"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Yangi tahrirdagi alifboga munosabat

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamentining rasmiy sahifasida departament tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi yuzasidan munosabat bildirildi. Aslida, ushbu qonun loyihasi regulation.gov.uz saytida e’lon qilingan kundan boshlab turli xil munozaralarga sabab bo‘lib kelayotgan edi. Bu esa o‘z o‘rnida xalqimizning o‘zbek milliy alifbosiga bo‘lgan hurmati va e’tiboridan dalolat beradi.

Alifbo odatiy va katta ahamiyatga ega bo‘lgan hodisa sanaladi. Kundalik hayotimizda alifbodan ko‘p foydalanamiz, ma’lumot olamiz va ma’lumot tarqatamiz. Bu amallardan ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar yosh-u qari bir xilda foydalanadi. Shu bilan bir qatorda, davlat tilini ifodalovchi yozuvimizni (alifbomizni) davlat siyosati darajasiga ko‘targanmiz. Bu yaxshi, albatta, yozuv va uni ifodalovchi alifbo hamma zamonlarda ma’lumotlarni kelajak avlodlarga yetkazuvchi vosita sifatida foydalanilgan. Avlodlar ilmiy, tarixiy, publitsistik asarlarni o‘z davri olimlari yozgandek anglashi uchun bitta alifbo bo‘lishi maqsadga muvofiq. Lekin o‘zbek milliy alifbosi ko‘p siyosiy-ijtimoiy ta’sirlarga uchragan holda bir necha bor o‘zgardi va hozirda foydalanish jarayonida uch avlod o‘rtasida qiyichiliklar tug‘dirmoqda.

Har bir sohada bo‘lgani singari yozuvda ham mukammallikka hamda yakdillikka erishish munozara va muhokamalarsiz bo‘lmaydi. Ushbu qaror loyihasi ijtimoiy xabarnomalarda e’lon qilingan kundan boshlab, nafaqat, mamlakatimizda yashovchi fuqarolar tomonidan, balki butun dunyoga tarqalgan o‘zbek vatandoshlarimiz tomonidan qizg‘in kutib olindi. Qaror loyihasida keltirilgan o‘zbek tiliga asoslangan alifboga berilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar, aslida, biz – foydalanuvchilarga yengillik yaratish maqsadida tayyorlangan. Bizningcha, alifbodagi to‘rtta xarfning shaklan qisqarishi va o‘zgarishi katta muammo emas. Ayrim mulohazalarda bu o‘zgarish “pashshadan fil yasagandek” taassurot uyg‘otadi. “Alifboda tushunib bo‘lmas o‘zgarishlar sodir bo‘lmayapti, yosh avlod tez o‘rganib olish qobiliyatiga ega”, deb mutaxassislar tomonidan bot-bot tushuntirishlar berilyapti.

Pedagogik nuqtayi nazardan, maktabgacha yoshdagi bolalar kelajak hayoti davomida qo‘llay oladigan ma’lumotlarni 6-7 yoshgacha oladi. Ta’lim-tarbiya jarayonida maktabgacha yoshdagi bolalarga berilayotgan har bir yangi ma’lumotga katta mas’uliyat bilan yondashish kerak. Ularning e’tiborini jalb qiladigan lavhalar, didaktik tarqatma materiallar imlo qoidalariga rioya etilgan holda to‘g‘ri yozilgan bo‘lishi zarur. Sababi ular ko‘rib – eslab qolish qobiliyatiga ega bo‘lib, maktabga tayyorlov guruhi bolalari ilk bora ta’lim-tarbiya jarayonida alifbodagi harflar bilan tanishadilar. Harflarning talaffuzi, bosma shaklda qanday yozilishini o‘rganadilar. Bog‘chalarda yangi tahrirdagi alifbo bilan bolajonlarni tanishtirish qiyinchilik tug‘dirmaydi. Aynan yangi tahrirdagi o‘zbek tiliga asoslangan alifboni maktabgacha ta’limdan boshlanishi bo‘lajak yosh avlodning savodli bo‘lib yetishishiga sabab bo‘ladi.

Biz O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan o‘zbek tilining rivoji va ommalashuvi yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarni to‘laqonli qo‘llab-quvvatlaymiz.

 

K. Riskulova,

Maktabgacha ta’lim vazirining maslahatchisi

29.03.2021 3235