"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Shevalar – xalqniki, adabiy til – millatniki

Yaqinda telegram ijtimoiy tarmog‘idagi bir kanal tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra “Sevimli”, “Zo‘r tv” telekanallari eng ommabop ekanligi ko‘rsatilgan. Bu degani xalqimizning ko‘pchiligi ushbu telekanallarni sevib tomosha qiladi deyishga qaysidir ma’noda asos beradi. Biz bu o‘rinda yuqoridagi va boshqa nodavlat telekanallarning ko‘rsatuvlari saviyasi haqida to‘xtalmoqchi emasmiz. Ma’lumki, televideniye eng muhim targ‘ibot vositalaridan biri hisoblanadi. Yosh-u qari birday unda berilayotgan ko‘rsatuv qahramonlariga, boshlovchilarga o‘zlari sezmagan holda taqlid qiladi. Shunday ekan, bu ijodkorlardan o‘z ishlariga ikki hissa mas’uliyat bilan yondashishni talab qiladi. Biz yuqorida televideneyeni targ‘ibor vositasi dedik. Demak, u tilni ham targ‘ib qiluvchi hisoblanadi. Telekanallarni bugungi kunda nafaqat respublikamiz bo‘ylab tomosha qilishadi, balki xorijda ham ko‘rishadi. Bu esa telekanal mas’ullaridan til masalasida jiddiyroq bo‘lishni, ona tilimiz mavqeyini ko‘tarishga xizmat qilishni talab qiladi.

Avvalo, davlat televideniyesi bo‘ladimi, nodavlat televideniye bo‘ladimi chiqib olib bo‘lgan-bo‘lmagan narsalarni gapiradigan joy emas. Ikkinchidan, butun respublika va xorijda ko‘rishar ekan, shevada gapirishga hech kimning haqqi yo‘q. Chunki o‘zbek tili faqat qaysidir shevadangina iborat emas. Shevalar xalqimizning, tilimizning tuganmas boyligi, jon tomirlaridan biri hisoblansa-da, millat birligi uchun adabiy til kerak. Bugun men o‘z shevamda gapirsam, siz o‘z shevangizda gapirsangiz, ertaga millat birligiga putur yetadi. Biz tilimizdagi har qanday shevani hurmat qilamiz. Uni adabiy tilimizning boyituvchi manbasi sifatida qaraymiz. Lekin televideniye bu shevalarni targ‘ib qiladigan minbar emas. Agar kimningdir tili adabiy talaffuzga qiynalsa, o‘rganishi kerak. Chunki u butun bir millatning oldiga chiqmoqda. Agar o‘rganishni istamasa yoki orlansa, undaylar uchun xalq ko‘radigan, eshitadigan minbarlarda o‘rin bo‘lmasligi kerak. Televideniyeda beriladigan har qanday ko‘rsatuvda u “jonli” bo‘ladimi, “jonsiz” bo‘ladimi adabiy talaffuz talabi qo‘yilishi kerak. To‘g‘ri, hammamiz ham adabiy tilda gapirish ko‘nikmasiga ega bo‘lmasligimiz mumkin, lekin talab qilinsa, sekinlik bilan bo‘lsa-da, ko‘nikma shakllanadi. Shevalar – tilimiz boyligi. Shevada gapirganda inson o‘zini erkin his qiladi, bosim sezmaydi. Lekin xalq oldiga chiqqanda unda gapirib bo‘lmaydi. Chunki tildagi bir shevani ikkinchi bir sheva vakili tushunmasligi mumkin. Shuning uchun adabiy til shakllantiriladi va xuddi o‘sha shevalar hisobiga ham boyitib boriladi. Adabiy til xalqni, millatni birlashtirib turadi. Shunday ekan, telekanallarda(asosan nodavlat) boshlovchilik qilayotgan artist-u qiziqchilarimizdan tilimizni hurmat qilishlarini so‘raymiz, kerak bo‘lsa, talab qilamiz. Agar siz adabiy tilda gapirishni xohlamasangiz, yaxshisi, xalqning oldiga chiqmang!

 

Zohid Shakarov,

Davlat test markazi direktorining 

 maslahatchisi 


22.06.2020 2708