- Bosh sahifa
- Maslahatchi minbari
- Yozuv – umummilliy masala
Yozuv – umummilliy masala
O‘zbekiston
Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 10-fevral kuni qabul qilingan “Lotin
yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni
ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori so‘nggi yillarda o‘zbek
tilini rivojlantirish, davlat tining mavqeyini ko‘tarish bo‘yicha qilinayotgan
ishlarning uzviy davomi bo‘ldi, desak ayni haqiqat bo‘ladi. Chunki oxirgi
paytlarda ko‘pchilkni qiynab kelayotgan va bahslarga sabab bo‘layotgan
ikkiyozuvlilik masalasiga oydinlik kiritildi. Endi hammamiz aniq bilamizki,
qachon yozuvimiz bitta bo‘ladi va yagona alifboda yoza boshlaymiz.
Lotin yozuviga to‘liq o‘tish uchun qo‘yilgan muddat uzoqday tuyulishi
mumkin. Ammo mana shu fursat bugun lotin alifbosida yozishga qiynaladigan
shaxslar uchun berilgan katta imkoniyat bo‘lib, bundan unumli foydalanib qolish
zarur bo‘ladi. Chunki belgilangan muddat ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketadi. Ana
undan so‘ng kech bo‘lishi mumkin.
Bugun tirnoq orasidan kir qidirish emas, barcha birgalikda ushbu qaror
ijrosini ta’minlashda qo‘lni qo‘lga berib harakat qilishi kerak. Chunki bu
yerda millatning savodi masalasi turibdi. Millat taraqqiyoti uchun esa hammamiz
birdek mas’ulmiz. Hozirda ko‘p muhokamalarga sabab bo‘layotgan alifbo
masalasiga ham qaror bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”da yechim berilgan. Agar
yangi tahrirdagi alifbo asosida “O‘zbek tilining imlo qoidalari” tasdiqlash
bo‘yicha hukumat qarori loyihasini tayyorlashga qo‘yilgan muddatga e’tibor
beradigan bo‘lsak, tez orada isloh qilingan alifbodan ham xabardor bo‘lishimiz
aniq.
Demak, yozuvimiz va yozuv qoidalarimiz o‘zgarayotgan ekan, millat
ziyolilaridan mana shu islohotlar jarayonida faol bo‘lish talab etiladi. Sababi shu paytgacha lotin yozuvida yozishni, hujjat tayyorlashni talab
qilishda huquqiy asos mavjud emas edi. Endi esa bemalol ish yuritishni
belgilangan muddatlarni kutmasdan lotin alifbosida olib borsa bo‘ladi. Qolaversa
insonlardagi uzoq vaqt davomida shakllangan kirillcha yozuv ko‘nikmasini
hozirdan o‘zgartirishni boshlamasak, qarorda ko‘rsatilgan muddatda ulgurmay
qolishimiz mumkin.
Xulosa o‘rnida demoqchi bo‘lganimiz, ushbu qarorning qabul qilinishi
tilimiz rivojiga, Davlat tilining mavqeyi yanada mustahkamlanishiga xizmat
qiladi. Shuning uchun umummilliy masala bo‘lgan ona tilimiz ravnaqi har qanday
mayda narsalardan ustun turishini unutmasligimiz kerak.
Zohid SHAKAROV,
Davlat test
markazi
direktorining maslahatchisi