"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Aniq o‘lchashlar – halollik garovi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev har bir chiqishlarida, hududlarga tashriflari jarayonidagi uchrashuvlar maʼnaviyat, halollik haqida alohida to‘xtalib o‘tadi. Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomada ham “Korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamlari, eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinmas ekan, jamiyatimizning barcha aʼzolari, taʼbir joiz bo‘lsa, “halollik vaksinasi” bilan emlanmas ekan, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga erisha olmaymiz. Biz korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga o‘tishimiz kerak”, deb taʼkidlagan edi.

Xo‘sh, “halollik vaksinasi” bilan qanday emlanadi? Fikrimizcha, “halollik vaksinasi” inson qalbiga igna bilan emas, ayan iymon nuri orqali o‘tib, uning vijdonini poklaydi. Har qanday insonga ona suti orqali “halollik vaksinasi” singib boradi. De­mak, inson halol bo‘lishi uchun uning iymoni butun bo‘lishi lozim. Har bir odam o‘z ishini halol, pok, to‘g‘ri bajarsa, u “hallollik vaksinasi” bilan emlangan bo‘ladi. Ana shunday immunitetni shakllantirish vazifasi avvalo ota-onalar, xalqimizning ziyoli, maʼnaviyatli qismi zimma­siga yuklanadi. Iymonli odam harom luqmadan hazar qiladi, birovning haqini yeyishdan, harom ishlar qilishdan tiyi­ladi, chunki uning vijdoni pokligi bunga yo‘l qo‘ymaydi. Va albatta, u ota-onasi, qarindosh-urug‘lari, ona Vatani va xalqi uchun fidoyilik bilan halol mehnat qiladi, halol luqma to­pib, ro‘zg‘origa olib boradi.

Milliy qadriyatimizga aylangan islom dini g‘oyalari va ko‘rsatmalari millatimizning tabiiy-tarixiy rivoji, ijtimoiy turmushi, yashash tarzi, o‘tmishi, kelajagi, madaniyati, maʼnaviyati, urf-odatlari, anʼanalari, tili, u vujudga kelgan hudud va boshqalar bilan uzviy bog‘langan. U milliy qadriyatlarimiz bilan xilma-xil shakllarda, bir-biri bilan uzviy aloqada namoyon bo‘ldi, o‘ziga xos milliy qadriyatlar tizimini tashkil qildi. Bu tizimda tabiiy-tarixiy birlikni taʼminlovchi qadriyatlar – yagona eʼtiqodlilik, qarindoshlik, madaniy-maʼnaviy yaqinlik, o‘tmish va maʼnaviy meros, ona yurt tuyg‘usi va boshqalar barqaror hisoblanadi. Ayniqsa, islomda o‘lchashlar masalalari barcha xatti harakatimiz, turmush tarzimiz, qilayotgan ishlarimizni bir meʼyorga solib beradi. Bu haqida islom dini manbalarida ko‘plab qimmatli fikrlar aytilgan.

O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan maʼnaviy-maʼrifiy yo‘nalishida o‘tkazilgan “Aniq o‘lchashlar – halollik garovi” mavzusida davra suhbati aynan islom dinida o‘lchashlar masalalariga bag‘ishlandi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita masʼul xodimi Muhammadbobur Yuldashev, Xalqaro islom akademiyasi Manbalar xazinasi direktori o‘rinbosari Abdulloh Mallaboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi masʼul xodimi Akmalxon Ahmedovlar ishtirok etib, o‘lchashlar tarixi haqida qiziqarli maʼlumotlar bilan qatnashchilarni tanishtirishdi. Shunindek, o‘lchashlar bo‘yicha islom dinining manbalari Qurʼoni karim va hadisi shariflarda keltirilgan oyatlar va hadislardan namunalar keltirib, ushbu masala nafaqat islom dinida, balki bugun ham dolzarbligini yo‘qotmaganligini, Prezidentimiz taʼkidlagan ona suti inson tanasiga kirgan “halollik vaksinasi”ni faqat halollik, poklik, to‘g‘rilik, meʼyorni bilishlik bilan shakllanishi, takomillashishi, rivojlanishi, iborat bo‘lishi mumkinligini qayd etdilar. Aynan ushbu insoniy xislatlar, maʼnaviy qadriyatlargina insonni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasligi, har qanday korrupsiyaga yo‘l qo‘ymasligi, uni oldini olishi uchun kurashishi aniqligi aniq hayotiy misollar bilan alohida taʼkidlandi.

O‘z o‘rnida Agentlikning O‘zbekiston milliy metrologiya instituti direktori S.Orifboyev tomonidan institutda o‘lchashlar bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, faoliyat ko‘rsatayotgan laboratoriyalar, xodimlarning ilmiy-tadqiqotlari ishlari haqida maʼlumot berildi.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita masʼul xodimi M.Yuldashev davra suhbati bugungi kunning dolzarb masalalariga bag‘ishlanganligidan kelib chiqib, o‘lchashlar va uning to‘g‘riligini to‘liq taʼminlanishi uchun zarur bo‘lgan omillar halollik, poklik, to‘g‘rilik haqida ham diniy, ham dunyoviy nuqtayi nazardan hamkorlikda ish borilsa katta samara berishini alohida taʼkidladi va din ishlari bo‘yicha qo‘mita va musulmonlar idorasiga o‘lchashlar bo‘yicha turli muammolar bilan murojaat qiladigan tadbirkorlar bilan birgalikda ish olib borilsa, nafaqat ijobiy natija beradi, balki mahsulot sifati, har bir tadbirkorda halollik kabi xislatlar yanada mujassam bo‘lishi ayni muddao ekanligi haqida gapirdi.

Xalqaro islom akademiyasi vakili A.Mallabevning akademiya bilan institut aynan ushbu masalada hamkorlikda ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish, ilmiy loyihalar, dissertatsiyalar tayyorlash, ilmiy anjumanlar o‘tkazish bo‘yicha taklifi ham davra suhbati ishtirokchilari tomonidan qizg‘in kutib olindi.

Davra suhbati yakunida tashkilotlar o‘rtasida hamkorliik istiqbollari haqida kelishib olindi.



Naibaxon Mamadaliyeva,

Bosh direktor maslahatchisi, fil.f.d., professor

18.09.2021 2090