizda amalga oshirilishi belgilandi. Bu esa til siyosatini
rivojlantirishning yangi bosqichini belgilab bermoqda.
Bu ishlarni amalga oshirishda “Oʻzarxiv” agentligining
maxsus chora-tadbirlari, yoʻl xaritasi, buyruq qabul qilinib, keng muhokama
etildi. Bugungi kunda arxiv ishi va ish yuritish sohasida kelib chiqishi mumkin
boʻlgan muammolar aniqlanib, bartaraf etish choralari koʻrilmoqda. Jumladan,
atamalarda ayrim muammolar boʻladi, ammo yangi ishlab chiqilayotgan imlo
qoidalari menimcha bu muammolarni bartaraf etadi. Umuman olganda davlatimizda
davlat tilini rivojlantirish, yozma va ogʻzaki nutq madaniyatini
takomillashtirish siyosatini arxiv ishi xodimlari toʻliq qoʻllab-quvvatlaydi.
Shuhrat Mir Rayim
“Oʻzarxiv” agentligi direktorining maslahatchisi
Manba: archive.uz