"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Maqsad aniq, endi ortga yo‘l yo‘q

Islohotlar hech qachon oson kechmagan. Bundan to‘rt yil avval mamlakatimiz hayotida boshlangan yangilanishlar jarayoni ham ko‘plab sohada yig‘ilib qolgan muammolarni hal etish uchun juda katta kuch, mehnat, iroda hamda qatʼiyat zarurligini yaqqol ko‘rsatdi. Masalan, uzoq vaqtdan buyon yechilmay kelayotgan, hamisha bahs-munozaraga sabab bo‘lgan og‘riqli masalalarimizdan biri — bu mamlakatimizda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tish bilan bog‘liq.

2000-yilda kirill yozuvidan voz kechib, lotin yozuviga o‘tishimiz kerak edi, o‘tolmadik. Keyinchalik bu muddat 2005-yilga cho‘zildi, yana o‘tolmadik. 2010-yil dedik, baribir amaliy natija kutilganidek bo‘lmadi. Shu bois ham aholida ishonch susaydi, turli eʼtirozli fikrlar ko‘paydi. Aslida qachonlardir boshlangan islohot yakuniga yetkazilmagani uchun bunday munosabat yuzaga kelishi tabiiy edi. Chunki qadam tashlab qo‘yilgan, ammo borar manzilimizni aniq bilmayotgandik. Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri, professor Abdug‘affor Qirg‘izboyev “Kun.uz” muxbiriga bergan intervyusida buning sababini o‘sha paytdagi kechikkan tayyorgarlik, ziyolilarning sustkashliklari va masʼuliyatsizligi bilan izohladi.

O‘z navbatida, tilimizni rivojlantirishga bevosita masʼul bo‘lgan davlat organi rahbari juda ko‘pchilikni o‘ylantirayotgan savollarga ham aniq javoblar berdi. Intervyuni ko‘rgan kishi, albatta, davlat tili bilan bog‘liq bugungi siyosatning mazmun-mohiyatini yanada kengroq anglab yetadi.

Ochig‘ini aytish kerak, “lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga, mana, endi qatʼiy o‘tamiz”, degan fikrlar yangrayotganda, ayrimlar hamon bunga ishonmay qarayapti. Baʼzi birlar esa “nega endi 2023-yilning 1-yanvaridan, hozir o‘tib qo‘ya qolsak bo‘lmaydimi?”, degan fikrni bildiryapti. Ikki xil qarash mavjudligini ham to‘g‘ri tushunish mumkin. Birinchisi, yuqorida keltirilganidek, avvalgi kechikishlar va muddatlarning o‘zgarishi taʼsiri bo‘lsa, ikkinchi toifadagi munosabatlar shuncha muddat o‘tdi, nima uchun yana ikki yil kutamiz, degan o‘rinli savolning yuzaga kelganidir.

A.Qirg‘izboyev taʼkidlaganidek, shuncha yil ortda qolgani bilan lotin yozuviga o‘tish bo‘yicha puxta hozirlik ko‘rilmagan. Tayyorgarliksiz esa yangi alifboga o‘tish yana ortga surilib boraveradi. Shuning uchun ham mana shu ikki yil  (1 yilu 7 oy qoldi) ichida qilinadigan aniq vazifalar belgilab olindi. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevraldagi 61-son qarori asosida qabul qilingan “Yo‘l xaritasi”da tegishli hujjatlar ishlab chiqish, dasturiy taʼminotlar yaratish, o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etish, taʼlim muassasalari uchun o‘quv qo‘llanmalari va boshqa adabiyotlar nashr qilish, maktabgacha yoshdagi bolalarning lotin alifbosi bo‘yicha savodxonligini shakllantirish, lug‘atlar tayyorlash, kutubxonalarni lotin yozuvidagi kitoblar bilan boyitib borish, ish qog‘ozlari, joy nomlarining lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida yozilishini taʼminlash, qo‘yingki, barcha jihatlar qamrab olingan. Ularning amalga oshirilish jarayonining aniq muddati va bosqichlari, mexanizmlari ham belgilab qo‘yilgan. Shu bois “lotin yozuviga o‘tilsa, biz nima qilamiz?” deya hali-hamon ikkilanish va xavotir aralash fikrda yurganlar ham, o‘ylaymizki, ushbu muddat ichida bu jarayonga tayyor bo‘lib boradi.

Intervyuda bir jihatga alohida urg‘u berilganidek, til bilan bog‘liq vazifalarni amalga oshirish, tilimizni asrab-avaylash, himoya qilish faqatgina Departamentning ishi emas. Bu mamlakat ziyolilari — olimlar, yozuvchi-shoirlar, sanʼatkorlar, umuman, o‘zini shu millat vakili, deb bilgan har bir vatanparvarning ishidir. Bu — juda o‘rinli fikr. Zero, ulug‘ shoirimiz Erkin Vohidov ham til uchun xalq kurashishi kerak, deya taʼkidlagan edi.

Shunday ekan, hamma bir yoqadan bosh chiqarsa, hamjihat bo‘lsa, albatta, ko‘zlangan marralarga erishiladi. Maqsad aniq, endi ortga yo‘l yo‘q.


Shavkat ORTIQOV,

Investitsiyalar va tashqi savdo

vazirining maslahatchisi

18.03.2021 3081