"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

DAVLAT TILINI O‘QITISHDA FINLYANDIYA TAJRIBASI

Prezidentimizning o‘tgan yili 6-noyabrdagi taʼlim tizimini isloh qilishga doir farmon va qarorlarida Finlyandiya tajribasini o‘rganish masalasi tegishli idoralar, jumladan, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi oldiga vazifa sifatida qo‘yilgan edi. Shunga ko‘ra mazkur davlat tajribasi o‘rganilmoqda.

Keyingi yillarda ona tilimizni asrab avaylash, davlat tili sifatidagi maqomini ko‘tarish, jahon miqyosida o‘rganilishini rag‘batlantirish va targ‘ibotini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu saʼy-harakatlar zimmamimizga mamlakatimizdagi taʼlim muassasalarida o‘zbek tilini o‘qitish samaradorligini oshirish masʼuliyatini yuklamoqda. Bu borada ham ilg‘or xorijiy davlatlar, xususan, Finlyandiya tajribasi o‘rganilyapti.

Ayni paytda mazkur mamlakatdagi 2341 ta maktabda 560 ming nafar o‘quvchi tahsil olyapti. Finlyandiya maktablari o‘quv rejasiga ko‘ra, to‘qqiz yillik haftalik umumiy yuklama 233 soat. Bu ko‘rsatkich O‘zbekistonda 246 soatni tashkil etadi. Finlar shundan 42 soatini ona tili va adabiyot faniga ajratadi. Mamlakatimizda ona tili va adabiyot fanining ulushi 2018-yilda 61 soatni tashkil etgan, 2021-yilda esa 51 soatga tushgan.

Ammo o‘zbek tili (davlat tili)ning ulushi 2018-yildagi 16 soatdan bu yil 21 soatga ko‘tarilgan. Bu mamlakatimizda taʼlim o‘zbek tilidan boshqa tilda olib borilayotgan maktablarda davlat tilini o‘qitishga eʼtibor kuchaytirilganidan dalolat beradi.

Xuddi shunday ko‘rsatkichlar, yaʼni ona tili va adabiyoti fanining boshqa barcha fanlarga nisbatan ulushi Germaniyada 13,4 foiz, Janubiy Koreyada 17,8 foiz, Yaponiyada 19,1 foiz, Rossiyada 17,5 foiz, Belarusda 13,4 foizni tashkil etishi kuzatildi.

Finlyandiya maktablarida ona tili sifatida fin, shved, sami, sigan tili o‘qitiladi. Mamlakatda ikkita davlat tili mavjud. Ona tili fin tili bo‘lganlar shved tilini, ona tili shved tili bo‘lganlar fin tilini davlat tili sifatida o‘rganadi. Ona tili sami yoki sigan, rus tili bo‘lganlar ham fin yoki shved tilini o‘rganishadi.

Mamlakatimizda umumiy o‘rta taʼlimning yangidan ishlab chiqilayotgan Milliy o‘quv dasturida “Til va adabiyot fanlari ona tili, adabiyot, o‘zbek tili (taʼlim boshqa tillarda olib boriladigan maktablar uchun), qardosh tillar (qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman), rus tili (taʼlim rus va o‘zbek tilida olib boriladigan maktablar uchun) o‘quv predmetlarini qamrab oladi hamda ularning o‘zaro aloqadorligini taʼminlaydi”, deb qayd etilgan.

Bugungi kunda umumiy o‘rta taʼlim maktablarida taʼlim yetti tilda olib boriladi. Jumladan, 2 ming 69 ta maktabda taʼlim rus, qoraqalpoq, qozoq, tojik, turkman, qirg‘iz tillarida olib boriladi va har bir millat vakillari uchun millatlararo bag‘rikenglik tamoyili asosida zarur sharoitlar yaratilgan. O‘quv jarayoni o‘quvchilarning o‘z ona tilida tashkil etilgan va ushbu maktablarning har birida barcha fanlardan darslik va o‘quv metodik adabiyotlar mavjud.

Fin taʼlim tizimida o‘quvchilarning til o‘rganish qobiliyatini rivojlantirish bolalikdan boshlanadi va hayot mobaynida davom etadi. Bu jarayon uyda, maktabda va maktabdan tashqari vaqtlarda rivojlantiriladi. Maktabda til o‘qitishning asosiy prinsipi turli vaziyatlarda tildan foydalanishga o‘rgatish hisoblanadi.

Birinchi-ikkinchi sinflarda ona tili va adabiyotni o‘qitishda o‘quvchilarning individual qobiliyatini hisobga olgan holda ongli yondashish, o‘zini namoyon qilish va muloqot layoqatini, shuningdek, tinglash, gapirish, o‘qish va yozish qobiliyatini rivojlantirish alohida vazifa hisoblanadi.

Uchinchi–oltinchi sinflarda fanning o‘ziga xos maqsadi o‘quvchilarni o‘zini namoyon qilish, o‘zaro taʼsir o‘tkazish, o‘qish va yozish qobiliyatini oshirishga qaratiladi. Bundan tashqari, ushbu bosqichda matn janrlari doirasi kengayadi. O‘quvchilarga ko‘proq turli matnlarni talqin va tahlil qilish, tuzish va baholash ko‘nikmalari o‘rgatiladi. Bolalar tanlagan qiziqarli kitoblar va boshqa multimediali matnlar o‘quv jarayonida qo‘llanadi. O‘quvchilar o‘qish orqali dunyoqarashini kengaytiradi. Maktabdan tashqari madaniy va multimedia xilma-xilligi orqali ona tili va adabiyotini o‘rganish imkoniyatidan keng foydalaniladi.

O‘zbekistonda esa o‘quvchiga tilni o‘qitish orqali u bo‘yicha egallanadigan nutqiy faoliyat turlari: tinglab tushunish, gapirish, o‘qish va yozish amallarini har bir sinfda o‘rgatish, mustaqil fikr almasha olish, eshitilgan matnni idrok etish, yozma manbalarni o‘qish orqali axborot olish, voqea-hodisalarga o‘z munosabatini bildirish malakasini egallash dinamikasi nazarda tutiladi.

Adabiyot — so‘z sanʼati. Shu sababli ona tilini puxta o‘zlashtirmasdan turib, adabiyotning go‘zalligi va qudratini anglab bo‘lmaydi. Ona tili va adabiyot fani darslari mazmuni o‘quvchida so‘zga qiziqish va eʼtibor hissini muntazam o‘stirib borishdan, ularga so‘zning ahamiyati, turli matnlarda tutgan o‘rnini tushuntirishdan iborat.

O‘zbekiston Milliy o‘quv dasturida maktab bitiruvchilarida til va adabiyot fanlari bo‘yicha rivojlantiriladigan umumiy kompetensiyalar belgilanmoqda. Ularni nutqiy (og‘zaki va yozma nutq malakasi, o‘qish va tushunish, tinglab tushunish) hamda lingvistik kompetensiyalar (lingvistik malaka: fonetika, imlo, leksikologiya, morfologiya, sintaksis) orqali shakllantirish ko‘zda tutilgan.

Finlyandiya maktablarida o‘quvchilarning til ko‘nikmalari va milliy madaniyati hisobga olinadi. Maktab boshqa ona tilida so‘zlashadigan va boshqa madaniyatga mansub bo‘lgan o‘quvchilar uchun o‘rganish hamda muloqot qilish imkoniyatini yaratishi kerak. O‘qituvchilar o‘z fani bo‘yicha fin va shved tilida dars bera olishi lozim. Barcha ko‘rsatmalar umumiy o‘rta taʼlim uchun o‘quv dasturida belgilangan muddao va tamoyillarga muvofiq bo‘lishi ko‘zda tutiladi. Maqsad o‘quvchilarni turli til va madaniyatlarni qadrlashga o‘rgatish, ikki va ko‘p tillilikni targ‘ib qilish va shu orqali o‘quvchilarning lingvistik bilimlari va metalingvistik ko‘nikmalarini mustahkamlashdan iborat.

Yana bir holat borki, muayyan sinf yoki maktabda taʼlim qaysi tilda olib borilishi taʼlim to‘g‘risidagi qonun doirasida, taʼlim oluvchilar va ularning ota-onalari qarorlari asosida belgilanadi Biroq zarurat bo‘lsa, ona tili va adabiyot bo‘yicha darslar hukumat qaroriga muvofiq birlashtirilishi mumkin. Bunday holda o‘qituvchilar umumiy o‘qitiladigan barcha fanlarning kamida yarmini ona tili sifatida belgilangan tilda o‘tishi kerak. Bu jarayonda oila va maktab o‘rtasidagi o‘zaro kelishuvga amal qilinadi.

Ingliz, nemis, fransuz va boshqa tillarni chet tili sifatida o‘rganish o‘quvchilarda ko‘p tillilik, savodxonlik kompetensiyalarini shakllantiradi. Mutaxassislarning fikricha, fin tilini juda kam davlatlarda tushunishadi. Shuning uchun finlar dunyo aholisi muloqot qiladigan asosiy chet tillarni yuqori darajada o‘rganishni maqsad qilgan. Qolaversa, turli tillarda so‘zlashish qobiliyati fanlararo integratsiyani mustahkamlashga yordam beradi.

 

Abdurahim NOSIROV,

Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi

boshlig‘i maslahatchisi, filologiya fanlari doktori

"Yangi O'zbekiston" gazetasidan olindi

12.03.2021 3964