"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

“X” xatolarni anglashni, “h” esa himmatni o‘rgatadi

Bugun davlat tili haqida ko‘p gapirilmoqda. Bu bejiz emas. Chunki har bir davlat, xalq o‘z tili bilan tirikdir. Tilga e'tibor xalq va davlatga, unda yashayotgan insonlarning ma'naviyati-ma'rifatiga e'tibordir.

Sir emaski, hozirgi taraqqiyot, yuksak fan-texnika va texnologiyalar asrida tilimizga qator yangi so‘z va atamalar kirib kelmoqda. Bu tabiiy hol. Negaki, til ham doimiy rivojlanish, yangilanish jarayonlarini boshidan kechiradi. Ayrim yangi so‘z va iboralar paydo bo‘lsa, ayrim hollarda ba'zilari tobora iste'moldan chiqib boradi...

Ayni hol muammo emas, muammo shundaki, bugun ko‘pchiligimiz davlat tiliga yuqori e'tibor bilan qaramayapmiz. Davlat tilida ish yuritishni-ku qo‘yaturaylik, oddiygina so‘zlashuvda, ya'ni og‘zaki nutqimizda ruscha yoki boshqa tillardagi so‘zlarni ishlatayotganligimiz, o‘z ona tilimizga bepisandlarcha munosabatda bo‘layotganligimiz, albatta, achinarli hol. Og‘zaki nutqimizda bugun “zato”, “daje”, “vobshe”, “vsyo”, “oroche” va yana qator so‘zlarni hech bir xijolatsiz, xotirjam (xuddiki bu so‘zlar o‘zbekchadek!) ishlatish, to‘g‘risi, ko‘pchiligimiz uchun odat tusiga kirgan. Bugun ularning orasiga boshqa tillardan kirgan so‘zlar ham qo‘shilmoqda. “Vip”, “burger”, “pissa”, “karcher”, “grill”, “lavash” va boshqa so‘zlarni misol qilish mumkin.

To‘g‘ri, davlat tilini majburlab yoki sun'iy holatda «sof»lashtirishga urinish, bu – mantiqsizlik. Bir narsaga e'tiborli bo‘lishimiz kerak: so‘zlashuvda ham, yozma nutqimizda ham chet tilidan kirgan so‘zlarning chiroyli, asoslangan, ma'naviyatimizga mos shakldagi muqobili bormi? Avvalo, shu haqda o‘ylab ko‘rishimiz kerak. Agar bor bo‘lsa, uni iste'molda faol qo‘llashga urinishimiz zarur. Ehtimol «vip» so‘zining o‘rniga tekin, bepul, uzluksiz so‘zlarini ishlatish mumkindir (!). Biroq ba'zida matnda bu ma'nolar o‘zaro maqbul kelmasligi ham mumkin.

Kezi kelganda, aytish kerakki, bugun og‘zaki nutqimizda «qutqaruvchi» so‘zidan ko‘ra, «spasatel» so‘zini ishlatish ko‘proq kuzatiladi yoki qaerdadir favqulodda vaziyat yuzaga kelgan deylik. Nima bo‘libdi, deya savol berilsa, darrov “ЧС” degan javobni eshitamiz. “ЧС” bu – “чрезвычайная ситуация”. O‘zbekchasi – favqulodda vaziyat. Bundan tashqari, muhofaza so‘zini og‘zaki iste'molda zashita, mudofaa so‘zini esa oboron(a) deya aytish odatga aylangan...

Ish vaqtida deyarli har kuni «g‘aroyib»ligi o‘zimizga sezilmaydigan so‘zlarni ishlatamiz:

– Dokumentlarni qayerga qo‘ydingiz?

– «Rabochiy stol»da.

– Udalit qilmadingizmi?

– Yo‘q, birinchi papkaga soxranit qilib qo‘ydim.

– Yaxshi, unda pechat qilsam bo‘larkan...

Bu taxlit muloqotlarning oxiri tugamaydi.

So‘zlashuvda qancha muammo bor. Endi bu yog‘idan kelsangiz, yozma nutqimizda bundan battar holatlarga duch kelamiz. Ko‘chalarda yozilgan peshlavha va matnlardagi yozuvlarda lotin va kirill alifbolarining qorishib ketganligi, ta`bir joiz bo‘lsa, “h” bilan “x”ning deyarli “yo‘q” bo‘lib, “bitta harf”ga aylanib qolganligi (!), davlat tilidan ko‘ra, boshqa tillarning reklama, e'lon va e'tibor markazidan joy olganligi kishini hayron qoldiradi.

Kulgili bo‘lsa ham aytamiz. Bir kuni yoshlardan biri “arz” qilib qoldi:

– Shu “x” bilan “h”ni bitta qilib yuborsa bo‘lmaydimi?! Ajratguncha odam qiynalib ketadi!

Hazilga biz ham hazil qildik:

– Aka-ukani bitta nom bilan atash mumkinmi?

– Yo‘g‘-a! - javob berdi hamsuhbat.

– Ko‘rdingizmi? Bular ham aka-uka. Avval birinchisi tug‘ilgan, keyin ikkinchisi. Ularni qanday qilib, bitta nom bilan atash mumkin?!

Yengil kulishdik. Keyin esa “x” va “h” undoshlari, ularning hosil bo‘lish o‘rni, usullari, xususiyatlari haqida “shogird”ga ozgina dars o‘tdik...

Suhbatdoshning aqli chiroqdek yorishdi:

– Endi tushundim...

Shu o‘rinda bizning xotiramizga ham ajib chizgilar keldi: “x” xatolarni anglashni, “h” esa himmatni o‘rgatadi. Shunday ekan, tilimizda yo‘l qo‘yayotgan xatolarimizni tuzatib, davlat tilini rivojlantirish yo‘lida himmat ko‘rsataylik!

Bir qarashda nutqimizdagi bu aralash-quralash holatlar oddiy yoki arzimasdek tuyular. Ammo na o‘zbekcha, na ruscha bo‘lgan bunday so‘zlashuv shakli bora-bora farzandlarimiz, kelajak avlod nutqida shakllansa, buni tuzatish g‘oyat og‘ir kechadi...

Shuning uchun hozirdanoq o‘zimizda, oila a'zolarimizda ona tiliga hurmatni oshirish, ona tilida chiroyli, ravon, nafosat bilan so‘zlash madaniyatini shakllantirish sari bel bog‘lashimiz zarur.

Zero, ona tiliga hurmat – Vatanga, xalqqa, jamiyatga bo‘lgan hurmatdir.


Bahodir Valiyev,

Favqulodda vaziyatlar vaziri

maslahatchisi


16.06.2020 3325