"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tishda ziyolilar oldingi safda bo‘ladilar

Taʼlim tizimi jamiyatda kechayotgan yangilanishlar, o‘zgarishlarning tashabbuskori va  harakatlantiruvchi kuch hisoblanadi.

Shu bois, mamlakatimizda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tish masalasi kun tartibiga qo‘yilganda birinchilardan bo‘lib taʼlim tizimi  o‘z vaqtida bu ishga kirishdi.

Maktabgacha taʼlimdan boshlab oliy taʼlimgacha, kadrlarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimi, maktabdan tashqari taʼlimda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi joriy etildi.

Afsuski, ikki marta qatʼiy muddat belgilanishiga qaramay mamlakatimizda barcha sohalarda  lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tilmadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri A.Qirg‘izboyevning  kun.uz  muxbiri bilan “O‘zbekiston kirilldan voz kechib, lotin yozuviga o‘tyapti: rejalar, muammolar va isloh qilinadigan alifbo” mavzusidagi  intervyusida taʼkidlanganidek, o‘sha paytdagi kechikkan tayyorgarlik sabab bu boradagi islohotlar to‘liq amalga oshmay qoldi.

Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida taʼlim olgan yoshlarning    davlat va jamiyat boshqaruviga kirib kelishi bilan jiddiy muammolar yuzaga kela boshladiki, bu ularning haqli eʼtirozlariga sabab bo‘ldi.

So‘nggi 2 yilda Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeуini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar bois, bugun хalqimiz hayotida va xalqaro maydonda davlat tilining obro‘si oshdi.

2020-2030-yillarda davlat tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi ishlab chiqildi. Konsepsiyani amalga oshirishning 2020-2022-yillarga mo‘ljallagan dasturida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini, imlo qoidalarini yanada takomillashtirish va lotin yozuviga to‘liq o‘tish vazifasi qo‘yildi.

Suhbatda taʼkidlanganidek,  mamlakatimizda lotin yozuviga asoslangan  o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tish uchun 2 yil muddat belgilandi. Bir qarashda buncha uzoq muddat qo‘yilishiga zaruriyat yo‘qdek.

Chunki, hukumatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlarga javoban bugun turli darajadagi boshqaruv organlarida, tashkilotlarda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich o‘tish  rejasi ishlab chiqilgan. Jumladan, oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligida ham huquqiy-meʼyoriy hujjatlarning lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida qabul  qilish  amaliyoti joriy etilgan.

Taʼlim muassasalari uchun darslik va o‘quv qo‘llanmalarining lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida nashr etilishi taʼminlanmoqda.

Taʼlim muassasalarining nomlari, tashqi va ichki  yozuvlar, peshlavhalar, targ‘ibot vositalari, reklama va eʼlonlar to‘liq lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tkazilgan.

Ish yuritishda ish qog‘ozlari, turli blanklar lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosichma-bosqich o‘tkazilmoqda va bunday ishlar ko‘p vaqt talab qilmasligi barchamizga ayon.

Biroq, shunday masalalar borki bu maʼlum vaqt va resurslarni talab qiladi. Bunda avvalo milliy alifbo takomillashtirilib, so‘ng yangi alifbo asosida o‘zbek tilining imlo qoidalari ishlab chiqiladi.

Bir tomondan, yangi imlo qoidalarini o‘rganishga mo‘ljallangan uslubiy qo‘llanmalar, imlo lug‘ati, o‘quv lug‘ati, joy nomlari va kishi nomlari lug‘atlarini  tayyorlash, kirill alifbosida chop etilgan va kutubxonalarda saqlanayotgan adabiyotlarni lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidagi elektron ko‘rinishlarini yaratish uchun kamida bir yil vaqt sarflanadi.

Yana bir muhim jihati,  jahon Internet  tizimida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek tilining takomillashtirilishi masalasi turgan bo‘lsa, ikkinchidan, mamlakatimizda yashayotgan fuqarolarning shaxsini tasdiqlovchi guvohnomalar, ID kartalar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxs hamda chet davlat fuqarolarining yashash guvohnomalarini lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida bo‘lishini taʼminlashga qaratilgan tizimli ishlar olib boriladi. Buning uchun tegishli soha xodimlarining malakasi  oshiriladi.

Idora va tashkilotlarda ishlayotgan xodimlarga,  mustaqil o‘rganish istagida bo‘lgan fuqarolarga lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini, yangi imlo qoidalarini o‘rganish bo‘yicha o‘quv kurslari dasturi ishlab chiqiladi. O‘quv kurslari Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek  tili va adabiyoti universiteti huzuridagi davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi va uning 13 ta hududiy bo‘linmalarida tashkil etiladi.

2023-yilning 1-yanvariga qadar  lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tish bo‘yicha yo‘l xaritasida rejalar, uni amalga oshirish mexanizmlari va manbalari aniq belgilangan, barcha resurslar inobatga olingan.

Shunday ekan, mamlakatimiz ijtimoiy hayotida juda katta voqelik sifatida eʼtirof etilayotgan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tishning mohiyatini xalqqa tushuntirishda, targ‘ibot ishlarini olib borishda yurt taqdiriga daxldor bo‘lgan, jamiyatning ilg‘or qatlami hisoblangan faol talaba-yoshlar, taʼlim muassasalarida faoliyat olib borayotgan pedagoglar va har birimiz  oldingi saflarda bo‘lamiz.

Odinaxon Jamoldinova
Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirining maslahatchisi 

09.03.2021 2716