"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Davlat tiliga e'tiborsizlik – ona tiliga behurmatlik

Yangi Oʻzbekistonda “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” tamoyili asosida Uchinchi Renessansga qadam qoʻyilayotgan bir vaqtda davlat tilining oʻrni va ahamiyatini alohida taʼkidlash joiz. Hozir jamiyatimizning eng eʼtiborli masalalaridan biri, shubhasiz, Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili toʻgʻrisida yangi tahrirdagi qonun loyihasidir.

Ushbu qonun loyihasi avvalgilaridan tubdan farq qiladi. Uning 3-moddasida Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili milliy qadriyat sifatida eʼtirof etilgan boʻlsa, 5-moddasida davlat tilini Oʻzbekiston Respublikasining madaniy merosi sifatida targʻib etilishi belgilab qoʻyilgan.

Bu tushunchalar avvalgi qonunda koʻrsatilmagan. Qonun loyihasining 8-moddasida davlat organlari va tashkilotlarining davlat tiliga oid davlat siyosati va uni rivojlantirish sohasidagi vakolatlarining belgilab qoʻyilganligi davlat organlari va tashkilotlariga bir qator vakolatlar berish bilan birga qator vazifalarni ham yuklaydi.

Qonun loyihasining 11-moddasida davlat organlari va tashkilotlarining xodimlari oʻzining xizmat va professional vazifalarini bajarishi uchun davlat tilini bilishlari shartligi belgilab qoʻyilgan, shu bilan birga davlat organlari va tashkilotlari kasb, mutaxassislik, lavozim vazifalarini bajarish uchun davlat tilini bilmaydigan oʻz xodimlariga davlat tilini oʻrganishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berishi ham koʻrsatib oʻtilgan.

Davlatimiz rahbari, hukumatimiz tomonidan davlat tili, imloga oid qabul qilinayotgan qonun hujjatlari – milliy tilimizni rivojlantirish yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlardir. Ayniqsa, Prezidentimizning 2020-yil 20-oktabrdagi “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yana-da rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni va Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevraldagi “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga bosqichma-bosqich toʻliq oʻtishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi oʻrni va nufuzini mustahkamlashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

Davlat tiliga eʼtibor til siyosati darajasiga koʻtarilishiga qaramay, ayrim hollarda davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ijrosi yetarlicha taʼminlanmayotganligini guvohi boʻlamiz. Bunga, avvalo, ona tilimizga boʻlgan eʼtiborsizligimiz, beparvoligimiz, koʻrib koʻrmaslikka olishimiz sabab boʻlmoqda.

Har kuni ishxonaga borib-kelishda yoki kundalik yumushlari bilan koʻchaga chiqamiz. Katta-kichik binolar peshtoqi, yoʻl chekkalariga betartib oʻrnatilgan, achinarlisi, aksariyati oʻzbek tilida emas, boshqa tillarda yozilgan yozuvlar taʼbni xira qiladi. Biror yumush bilan davlat tashkilotlari, korxonalarga kiramiz, bu yerda ham baʼzi maʼlumotlarni, hujjatlarni boshqa tillarda ekanligini koʻramiz.

Baʼzan bitta peshlavhada ikki xil alifbo – kirill va lotin yozuvini aralash qoʻllanganini uchratamiz. Lekin hech birimiz nega bu yozuvlar davlat tilida emas, nega imlo xatoliklar bilan yozilgan demaymiz. Axir, til – maʼnaviyat koʻzgusi. Uni sofligini saqlash har birimizning muqaddas burchimiz boʻlmogʻi lozimku.

Vazirlar Mahkamasining Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti mudiri A.Qirgʻizboyev kun.uz saytiga bergan intervyusida, bir yarim yil davomida 35 mingta holat oʻrganilgan boʻlsa, 70 foizi xorijiy tillarda, yana 10 mingga yaqin eʼlon va peshlavhalar esa davlat tilida, ammo xato bilan yozilganligini, 30 mingga yaqin eʼlon va peshlavhalar davlat tiliga oʻzgartirilganligini taʼkidlaydi.

Davlat tiliga oid masalalar bilan nafaqat Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti, balki barchamiz masʼul boʻlmogʻimiz lozim. Ayni masalada Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi, uning huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi hamda Qoʻmitaning hududiy boshqarmalari tomonidan faol chora-tadbirlar olib borilmoqda.

Bu boradagi muhim qadamlardan biri Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan “Reklama toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqish boʻldi.

Amaldagi qonunning 5-moddasida Oʻzbekiston Respublikasi hududida reklama Oʻzbekiston Respublikasining davlat tilida yoki reklama beruvchining xohishiga koʻra boshqa tillarda tarqatilishi belgilangan edi. Ammo, bu Davlat tili toʻgʻrisidagi qonunning 20-moddasiga muvofiqlashtirilmaganligi sababli koʻplab muammolar va reklama beruvchilarning eʼtirozlariga sabab boʻlib kelayotgan edi. Reklama toʻgʻrisidagi qonuning yangi loyihasida esa reklama tiliga batafsil toʻxtalib oʻtilgan.

Yaʼni Oʻzbekiston hududida reklama oʻzbek tilida tarqatilishi va reklama mazmunining tarjimasi qoʻshimcha ravishda boshqa tillarda takrorlanishi mumkinligi belgilanmoqda. Reklama mazmunining tarjimasi uning davlat tilidagi asosiy maʼnosini buzmasligi, shuningdek, tashqi reklama orqali joylashtiriladigan reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni davlat tilida berilgan matnining pastki qismida gorizontal holatda joylashtirilishi va umumiy reklama maydonining 40 foizidan oshmasligi koʻzda tutilgan.

Qonun loyihasida tele va radiokanallarda tarqatiladigan reklamalar, bosma nashrlarda va Internet jahon axborot tarmogʻida joylashtiriladigan reklamalarning boshqa tillardagi tarjimasi belgilangan meʼyorlar asosida tartibga keltirilishi koʻzda tutilmoqda.

Bunda xorijiy tajribalarga asoslanib, eng muhimi, mamlakatda oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini oshirishga eʼtibor qaratilgan. Shuning uchun ham Reklama toʻgʻrisidagi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi oʻqishda 90 foizdan ortiq ovoz bilan qabul qilindi.

“Reklama toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining yangi tahrirdagi loyihasida nafaqat til masalasi, balki maʼnaviyatimizga oid normalar ham oʻz aksini topmoqda. Yaʼni, qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyoti hamda xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda reklamaga qoʻyilgan talablar kuchaytirilmoqda va yangi normalar kiritilmoqda.

Qoʻmita xodimlari viloyatlar va shahar hokimliklari bilan birgalikda ishchi guruhlar tarkibida joylarda targʻibot-tashviqot ishlarini olib bormoqdalar. Shuningdek, tadbirkorlarga tashqi reklama matnlari davlat tilida rasmiylashtirilishi va boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkinligi, turli xil ajnabiy nomlar maʼnaviyatimizga va mentalitetimizga toʻgʻri kelmasligi toʻgʻrisida tushunchalar berib kelmoqda.

Ilm-fan, texnika shiddat bilan rivojlanayotgan davrda tilimiz sofligini saqlash, joylarga nom tanlashda maʼnaviyatimiz va mentalitetimizga xos, asosiysi oʻzbekcha nomlar tanlash, turli sohalar orqali tilimizga kirib kelayotgan yangi atamalarni oʻzbekcha muqobillarini yaratish dolzarb vazifalardan.

Xulosa oʻrnida taʼkidlash kerakki, ijtimoiy hayotimizda davlat tili, maʼnaviy qadriyatlarimiz bilan bogʻliq muammolarni hal qilish ishiga barchamiz birdek masʼuldirmiz.

 

Goʻzal QODIROVA,

Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi

raisining maslahatchisi


yuz.uz

07.09.2021 1978