"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Inomjon Azimov: Millat kelajagiga beparvo boʻlmang, muhtaram deputatlarimiz!

“Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi Alisher Qodirovning mulohazalarini oʻqib, toʻgʻrisi, tashvishga tushib qoldim. Nahotki, deputatlarimiz shunchalik loqayd, shunchalik dunyoqarashi tor?!

Oʻqimaganlar uchun: “Qonun loyihasini muhokamasida XDPning sovetcha qarashlari va “Milliy tiklanish”ni azaldan jini suymaydiganlar bilan qonunga jiddiy e’tibor bermayotganlarning kayfiyatlari ustuvorlik qilmoqda. O‘zbek tili qadrini ko‘tarish va uni ustuvorligini ta’minlash uchun kiritayotgan takliflarimiz “qolgan millatlarni xafa qilib qo‘ymasligimiz kerak” yondashuvi bilan qabul qilinmay qoladigandek.

Kechagi sessiyada shunday normalardan biri yetarli ovoz yig‘madi. Qonunning 11-moddasida davlat xizmatchisi o‘zbek tilini bilishi shartligi belgilangan. Hali bu moddaga yetib kelmadik. Lekin 4-moddada fuqaroni davlat tilini bilmaganligi uchun huquqini cheklamaslik to‘g‘risida norma ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilindi.

Taxmin qilayapman, shu ketishda 11-moddadagi davlat xizmatchisiga davlat tilini bilish, 13-moddadagi davlat idoralari arizalarni davlat tilida qabul qilishi va javob berishi, 17-moddadagi barcha millatlarni o‘z ona tillarida ta’lim olishlariga ustuvorlik berish bo‘yicha normalar ham chiqarib tashlanadi.

Hammani o‘ylash albatta yaxshi, o‘ylayapmiz ham, bu qonun loyihasida bironta boshqa millatli vatandoshlarimiz huquqini kamsitadigan norma yo‘q... lekin bu mehribonlik o‘zimizni kamsitish hisobiga bo‘lmasligi kerak...”.

Hurmatli deputatlar! Sizlar muhokama qilayotgan qonun Abdulla Avloniy ta’biri bilan aytganda “dunyoda millatimizning borligini koʻrsatuvchi” ona tilimizning ravnaqi, rivoji, nufuzi, mavqeyi, kelajagi uchun naqadar ahamiyatli ekanini unutmang.

Ehtimol, koʻp qonunlarni tushunib-tushunmay, nomiga tugmachani bosib oʻtkazib  oʻtirgandirsiz, lekin bu qonunga bunday munosabatda boʻlishingiz millat uchun xoinlik hisoblanadi.

Sizlardan iltimos, boshqa davlatlar qonunlarini yaxshilab oʻqing, vaqtingizni ayamang, mulohaza qiling. Qoʻshnilarimizda yashovchi millatdoshlarimiz qozoq, qirgʻiz, turkman tillarini majburan oʻrganyapti-ku! Hatto Turkmanistonda  oʻzbek maktablari yopilib ketganiga 15 yil boʻldi. Ular boshqa millatlar xafa boʻlib qolmasmikan, deb oʻtirishgani yoʻq, oʻz tili haqida qaygʻuryapti.

Agar yuqoridagi holatda qabul qiladigan boʻlsangiz, yaxshisi qabul qilmang, unda eskisidan umuman farqi qolmaydi. Esingizda boʻlsa, bu vazifa 2019-yilda yurtboshimiz tomonidan qoʻyilgan edi: “Avvalo, bundan o‘ttiz yil muqaddam qabul qilingan “Davlat tili haqida”gi qonunni bugungi kun talablari nuqtayi nazaridan har tomonlama chuqur tahlil qilib, takomillashtirish zarurati sezilmoqda”.

Shunday ekan, xorij tajribalarini oʻrganib, chuqur, har tomonlama tahlil qiling, takomillashtiring. Yangi qabul qilinadigan qonun yana 5-10 yilda tahrir qilinadigan, oʻzgaradigan emas, balki ona tilimizni har tomonlama muhofaza qiladigan, haqiqiy davlat tili sifatida oʻzligini namoyon qilishga qaratilgan umrboqiy qonun boʻlishi kerak. Millat kelajagiga beparvo boʻlmang, muhtaram deputatlarimiz!

Inomjon Azimovning “facebook”dagi sahifasidan olindi

23.04.2021 2595