"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

O‘zbek tiliga ehtiromni Dushanbeda o‘rgandik

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasiga rasmiy tashrifi, oliy darajadagi  uchrashuv va muzokaralar jarayoni hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi ulkan xizmatlari uchun davlatimiz Rahbarining Tojikistonning yuksak mukofoti - I darajali “Zarrintoj” ordeni bilan mukofotlanganligi haqidagi  teleko‘rsatuvlarni tomosha qila turib, beixtiyor iliq xotiralar yodimga tushdi... Darhaqiqat, Tojikiston bilan yaqin qo‘shnimiz, xalqlarimizning muqaddas yeriyu suvi, dini bir, tarixi va taqdiri, tashvishu shodliklari mushtarak. Hatto, o‘zbek tiliga munosabatlari ham. Bunga o‘zim jonli guvohman.

...Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetining 2-kursini bitirgan ikki talaba – dugonam Po‘latoy Botirova bilan - 1977 yilning yozida Dushanbe shahrida o‘zbek tilida chiqadigan o‘sha paytdagi “Sovet Tojikistoni” (hozirgi “Xalq ovozi”) respublika gazetasiga amaliyotga otlandik. Yoshligida inson mard bo‘ladi... Na birovni taniymiz, na shaharni bilamiz. Qo‘limizda faqat fakultet tomonidan berilgan yo‘llanma xolos. Gazeta tahririyatiga tomdan tarasha tushganday to‘satdan kirib bordik. Maqsadimiz – o‘zimizni, jurnalistlik qobiliyatimizni notanish jamoada sinab ko‘rish, o‘zimizga ishonchni mustahkamlash edi. Birinchi kursda tumanlarda o‘tkazilgan amaliyotdan har ikkimizning ham ko‘nglimiz to‘lmagan, ochig‘i, biroz ikkilanib  qolgandik...

Bizni o‘sha kunning o‘zida gazetaning bosh muharriri Hoji Sodiq domla juda iliq qabul qildilar. Ularning salobatlari bosib, ikki dugona qattiq hayajonga tushganimiz esimda. Shu kuni turar-joy bilan ham taʼminlashdi. Ertasi kuni bizni turli bo‘limlarga stajyor qilib ishga rasmiylashtirishdi. Bunday iltifotdan boshimiz ko‘kka yetdi. Ochig‘i, shu bahona bor mahoratimizni ko‘rsatishga bel bog‘ladik.

Biz roppa-rosa 45 kun Dushanbe shahrida amaliyot o‘tadik va o‘sha paytda sokin va so‘limgina bo‘lgan ushbu maskanni bir umrga sevib qoldik. Tahririyat ikkinchi uyimizga, jamoa aʼzolari esa eng yaqin insonlarimizga aylandi. Biz shu yerda jurnalistikaga haqiqiy mehr qo‘ydik va o‘zimizga, o‘zimizning kuchimizga mustahkam ishonch orttirdik. Jamoaning qo‘llab-quvvatlashi, bevosita yordami bilan yoshlarga xos g‘ayrat-shijoat bilan mehnat qildik. Dushanbeda ko‘plab mehnat jamoalarida xizmat safarida bo‘lib, o‘zbeklarga nisbatan cheksiz mehr va iliqlikni, ulkan hurmatni his qildik. Qayerga bormaylik, bizning O‘zbekistondan ekanligimizni bilishgach, oddiy talaba ekanligimizga qaramay alohida hurmat-eʼtibor ko‘rsatishardi. Hatto eng jiddiy rahbarlar darajasida ham qabul qilishardi. O‘zbekchani biroz boshqacha, lekin juda chiroyli va alohida hurmat bilan talaffuz qilishlari bizga zavq bag‘ishlardi. O‘zbek tiliga ehtiromni biz Dushanbeda o‘rgandik. Shunday maroqli muhitda yoshlik shijoati bilan yozilgan maqolalarimiz ham taʼsirchan chiqdi shekilli, ularning barchasi respublika gazetasida chop etildi. Biz shu yerda birinchi bor mustaqil ravishda oylik maosh oldik. Shu maskanda biz jurnalistikani tanlab, to‘g‘ri ish qilganimizga o‘zimiz inondik, Hoji Sodiq domla, taniqli shoir O‘lmas Jamol (shu tahririyatda ishlar ekanlar) va boshqa ko‘plab ajoyib, oddiy insonlar, jurnalistlar (afsus, hozir ularning ism-shariflarini nomma-nom eslolmayman) bilan tanishdik, kasbimiz sir-asrorlarini, har bitta so‘zni o‘z o‘rnida ishlatish va tilga nisbatan masʼuliyat bilan yondoshishni o‘rgandik, qalamimiz charxlandi, tafakkurimiz tiniqlashdi, mehnatimiz samarasini ko‘rdik, ikki xalq o‘rtasidagi cheksiz hurmat-eʼtibor, samimiyatga o‘zimiz guvoh bo‘ldik.

Amaliyot tugagach, bosh muharrir Hoji Sodiq domla yana o‘zlari qabul qilib, bizning kamtarona mehnatimizga yuqori baho berdilar va jurnalistikaning ham sharafli, ham mashaqqatli kasb ekanligi, bu sohada faqat munosiblar ishlashi kerakligi, kasbni doimo eʼzozlash va, eng muhimi, jurnalistning quroli bo‘lmish ona tili, xususan, o‘zbek tiliga nisbatan chuqur hurmat–ehtirom tuyg‘usini shakllantirishimiz kerakligi haqida otalarcha mehr bilan nasihat qildilar.

Biz ikki dugona Dushanbega o‘zimizga ishonib-ishonmay, havaskor qalamkashlar sifatida borgan edik, Toshkentga haqiqiy jurnalist bo‘lish va xalqimizga shu sohada xizmat qilishdek ulkan niyat bilan qaytdik. Tojik xalqining biz o‘zbeklarga munosabati, gazeta tahririyatidagi ajoyib jo‘shqin muhit va taniqli jurnalistlar – “so‘z zargarlari”ning ibrati, dushanbeliklarning o‘zbeklarga, o‘zbek tiliga munosabati bizga katta hayotga ishonchli yo‘llanma berdi. Biz ikki dugona Dushanbedagi 45 kunlik amaliyotimizni hali hanuz faxr-iftixor va iliq bir samimiyat bilan eslaymiz.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga rasmiy tashrifi davom etayotgan kunlarda  yangi O‘zbekiston sharoitida O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlarining yangi modeli yanada rivojlanaversin, degim keladi. Eng muhimi, har ikki davlat Rahbarlarining barcha saʼy-harakatlari va amaliy ishlari xalqlarimizning manfaati, mehr-oqibatli bo‘lish, tinch-totuv yashashdek azaliy orzusi va samimiy intilishlariga to‘liq mos keladi.

 

Ulbo‘sin ABDUMALIKOVA,

“Ijtimoiy fikr” respublika

 jamoatchilik fikrini o‘rganish

Markazi direktori maslahatchisi

14.06.2021 2584