"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

MAʼNAVIY YUKSAKLIKKA ELTUVCHI NARVON

Sir emaski, o‘zbek yozuvi yillar davomida ko‘p bor isloh qilingan. Aynan 1929-1940-yillar mobaynida lotin alifbosida bo‘lib, 1940-yildan kirill alifbosiga o‘tilgan edi. 1993-yildan yana lotin alifbosi asosidagi yangi o‘zbek yozuvi joriy etildi. Ming afsuski, 1993-yildan to bugungi kunga qadar “ikki yozuv egasi” bo‘lib kelayotgan edik. Xayriyatki, joriy yil 10-fevralda “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining 61-sonli qarori va “Yo‘l xaritasi”da uzoq davom etgan ikkiyozuvlilikka uzil-kesil barham berish fursati qat’iy belgilandi. 

Shu kunlarda hukumatimiz tomonidan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonun loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi. Ayni damda mazkur loyiha yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda turli munosabatlar bildirilmoqda. Bu jarayonni bir ovozdan qo‘llab-quvvatlab turgan vatandoshlarimiz ko‘p ming sonli. Afsuski, “bugun shu ish shartmidi?” deb yozg‘irayotganlar ham yo‘q emas. Aynan mana shu savol kayfiyatida bo‘lganlarga “ha, shart!” degan qat’iy javobni berishga majburmiz.

Har bir harakatga tugal xulosa yasash uchun uning avvaliga e’tibor qaratiladi. Farzandlarimiz tahsili, tarbiyasi uchun ham dastlab qo‘llariga “Alifbe” kitobini tutqazamiz-ku axir. Demak, til va alifbo masalasi shu qadar jiddiy va o‘zligimiz avvali hisoblansa, ne ajab?!

Bundan salkam yuz yil oldin – 1922-yilda maʼrifatparvar pedagog Shokirjon Rahimiy shunday degan edi: “Har qaysi ulus adabiyotining tugallashmasi shu ulus til va yozuvining tartiblik va yo‘sunlik bo‘lishiga bog‘liqdir. Tartibsiz va qoidasiz til, yozuv bo‘yicha tuzilgan adabiyotning bir kunmas bir kun bitishiga hech gumon yo‘qdir. Til jon bo‘lsa, yozuv uning badanidir. Sog‘ bo‘lmag‘on bir tanda jonning yashamog‘i qiyindir. Bizning yozuvimiz kasal. Buning ilojiga tezdan kirishilmasa, ish xavflidir”. Bir asr avvalida bayon qilingan bu so‘zlar bugunimiz yukini ham ortmoqlab olganday go‘yo.

 Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlardagi turlicha munosabatlarda “shoshma-shosharlik yaramaydi”, “endi muammo ustiga muammo kelib chiqaveradi”, “kirillda qolaverishimiz kerak edi”, “savodsizlik badtar avj olishi mumkin” qabilidagi gap-so‘zlarni ham uchratyapmiz. Shu singari fikr egalariga “xotirjam bo‘ling, hammasi joyiga tushadi” degan birgina javobimiz bor!

Аmaldagi alifbomizda chindan ham murakkablik holatlari mavjud ekanligini bizdan ko‘ra o‘qituvchilarimiz ko‘proq his qilishadi, nazarimda. Xo‘p desangiz, birgina holatni shundoq ko‘z o‘ngingizda gavdalantirishga harakat qilib koraman. Tasavvur qilingki, boshlangich sinf darsida “ch” harfi organilyapti. Bir tovushni ifodalovchi bu ikki harf birikmasini doskaga yozamiz. Аfsuski, “c” belgisi bizning alifbomizda yo‘q. Xo‘sh, endi bu belgini (shu asnoda) nima deb ataymiz? Mavjud “h” harfi oldiga nomsiz belgi”ni qo‘shib qoyamiz, deymizmi?! Аxir alifbodagi har bir belgining nomi bo‘lishi kerak emasmi, aslini olganda?!

Xullas, aytadigan bo‘lsak, gap ko‘p. Men bir harf borasidagi birgina noqulaylikni aytib turibman, xolos. Аmaldagi alifbomizning bu singari boshqa noqulay jihatlari matbuotda, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama etib kelinmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, yozuv masalasi nafaqat til va nutqning shakliy ifodasi, balki davlat boshqaruvida ham o‘ta muhim ahamiyat kasb etuvchi dastur hisoblanadi. Jamiyat boshqaruvi va rivojida mukammal yozuvning ahamiyati beqiyos. Shuningdek, yozuv kelajak avlodning bilimi, tafakkuri hamda milliy maʼnaviyatiga o‘ta jiddiy taʼsir o‘tkazadi. Shu maʼnoda, alifboning takomili, barcha uchun qulayligi, mavjud tovushlarni imkon qadar qamrab olishi va albatta, millat tilining barcha xususiyatlariga mos bo‘lishi oldida boshqa masalalar ikkilamchi ekanligi shubhasiz.

Tan olib aytishimiz kerak, isloh qilish jarayonining maʼlum maʼnoda murakkablik tomonlari ham yo‘q emas, biroq “chumchuqdan qo‘rqib, tariq ekmay” o‘tiravermaymiz-ku axir?!

Har qanday muammoli vaziyat bir kun kelib o‘z yechimini topishi muqarrar. Eng muhimi, har birimiz o‘z farzandlarimizning yetuk inson bo‘lib voyaga yetishini astoydil istaymiz. Shunday ekan, avlodlarimizni maʼnaviy yuksaklikka eltuvchi narvon vazifasini o‘taydigan milliy alifbomizning ishonchli va mustahkam, shu bilan birga benuqson bo‘lishi naqadar huzurbaxsh, aziz yurtdoshim!

 

 

Orif TOXTASHEV,

Ozbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir,

“Ozbekiston MET” AJ boshqaruvi raisi maslahatchisi

17.03.2021 3237