"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Birgina holat bilan butun faoliyatga baho berish mutlaqo noto‘g‘ri

Joriy yilning 14-iyun kuni O‘zbekiston Milliy Axborot agentligi rasmiy veb-saytida “E'tiborsizlik qachongacha davom etadi?” sarlavhali maqola chop etilib, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazining Buxoro viloyati bo‘limi ma'muriy binosi peshtoqidagi “YUKSAK MAʼNAVIYAT – YENGILMAS KUCH” yozuvi bundan salkam 2 oy oldin, aniqrog‘i, joriy yilning 27-aprel kuni sodir bo‘lgan kuchli shamol natijasida abgor ahvolga kelib qolganligi va boshqa bir qator obyektlardagi shu kabi juz'iy kamchiliklar haqida so‘z yuritilgan.

Garchi respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazining Buxoro viloyati bo‘limi ma'muriy binosi peshtoqidagi “YUKSAK MAʼNAVIYAT – YENGILMAS KUCH” yozuvi maqola e'lon qilingan kunning ertasigayoq tuzatilgan bo‘lsada, 25-iyun kuni mazkur markaz viloyat bo‘limi rahbari imzosi bilan yo‘llangan ma'lumot ham veb-sahifada e'lon qilindi.

Kuni kecha, 2-iyul kuni O‘zA xuddi shu masalada, aynan Buxorodagi holatlarga daxldor “O‘zbek tili birovning tomorqasi emas-ku” degan sarlavhali maqolani e'lon qilib, unda kechikib yo‘llangan javob xatiga alohida urug‘u beriladi. Shuningdek, “E'tiborsizlik qachongacha davom etadi?” maqolasida keltirilgan dalillarga to‘xtalib, “...Buxoro shahridagi bir qator tadbirkorlik subyektlari binolarining peshlavhasi ham umuman ajnabiy tilda yozilganligi tanqid ostiga olinadi. Mavzuga oid suratlar ilova qilinishi orqali bir necha misollar keltiriladi. “Oradan shuncha vaqt o‘tgan bo‘lsa-da savodsizlikni targ‘ib qiluvchi yozuvlar o‘sha-o‘sha ahvolda turibdi. Shahar bedarvozami? Kim qaerga, qanday yozuv yozib ketsa ham birovni ishi yo‘q bo‘lsa, u nima ma'noni anglatadi, bu bilan hech kim qiziqmasa...” degan luqma tashlanadi.

Shak-shubhasiz, til - davlat timsoli, mulki. Tilni asrash, rivojlantirish millatning yuksalishi demak. Shu nuqtai nazardan, 1989-yil 21-oktyabrda o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgani va 30 ta moddadan iborat “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilingani, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 4-moddasida va “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonunning 1-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili o‘zbek tilidir” deb qayd etilgani o‘zini shu yurt fuqarosiman degan har bir shaxs zimmasiga katta mas'uliyat yuklaydi. Ming afsuski, millat taqdiriga bevosita daxldor ana shu mas'uliyatni hamma ham birday tushunib yetmayapti. Bosh qomusimizda davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgani tufayli mamlakatda ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini yanada oshirish, davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish hamda davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga so‘zsiz rioya etilishiga erishish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktyabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni, Respublika Vazirlar Mahkamasining shu yil 20-yanvardagi “Mamlakatda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur me'yoriy hujjatga muvofiq jumladan, Buxoro viloyatida, quyi bo‘g‘inda shahar va tumanlar hokimlarining ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etildi.

Mazkur huquqiy-me'yoriy hujjatlar talabidan kelib chiqqan holda Buxoro viloyati hokimining farmoyishi hamda 2020-yil 25-martida “Geografik obyektlarga nom berish masalalarini muvofiqlashtiruvchi viloyat komissiyasining yangilangan tarkibini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Shu asosda Buxoro viloyati hokimligi huzurida Geografik obyektlarga nom berish masalalarini muvofiqlashtiruvchi viloyat komissiyasi faoliyatiga ko‘maklashuvchi “Tarixchi va tilshunos olimlar ekspert guruhi” tarkibi tasdiqlangan.

Shu o‘rinda o‘tgan qisqa vaqt mobaynida amalga oshirilgan ishlar xususida ba'zi dalillarni keltirib o‘tsak. Geografik obyektga nom berish va uni o‘zgartirish masalalari bo‘yicha hududiy komissiya huzurida tashkil etilgan “tarixchi va tilshunos olimlar ekspert guruhi” bilan hamkorlikda o‘zgartirish tavsiya etilgan Buxoro shahridagi “Turun-Burun” va “Yapaloq” aholi punktlari o‘rganilgan hamda O‘zbekiston Milliy arxivining I-126, I.F-323 raqamli fondlarida saqlanayotgan Buxoro amirligi devonxonasi tarixiy hujjatlariga asoslanib, joy nomi tarixiy ahamiyatga ega ekanligi isbotlandi va toponimlar o‘z holicha saqlab qolindi. Geografik obyektlar nomlarini davlat tilida ifodalash yo‘nalishida esa, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda aholi punkti va uning tarkibiy qismlari nomlari, uy manzili ifodalangan nomlavha chizmalari tayyorlandi hamda tajriba tariqasida binolarga o‘rnatildi.

Shaxs nomi bilan atalgan ko‘chalarni ifodalashda, binolarga ko‘cha nomi tushirilgan nomlavha va tarixiy shaxs to‘g‘risida qisqacha ma'lumot ham o‘rnatilmoqda. Shuningdek, geografik obyektlarning davlat reestrida mavjud, “Geografik obyektlar to‘g‘risida”gi hamda “Davlat tili haqida”gi qonunlar talablariga mos kelmaydigan joy nomlaridan biri sifatida viloyat markazidagi “Abdulxoliq G‘ijduvoniy” nomli MFY tarkibidagi “PMK” ko‘chasi nomini o‘zgartirish masalasi bo‘yicha bu hududda istiqomat qiluvchilarning fikr-mulohazalari bilan tanishish hamda masala yuzasidan ularning taklif va tavsiyalarini o‘rganish maqsadida hududda sayyor yig‘ilish ham tashkil qilingan. Shu kuni viloyat markazidagi Hofiz Tanish Buxoriy ko‘chasi yoqasida barpo etilgan ko‘p qavatli zamonaviy turar joylarda istiqomat qilayotgan aholi vakillari bilan targ‘ibot uchrashuvi ham o‘tkazilgan. Unda ko‘cha nomlavhalari bilan birga aholiga Hofiz Tanish Buxoriy tarixiy siymosi haqida qisqa va mazmunli axborot berilgani holda peshlavhalarni tayyorlab joylashtirish ishlariga kirishilgan. Qolaversa, shahardagi o‘ndan ortiq ajnabiy tilda bitilgan savdo do‘konlari peshlavhalari yangilanmoqda yoki ikki tilda (o‘zbek va ingliz) tayyorlanmoqda.

Bundan tashqari, viloyat ishchi guruhi Vobkent tumani “Markaziy dehqon bozori” mas'uliyati cheklangan jamiyatidagi savdo shoxobchalari peshtoqida o‘rnatilgan tashqi yozuvlar, peshlavhalar, e'lonlar, reklama va axborot matnlarini “Davlat tili haqida”gi Qonun talablariga muvofiqligini o‘rgandi. Tashqi reklama borasida ba'zi pannolarni o‘zgartirish, bunda bevosita "Tasviriy oyina" ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda yangidan loyiha (eskiz)larini tayyorlab bir hafta muddatida joylashtirish vazifasi yuklatildi. Mazkur bozor “M-37” avtomagistral yo‘li bo‘yida joylashganligi hamda turizm marshrutiga kirganligi bois savdo rastalarining yozuvlari, peshlavhalarni sayyohlar uchun ham tushunarli boʻlgan xorijiy tillarda ham tayyorlash topshirig‘i berildi.

Yana shuni aytish joizki, ijtimoiy sheriklik yo‘nalishida O‘zbekiston Tarixchilar jamiyati viloyat bo‘limi, “Buxoro merosi” ilmiy-tadqiqot markazi, “Karvon” madaniy merosni o‘rganish va turizmni rivojlantirish markazi hamda tarixchi, geograf va tilshunos olimlarning say-harakatlari tufayli hudud toponimlari yig‘ilmoqda va tizimlashtirilmoqda.

Ko‘rinib turibdiki, soha infratuzilmasi qayta shakllantirilayotganiga bir necha oy bo‘ldi, xolos. Shunga qaramasdan, qayd qilingan birgina holat bilan butun boshli tizim faoliyatiga baho berishga hali juda erta va bu mantiqsizlikdan boshqa narsa emas. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi rasmiy veb-saytida e'lon qilingan maqolada muallif mutasaddilarni e'tiborsizlikda ayblamoqda. Ammo mazkur mulohazalar jurnalistning masalani to‘liq o‘rganmagani bois shakllangan.

Xulosa shuki, O‘zA imzosi ostida e'lon qilingan luqmada qayd etilayotgan fikrlar bo‘rttirilgan bo‘lib, mutasaddilarni faoliyatsizlikda ayblash bu holatda noo‘rin. Shu bilan birga, hokimning maslahatchisi faoliyati reklama yozuvlarini davlat tili to‘g‘risidagi qonunlarga muvofiqlashtirish bilan cheklanib qolmaydi. Lavozim joriy etilganidan buyon hokim maslahatchisi tomonidan geografik obyektlarga qonun hujjatlariga muvofiq nom berilishi, hudud toponimiyasini yig‘ish va tizimlashtirish, tarixiy ahamiyatga ega toponimlarning nomlarini saqlab qolish, shaxs nomi berilgan geografik obyektlarni qonun talablariga muvofiqlashtirish, “O‘zbek tili bayrami kuni”ni nishonlash bo‘yicha madaniy-ma'rifiy tadbirlar tashkil etish yo‘nalishida ilm-ziyolilari, aholi va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda amaliy ishlar qilingan. O‘z o‘rnida ta'kidlash joizki, O‘zbekiston taraqqiyotining bugungi yangi bosqichi — milliy yuksalish davri talablaridan kelib chiqib, o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida obro‘-e'tiborini tubdan oshirishga davlat, millat, xalqning o‘zi ham hech qachon loqayd munosabatda bo‘lmasligi kerak.


Feruza Ibragimova,
Buxoro viloyati hokimining maslahatchisi

Bizning faoliyatimizni kuzatishda davom eting!
04.07.2020 2460