"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Tashqi yozuv va peshlavhalar: davlat tiliga e’tibor vijdon ishiga aylanishi kerak

Sir emaski, bugun davlat tiliga e’tibor, o‘zbek tilini rivojlantirish, uning davlat tili sifatidagi nufuzi va maqomini oshirish bilan bog‘liq tarixiy islohotlar davrida yashamoqdamiz. Ushbu ezgu amaliy sa’y-harakatlarning, avvalo, muhtaram Yurtboshimiz tomonidan dadil boshlab berilganligi, bugun davlat tiliga e’tiborning tobora yuksalib borayotganligini alohida qayd etish joiz.

Ta’bir joiz bo‘lsa, tashqi yozuv va peshlavhalarni hayotimizda kechayotgan yorqin islohotlarning ko‘zgusi deyish mumkin. Ammo ming taassufki, ushbu ko‘zgu yillar davomidagi e’tiborsizlik oqibatida anchayin xira tortdi. Ya’nikim, tashqi yozuvlar, peshlavhalar, reklama va axborot matnlari aralash-quralash tilda, o‘zbilarmonlik bilan yoziladigan bo‘ldi. Yaxshilab razm solinsa, shahar va ko‘chalarni yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorinlar kabi turli shaklda yozilgan, imloviy xatolarga to‘la lavha va matnlar egallab oldi.

Shuning uchun ham hozirda shahar markaziy ko‘chalaridagi tashqi yozuvlar, peshlavhalar hamda reklama matnlarini davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiqlashtirish borasidagi sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Albatta, bu jarayonda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamentining hissasi katta bo‘lmoqda.

Vazirlik, idoralar, shuningdek, tuman hokimlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchilari o‘zaro bir yoqadan bosh chiqarib, tegishli xizmatlar xodimlarini jalb qilgan holda, poytaxtimiz tumanlarida tashqi yozuv, peshlavhalar reklama va axborot matnlarini o‘rganish, bu borada aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish, tadbirkorlarga amaliy yordam ko‘rsatish tadbirlarini olib bormoqdalar. Jumladan, Favqulodda vaziyatlar vaziri maslahatchisi va Toshkent shahar Bektemir tumani hokimi maslahatchisi tomonidan tumandagi barcha aloqador xizmatlar mas’ul xodimlari bilan birgalikda markaziy ko‘chalardagi tashqi yozuvlar va peshlavhalarni davlat tili talablariga moslash, bu borada tadbirkorlarga zarur tavsiyalar berish, davlat tili talablariga muvofiq kelmagan peshlavhalarni yangilariga almashtirish bilan bog‘liq amaliy tadbirlar tashkillashtirilmoqda.

Bu kabi tadbirlarni amalga oshirishdan maqsad – kimningdir reklamasini joyidan yulib tashlash, unga zarar yetkazish emas, balki tadbirkorga reklama xizmatini tashkil qilishda qulaylik yaratish, uni davlat tilida ish yuritishga o‘rgatish va bu borada yaqindan yordam berishdan iboratdir.

Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim fuqarolar tomonidan ushbu islohotlarni noto‘g‘ri tushunish, tadbirkorning mulkiga shikast yetkazish o‘rnida talqin qilish holatlari kuzatilmoqda. Aslida esa hech bir tadbirkorga ziyon yetkazilayotgani yo‘q, aksincha markaz joylarda noqonuniy holda qurilgan va shahar husnini buzib turgan reklama konstruksiyalari bartaraf qilinmoqda.

Keling, xolisona o‘ylab ko‘raylik. Qanaqadir reklama, e’lon matni yoki peshlavhani istagan joyga, istagan ko‘rinishda, xohlagan tilda yozib, joylashtirib tashlash kimga kerak?.. Axir biz azaldan o‘z qadriyatlari, urf-odatlari, odob-axloq, uyat-andisha, hurmat-tavoze’ deb atalgan ulug‘ insoniy tuyg‘ularga ega xalqmiz. Bundan tashqari, xalqimizda shahar – bedarvoza emas, degan dono naql bor...

Bizning joylashtirgan qaysidir yozuvimiz, e’lon yoki lavhamiz nafaqat o‘z yurtimiz, balki boshqa yurtlardan kelgan sayyoh – mehmonlarning e’tiborini ham tortishini unutmasligimiz kerak. Shunday ekan, tashqi yozuv va e’lonlarni yozayotganimizda, avvalo, davlat tili talablariga e’tibor qaratishimiz, matnlarni xatosiz yozdirishimiz, bu ishni amalga oshirishda yonimizga filolog mutaxassislarni jalb qilishimiz, matn yaratuvchilardan ham, o‘z navbatida, savodxonlikni talab qilishimiz maqsadga muvofiqdir. Chunki xato yozilgan e’lonning tadbirkorga ikki karra qimmatga tushishi aniq gap...

Xalq ichiga kirib borganing sari shuni anglaysan kishi: inson toki o‘zi tug‘ilib o‘sgan, yashayotgan vatani, xalqi, o‘zi so‘zlayotgan ona tili bilan faxrlanish, iftixor hissini yurak-yurakdan tuymas ekan, unga hech qanday so‘z, chora ta’sir ko‘rsata olmaydi.

Taassufki, o‘rganish va amaliy yordam ko‘rsatish jarayonlarida ayrim fuqarolarimizning davlat tiliga nisbatan anchayin sayoz, beparvo, hissiz munosabatlariga ham guvoh bo‘lmoqdamiz. Shukrki, ko‘pchilik yurtdoshlarimiz, tadbirkorlarimiz bu boradagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab, bildirilgan tavsiyalarni quloqqa olib, o‘zlariga tegishli binolardagi peshlavhalarni talab darajasiga keltirmoqdalar.

Xulosa shuki, davlat tiliga e’tibor tuyg‘usi qon-qonimizga singib ketmog‘i, ona tiliga hurmat – ona Vatan, xalq, tug‘ilgan go‘shaga nisbatan cheksiz mehru muhabbatga omuxta bo‘lishi zarur. Buning uchun esa farzandlar tarbiyasida ona tilining o‘rni beqiyos bo‘lishi lozim. Ana shundagina davlat tiliga e’tibor haqiqiy burch, qalb amri va vijdon ishiga aylanadi!


Bahodir Valiyev,
Favqulodda vaziyatlar vazirining maslahatchisi


Oybek Sapayev,

Bektemir tumani hokimining maslahatchisi


"uza.uz" saytidan olindi

14.04.2021 3210