"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

TILIMIZ SOFLIGINI ASRAYLIK...

Til-millat ko‘zgusi


Mamlakatimizda o‘zbek tilining nufuzini yanada yuksaltirishda 1989-yilning 21-oktabrida “Davlat tili haqida” gi Qonunning qabul qilinishi katta ahamiyat kasb etdi. Bu bilan huquqiy asosda tilimizni ko‘z qorachig‘idek avaylab-asrash, yanada boyitish imkoniyatlari yaratildi.

Bugungi suhbatimiz Urganch shahar hokimining maslahatchisi Sayyora Samandarova bilan “Davlat tili haqida”gi Qonunning kundalik hayotimizga samarali tatbiq qilinishi borasida amalga oshirilayotgan ishlar, tilimizning benazir ahamiyati haqida bo‘ldi.

 - Sayyora Erkinovna, tilimizga davlat tili maqomi berilishi maʼnaviy-madaniy meros, umummilliy boylik, taʼbir joiz bo‘lsa, ulkan oliy qadriyat, shunday emasmi?

 - Hammamizga yaxshi maʼlumki, har bir xalqning, millatning faqat o‘zigagina xos bo‘lgan qadriyatlari mavjud. Bu qadriyatlarni u boshqa hech qayerdan topolmaydi. Bu - uning vatani hamda tilidir.

Bugun 8 milliardga yaqin dunyo aholisi 6 mingdan ortiq tilda gaplashadi. Bu tillarning bor-yo‘g‘i 100 ga yaqini davlat tili maqomiga ega. Ular orasida davlat tili sifatida o‘zbek tilining ham borligi, albatta, tilimizning nufuzini ko‘rsatadi.

Faxr bilan ayta olamizki, tug‘ilib o‘sgan ona-yurtimiz, vatanimiz qanchalik serquyosh, maftunkor bo‘lsa, tilimiz ham shunchalik jozibador va go‘zaldir. Tilimizda shunday so‘z va iboralar borki, ularni har qanday mohir tarjimon ham boshqa biror bir tilga tarjima qila olmaydi. Ko‘p misol keltirishning hojati yo‘q. O‘zbek o‘z bolasini qanday erkalashini bir eslang: aylanay, jonim bolam, baraka top, iloyo unib-o‘sgin, joningdan aylanay bolam... biz bu so‘zlarni har kuni bir necha bor yuragimizdan chiqarib aytamiz, biroq bu so‘zlarning tarjimasini biror bir lug‘atdan topib ko‘ring-chi?

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 30 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali anjumanda muhtaram Prezidentimiz ham “Kimda-kim o‘zbek tilining bor latofatini, jozibasi va taʼsir kuchini his qilmoqchi bo‘lsa, munis onalarimizning allasini, ming yillik dostonlarimizni, o‘lmas maqomlarimizni eshitsin” deb aytgan edilar. Bu borada Abdulla Avloniy tilda – millat ruhi yashaydi, deydi.

 -Ushbu umummilliy boyligimiz-xazinamizni avaylab-asrash borasida qanday natijador ishlar amalga oshirilmoqda?

 -Ayonki, mana shunday, asrlar osha mardonavor kurashlarda g‘olib bo‘lib kelayotgan tilimiz, albatta, tashqi yozuvlarda aks etadi. Biz shuning uchun ham bugun yozuvlarimizning, xususan, ko‘chalardagi tashqi yozuvlarning “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonun talablariga mosligini o‘rganish va taʼminlash masalasiga juda katta eʼtibor qaratmoqdamiz.

Hozirgi kunda respublikamiz bo‘ylab o‘z faoliyatini olib borayotgan barcha viloyat, shahar va tuman hokimliklari, vazirlik va idoralarning davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchilarini men o‘zbek tilining himoyachilari, uning himoyasiga otlangan kurashchilar deb atagim keladi.

Bugungi globallashuv jarayonida, axborot texnologiyalari taraqqiyoti davrida tilning sofligini saqlab qolish, uni milliy boylik sifatida asrab-avaylab, kelgusi avlodlarga yetkazish masalasi juda muhim jarayondir.

Bugun shiddat bilan rivojlanayotgan zamonda tilimizga turli so‘zlarning shiddat bilan kirib kelayotgani ham haqiqat.

Ushbu vazifaga kirishganimdan keyin shahrimiz ko‘chalarini bir-bir aylanib chiqdim. Tilimizning bevosita ifodasi bo‘lgan baʼzi tashqi yozuvlarimizda uchrayotgan imloviy xatoliklar, xorijiy tillarda yozilgan yozuvlarni ko‘rib, bu borada qiladigan ishlarimiz ko‘pligiga amin bo‘ldim.

Biz dastlab shahardagi mahallalarda joylashgan barcha turdagi obyektlar nomlarining bazasini yaratib oldik. Shuningdek, ishchi guruhi tuzib, tashqi yozuvlarning davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga mosligini o‘rgandik. Aniqlangan barcha holatlar bo‘yicha tadbirkorlik subyektlari bilan tushuntirish ishlari olib borildi,ularning ko‘pchiligini bugungi kunda bartaraf etishga erishdik. Jumladan, birgina markaziy ko‘chada 23 ta peshlavhalar yangilandi. Shahardagi boshqa hududlarda ham bu jarayon davom etmoqda. Ayni damda ko‘chalardagi, bozor va savdo shoxobchalaridagi, shahar va tumanlararo yo‘llardagi yuzga yaqin yozuvlar qonun talablari asosida o‘zgartirildi.

Bizning faoliyatimizning yana bir muhim yo‘nalishi-geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalarini muvofiqlashtirib borishdir.

Shahrimizdagi barcha mahallalar va ko‘chalarning nomlarini Davlat kadastrlar palatasi Urganch shahar filiali bilan hamkorlikda qayta ko‘rib chiqib, xatlovdan o‘tkazdik. Maʼlumki, keyingi yillarda shahrimizda aholining turmush sharoitini, yashash darajasini yaxshilash maqsadida hukumat dasturlari asosida ko‘plab yangi turar-joylar barpo etildi. Va buning natijasida, ayonki, yangi ko‘chalar bunyod bo‘ldi. Shuningdek, xatlov natijasida shahrimizda 2 ta takroriy ko‘cha nomlari borligi aniqlandi. Mana shu 15 ta yangi ko‘chaga hamda 2 ta takroriy ko‘chalarga yangi nom berish masalasi ham tegishli tartibda ko‘rib chiqilib, “Davergeodezkadastr” Davlat qo‘mitasi tomonidan Ekspertizaga taqdim qilinib, xulosalar olindi, Xalq deputatlari Urganch shahar Kengashining sessiyalarida tasdiqlandi. Bugungi kunda shahrimizdagi mavjud jami 501 ta ko‘chaning barchasi nomlangan, takroriy nomlar esa mavjud emas.

- Markaziy ko‘chalarda, savdo shoxobchalari, tijorat do‘konlari binolari peshtoqlarida til meʼyorlariga mutlaqo zid ravishda yoxud xorijiy tillarda yozilgan, mazmunan buzib bayon qilingan shior, turli yozuvlarni ko‘rishimiz mumkin. Bunday holatlarning oldini olish uchun qanday ishlar qilinmoqda?

Bugungi kunda shahar hududida matbaachilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxona rahbarlariga reklama va bannerlarni chop etishda davlat tili qonuni talablariga qatʼiy rioya qilinishi bo‘yicha shahar hokimining maxsus xati asosida topshiriqlar berildi. Qolaversa ular bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatilgan. Deylik, zarur hollarda, shu reklama va bannerlar yozuvlarini chop etmasdan oldin til meʼyorlariga mos va xosligini ko‘rib chiqish amaliyoti qo‘llanilmoqda. Misol tariqasida “Mirzo va R”, “Ruslan Samadov”, “Komplekt” xususiy korxonalari, “RIM.uz.” reklama agentligi bilan hamkorlikdagi ishlarimiz o‘zining yaxshi natijalarini ko‘rsatmoqda. Turli reklama mahsulotlarini chop qilish va ishlab chiqish bilan shug‘ullanayotgan korxonalarga amaliy ko‘magimiz natijasida tashqi va ichki reklamalarning sifatli chiqishiga erishilmoqda.

Albatta, yillar davomida to‘planib qolgan va eʼtibordan qolib kelgan bu xatoliklarni qisqa vaqt ichida birdaniga, to‘liq bartaraf etish ham maʼlum muddatni talab etadi. Buni ham to‘g‘ri tushunishimiz kerak. Ammo, muhimi, bu borada tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi. Bu borada olib borilayotgan ishlar albatta o‘zining ijobiy samarasini ko‘rsatadi.

 - Shaxsan, ushbu lavozimda filologiya fanlari nomzodi, o‘zbek tili bo‘yicha yetuk mutaxassis sifatida hamshaharlarga, eldoshlaringizga nimalar degingiz keladi?

Men fursatdan foydalanib, keng jamoatchilikni, tilimiz taqdiriga befarq bo‘lmagan, uning sofligi uchun samimiy, yurakdan jon kuydiradigan faollarimizni, yoshlarimizni bu borada biz bilan yaqindan hamkorlik qilishga chaqiraman. Shuningdek, barcha idora va tashkilotlar, korxonalar rahbarlarini, tadbirkorlarimizni tashqi yozuvlarning “Davlat tili haqida”gi qonuni talablariga mos holda bo‘lishiga eʼtibor qaratishlarini so‘rayman.

Barcha eldoshlarimizga maʼlumki, ayni paytda davlatimiz mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlab mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida davlat tilini siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy jabhalarda to‘laqonli joriy etish hamda faol qo‘llanishini rag‘batlantirishga qaratilgan “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” Respublika tanlovi eʼlon qilingan. Bugungi kunda ushbu tanlovga tayyorgarlik ko‘rish ishlari boshlab yuborildi.

Ishonamanki, o‘zbek tilimizni bor jozibasi bilan asrash, uni millatimizning, xalqimizning haqiqiy boyligi sifatida ulug‘lash va kelajak avlodlarga yetkazish har bir yurtdoshimizning yurak amriga, ezgu niyatiga aylanadi. Negaki til orqali millatning maʼnaviyati, madaniyati, bebaho qadriyatlari namoyon bo‘ladi. Shuning uchun tilimizning sofligini asrash har birimizning muqaddas burchimiz.

- Mazmunli suhbatingiz uchun minnatdorchilik bildiraman.

- Sizga ham rahmat, salomat bo‘ling.

Dilbar Bekchanova,

jurnalist

 

Aoka Xorazm “facebook” sahifasidan olindi

25.06.2021 3105