"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

O‘z tilimizni mukammal bilmaslik yoki... o‘zga tilda xato yozilgan matnlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-oktabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6084-son Farmoni va mazkur Farmon ijrosi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan qator qarorlar ijrosini taʼminlash bo‘yicha barcha vazirliklar qatori Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligiga ham tegishli vaziflar yuklatilgan. Garchand sirtdan qaraganda vazirlik tizimi va tarkibida, mahallalarda til masalasiga doir muammolar ko‘zga ko‘rinmasligi mumkin. Ammo bu masalaga chuqurroq kiriladigan bo‘lsa, mazkur tizimdayam Davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishi masalasida yetarlicha muammolar mavjudligi ayonlashadi.

Vazirlik tizimidagi idoralarda davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga amal qilinishi borasidagi ishlarning holati o‘rganib chiqilganda hududiy boshqarmalardan 8 tasining, shahar tumanlarning esa 56 tasining yozishma blankasida xatoliklar aniqlandi.

Mustaqilligimizga 30 yil to‘layotganiga va Davlat tili to‘g‘risidagi Qonun qabul qilinganiga undan ziyod muddat o‘tganiga qaramasdan hamon rus tilida hujjat yuritilayotganiga, ayniqsa eng chekka hududning eng chekka mahallasining yozuv blankalarida, eshik devorlariga osilgan plakatlarda ham ruscha matnlar turganiga duch kelasiz. Xo‘sh bular inersiya kuchimi yoki loqaydlik qudrati? Balki rus tiliga cheksiz sodiqlikdir.

Mahallani qo‘ya turaylik, o‘tgan yili fevral oyida vazirlik tashkil topganidan so‘ng barcha tuman, shaharlarda “Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari tashkil etilgan. Mana shu yangi bo‘limlarning xatlarini jo‘natish uchun yozishma blankalari tayyorlangan. Afsuski mana shu blankalarni tayyorlashda nafaqat  shahar tumanlarda balki viloyatlarda ham xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan.

Balki, oradan o‘ttiz yil o‘tgandan keyin rus tilini durustroq biladigan xodimlar ham pensiyaga chiqib ketganidan bo‘lsa kerak, har bir blanka joylarda rus tilini qonun qoidalarini yaxshi biladigan  mutaxassislar tomonidan tayyorlangan natijasida bir qator xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan.

Masalan, Qashqadaryo viloyati Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi blankasining rus tilida yozilgan tomoniga “Kashkadarinskoye oblastnoye upravleniye ministerstvo po podderjke maxalli i semi respubliki Uzbekistan” deb yozilgan bo‘lsa, Surxondaryo viloyati blankasi “Ministerstvo po podderjke maxalla i semi Respubliki Uzbekistan upravleniye  Surxandarinskoy oblasti” deb ruscha matnda (mahalla) so‘zi o‘zbekcha yozilgan. Farg‘ona viloyati blankasi esa “Ministerstvo po podderjke maxalla i semi Respubliki Uzbekistan oblastnoye upravleniye Ferganskoy oblasti” deb oblast so‘zi ikki marotaba qayd etilgan.

Bular rus tilini yaxshi bilmaganidan yozilgandirda desak, o‘zbek tilidagisiyam xatoliklardan mosuvo emas. Masalan, Qashqadaryo viloyat boshqarmasi blankasi “O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining Qashqadaryo viloyat boshqarmasi”, deb yozilgan bo‘lsa, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlari blankalari “-ning” qo‘shimchasisiz yozilgan. Idora manzillarida xatoliklar mavjud.

Yuqorida bu inersiya kuchimi yoki loqaylik qudrati jumlasiga urg‘u berganimiz shundaki, ushbu yozuvlar bilan xatlar mingdan ziyod joylarga yuborilgan. Lekin biron joydan mana bu rasmiy blanka  xato yozilgan degan eʼtiroz bo‘lmagan. Bu nimani ko‘rsatadi?

Demak bu xatlar rus tilida ishlaydigan, ish yuritadigan idoraga, rusiyzabon yuridik shaxs yoki fuqaroga bormagan. Albatta bu o‘z navbatida rus tilida yozishga ehtiyoj yo‘qliginiyam ko‘rsatadi. Borganda ular darrov eʼtiroz xati yozishgan bo‘lardi. Chunki bir vaqtlar nafaqat blankadagi, balki matnda yo‘l qo‘yilgan xatolar uchun ham eʼtiroz xatlari kelganiga o‘zimiz guvoh bo‘lganmiz.

Yana jiddiy xatolar Andijon viloyatining Andijon shahri, Buloqboshi va Paxtaobod tumanlari balankalarida kuzatildi. Andijon shahar bo‘limi ruscha matnda bo‘linma bo‘lib qolgan bo‘lsa, Buloqboshi tumani idorasi manzili “Bulokboshskiy rayon” deb yozilgan. Paxtaobod tumani blankasi ruscha matni “Ministerstvo po podderjke maxalla i semi Paxtaabadskogo rayona Respubliki Uzbekistan” deb yozilib, o‘zbek tilida Paxtaobod tumani Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi” maʼnosini berib qolgan. Aksariyat blankalarda manzil ko‘rsatkichlarida “shohko‘cha”lar, “shoxko‘cha” shaklida xato yozilgan va ruscha matnida tuman, ko‘cha va bino raqamlari tartibi til qoidalari bo‘yicha yozilmagan.

Shuning uchun vazirlikdan boshlab vazirlik tizimidagi barcha idoralar blankalari lotin yozuviga asoslangan o‘zbek tilida tayyorlanib, Toshkent shahri, viloyat va shahar, tumanlarga namuna sifatida jo‘natildi hamda 2021yil boshidan boshlab shu blankalar asosida ish yuritilmoqda.

Hamkorlikda bajarilgan ish samarali bo‘lishi hayotda ko‘p  isbotlangan. Shu bois, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Davlat soliq qo‘mitasi bilan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha Qo‘shma reja ishlab chiqildi. Qo‘shma reja asosida mahallalarda tashqi yozuvlar, shu jumladan lavhalar, eʼlonlar, reklama hamda ko‘rgazmali afishalar matnlari davlat tili va reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lishini taʼminlash maqsadida 1527 ta mahallada o‘rganish ishlari olib borilib, 230 mingdan ziyod rus va boshqa xorijiy tillardagi reklama va afishalar olib tashlandi.

Toshkent shahri, Toshkent, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Samarqand, Navoiy, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridagi 500 dan ziyod mahalla fuqarolar yig‘inlari idoralarining tashqi yozuvlari o‘rganib chiqildi. Ulardan 115 tasida xatoliklar aniqlanib, ular joyida bartaraf etildi.

Maʼlumki bugungi kunda joylarda “Obod mahalla” va “Obod qishloq” dasturlari asosida mahallalarda qurilish taʼmirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Shundan foydalanib, mahalla idoralarining kirish joylariga ilish uchun tayyorlanayotgan mahalla nomi, ish vaqti va boshqa maʼlumotlarni aks ettiruvchi peshlavhalar, kirish yoʻlaklari va xizmat xonalari devorlariga osiladigan  ko‘rgazmali plakatlar lotin yozuviga asoslangan o‘zbek tilida imlo xatolarsiz yozilishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Mazkur ishlar davomida  Andijon viloyatida 245 ta, Namangan viloyatida 214 ta, Farg‘ona viloyatida 310 ta, Samarqand viloyatida 257 ta, Jizzax viloyatida 118 ta, Navoiy viloyatida 120 ta mahalladagi tashqi yozuvlar almashtirildi

“Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunni targ‘ib etish maqsadida va "Reklama to‘g‘risida"gi Qonun talablariga  rioya etishni istamagan 215 nafar tadbirkorlarga  ogohlantirish xatlari berilib, tegishli tartibda tushuntirish ishlari olib borildi. Mazkur ishlar matbuotda “Davlat tili birligimiz, borligimiz ramzidir” rukni ostida yoritildi. Bunday tadbirlar doimiy o‘tkazilib borilmoqda.

Til muammolari bilan bog‘liq jami 45 ta maqola tayyorlandi. Jumladan, “Hurriyat” gazetasining 2020-yil 16-dekabr, chorshanba №47(1211) sonida til muammolariga bag‘ishlangan “Ichimizda yashayotgan “vahima”, “O‘zbekiston adabiyoti va sanʼati gazetasi”ning 2021-yil 11-sonida “Erkakka o‘sma qo‘yish... kimga kerak?” “Nuroniy” gazetasida “Toshkentdan gapiramizmi yoki Toshkentcha” nomli maqolalar chop etildi, radioda 5 soatdan ortiq eshittirishlar berildi.

Yil boshidan buyon til masalalariga doir 175 ta material “Mahalla –maʼnaviyat beshigi”, “Mahalla muammolari” telegram kanallariga joylashtirildi.

Respublika Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini  rivojlantirish departamenti tomonidan vazirlik markaziy apparati xodimlari uchun 5 tomlik “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” hamda lotin yozuvida 150 dona O‘zbek tilida ish yuritish bo‘yicha qo‘llanma olib kelindi.

Xodimlarga davlat tilini chuqur o‘rganishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish choralari ko‘rilmoqda. Vazirlik markaziy apparati xodimlari Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti  universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida, hududlardagi xodimlar esa viloyat markazlarida o‘qitilmoqda.


Sh.Ro‘ziyev,  

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash

vazirining maslahatchisi

12.07.2021 2158