"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

TIL MASALASIDA BAHAMJIHATLIK ZARUR

Maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy “Har bir millatning millat ekanligini ko‘rsatadurg‘on oinai jahoni uning tili va adabiyotidir. Tilni yo‘qotmak, millatni yo‘qotmak demakdir. Til yashasa, millat yashar” degan edi. Darhaqiqat, xalqning o‘z tiliga munosabatidan uning millat sifatida jipslashganini yoki parokanda ekanini bilib olish mumkin.

Rasul Hamzatovning “Mening Dog‘istonim” kitobida taʼsirli bir xotira keltirilgan. Shoir Parij safari chog‘ida asli dog‘istonlik bo‘lgan, lekin fransuz ayoliga uylanib, musofirchilikda umrguzaronlik qilayotgan rassomni uchratadi. Rassom unga “Vatan sog‘inchi” suratini ko‘rsatib, ona yurtiga bo‘lgan muhabbati va sog‘inchini o‘z asarlariga jo qilayotganini aytadi. Shoirning: “Nega vataningga qayta qolmaysan?” degan savoliga javoban: “Endi kech, o‘z vaqtida men Vatandan qaynoq yuragimni olib ketgandim, endi unga keksaygan suyagimni olib qaytamanmi?” deya javob beradi.

Shoir vataniga qaytgach, rassomning keksa onasini va qarindosh-urug‘larini topadi, ularga olis mamlakatda sog‘inch bilan yashayotgan jigarbandlari haqida so‘zlab beradi. Qarindoshlar adashgan o‘g‘il tirik ekanidan suyunib, uni kechirgandek bo‘lishadi.

“Shunda birdan onasi so‘rab qoldi:

– Sizlar avarcha so‘zlashdinglarmi?

– Yo‘q, biz tarjimon yordamida gaplashdik. Men ruscha gapirdim, u fransuzcha.

Ona yuziga qora chodrasini tushirdi, odatda onalar o‘z o‘g‘lining o‘lganini eshitganda shunday qilishadi. Uyning tomiga yomg‘ir tomchilardi. Biz Avaristonda o‘tirardik. Ehtimol, hozir dunyo­ning narigi chetidagi Parij shahrida Dog‘istonning adashgan o‘g‘li ham yomg‘ir tomchilari ovozini tinglayotgandir. Uzoq jimlikdan keyin ona dedi:

– Rasul, sen yanglishibsan, mening o‘g‘lim allaqachon o‘lgan ekan. Agar mening o‘g‘lim hayot bo‘lganida, avar onasi o‘rgatgan tilni unutmagan bo‘lardi”.

1989-yilda qanchadan-qancha kurashlar evaziga til siyosatida erishilgan g‘alabalar va uning taʼsirida maydonga chiqqan tashabbuslar mustaqillikning dastlabki yillarida bir lovulladiyu, keyingi 30 yillikda anchayin turg‘unlik holatiga o‘tdi. Til haqidagi mavzular asosan 21-oktyabr – “Davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilingan kun atrofida dolzarblik kasb etdi.

2023-yildan barcha davlat idoralari va korxonalari, ommaviy axborot vositalarida ish yuritish lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tkaziladi. “kun.uz” jurnalistining Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari A.Qirg‘izboyev bilan ushbu mavzudagi suhbati jarayonida xalq orasida ayrim masalalar yuzasidan kelib chiqayotgan savollarga, muammoli vaziyatlarga javob berildi.

Suhbatda “Davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilinganidan hozirgi kunga qadar  amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi, sohada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, kelgusidagi vazifalar xususida batafsil maʼlumot berildi. Berilgan javoblarni diqqat bilan tinglab, shunday xulosaga kelish mumkin: “Til masalasi va siyosati faqat Davlat tilini rivojlantirish departamenti yoki tilshunos-olimlar ishi emas, uning ravnaqi, sofligi uchun shu tilda so‘zlashuvchi har bir inson kurashishi kerak. Shundagina ko‘zlangan natijaga erishiladi”.

Lotin alifbosiga asoslangan o‘zbek yozuviga o‘tishda alifboni hamda imlo qoidalarini takomillashtirish muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 10-fevraldagi  “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni taʼminlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ning 2-bandida “lotin yozuvidagi o‘zbek alifbosining yangi tahriri asosida “O‘zbek tilining imlo qoidalari”ni tasdiqlash bo‘yicha Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqish” vazifasi belgilangan.

Ko‘p yillardan buyon imlo lug‘atlarida turlicha qayd etib kelinayotgan va bahs-munozaralarga sabab bo‘layotgan sentabr – sentyabr, budjet – byudjet, rejissor – rejissyor kabi so‘zlarning imlosida yagona to‘xtamga kelish, ilmiy jihatdan asoslash tilshunos olimlar oldidagi muhim vazifalardan biridir.

Ona tiliga to‘g‘ri munosabatni shakllantirish, mehr-muhabbat uyg‘otish va savodxonlik haqida gap ketganda bu boradagi eng katta masʼuliyat taʼlim tizimiga tushishini hech kim inkor etmasa kerak. Xalq taʼlimi vazirining 2020-yil 25-fevraldagi “Umumiy o‘rta taʼlim maktablari uchun 2020-2021-o‘quv yiliga mo‘ljallangan tayanch o‘quv rejani tasdiqlash to‘g‘risida”gi 25-son buyrug‘i bilan umumtaʼlim maktablarida ona tili va adabiyot fanlari uchun ajratilgan soatlar keskin qisqartirilgan edi. Bilishimizcha, 2021-2022-o‘quv yili uchun tasdiqlangan o‘quv rejada ham soatlar qisqartirilgan holatda qoldirildi. Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 20-oktabrdagi PF-6084-son Farmonining 2-bandida “2030-yilga qadar umumtaʼlim maktablarida o‘quv yillari uchun tayanch o‘quv rejalarida o‘zbek tili fanini o‘qitish ko‘lamini amaldagi haftada 84 soatdan 110 soatgacha oshirish” vazifasi asosiy yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan. Demak, masʼul vazirlik tomonidan mazkur yo‘nalishdagi ishlar jadallashtirilishi zarur.

“kun.uz” jurnalisti bilan bo‘lgan suhbat ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingach, foydalanuvchilar tomonidan turlicha izohlar qoldirilmoqda va bu munosabatlardan izoh muallifining saviyasi, dunyoqarashi va o‘z ona tiliga hurmati qay darajada ekanligini bilib olish qiyin emas. Ayrim foydalanuvchilarning lotin yozuviga asoslangan o‘zbek yozuviga o‘tish jarayoni cho‘zilib ketganidan norozi bo‘layotganlarini tushunish mumkin, chunki hech qaysi respublikada jarayon bizdagi kabi chorak asrdan ziyod davrga cho‘zilmadi. Departament mudirining lotin yozuviga o‘tish bo‘yicha qatʼiy qaror qabul qilinganligi, bu katta siyosiy iroda talab etishi va jarayonning qanday o‘tishi mamlakatimizning har bir fuqarosiga bog‘liq ekanligi haqidagi fikrlari juda o‘rinlidir.

O‘zbek tilining davlat tili  sifatidagi mavqeyi va nufuzini oshirishda, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tilishida davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlarining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchilari oldida ham ulkan va masʼuliyatli vazifalar turibdi. Zero, har bir davlat idorasi yoki tashkilotda, qolaversa, keng xalq ommasi orasida qo‘yilgan vazifalar ijrosini sifatli taʼminlash maslahatchilardan katta mehnat, izlanish va fidoyilik talab etadi.

Xulosa shuki, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqeyi va nufuzini oshirish, jamiyatning barcha sohalariga lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish o‘ta muhim, kechiktirib bo‘lmaydigan va dolzarb masala. Yaqin o‘tmishdagi xatolardan saboq chiqarish, qo‘sh alifbochilikka barham berish, savodxonlikka erishish, sohada islohotlarini o‘tkazish orqali ona tilimizni rivojlantirish har birimizning fuqarolik burchimizdir.

 

Shahnoza Ergasheva,

“O‘zkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi maslahatchisi,

filologiya fanlari nomzodi

11.03.2021 3189