"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

“Qadring baland bo‘lsin, ona tilim” shiori ostida kitoblar taqdimoti o‘tkazildi

O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi Markaziy apparatida “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim” shiori ostida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan nashr etilgan yangi kitoblar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Maʼlumki, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 2020-2021-yillar davomida “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”, “Davlat tilida ish yuritish”, “So‘z xiyoboni”, “Xalqaro terminelementlarning izohli lug‘ati”, “Harbiy atamalarning yangi izohli lug‘ati”, “Yuridik terminlarining ruscha-o‘zbekcha lug‘ati”, “O‘zbek tili meʼyorlari (punktuatsiya)”, “O‘zbek tili bank-moliya terminlarining izohli-illyustrativ ruscha-o‘zbekcha lug‘ati”, “Ijtimoiy-siyosiy terminlarning qisqacha izohli lug‘ati” kabi kitoblar nashr etilib, taqdimotlari o‘tkazildi.

Kuni kecha Vazirlar Mahkamasining Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari bo‘yicha Departament tomonidan ushbu kitoblar davlat idoralari va tashkilotlar, o‘quv muassasalariga beg‘araz tarqatildi. Ushbu kitoblardan O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligiga ham taqdim etildi. Agentlik markaziy apparatida mazkur kitoblarning taqdimoti o‘tkazildi va kitoblardan bir nusxadan Agentlik boshqarma boshliqlari, tizim tashkilotlariga berildi.

Kitoblar orasida “Milliy o‘zlik va mustaqil davlatchilik timsoli” nomli maqolalar to‘plami ham alohida eʼtiborni jalb qildi. Mazkur to‘plamda Departament xodimlari, turli vazirlik, idoralar, xo‘jalik birlashmalari va hokimiyatlarda faoliyat yuritayotgan davlat tili bo‘yicha maslahatchilar, tilshunos olimlar, tom maʼnoda tilimiz jonkuyarlarining respublika markaziy bosma va elektron nashrlarida eʼlon qilingan milliy o‘zlik va mustaqil davlatchiligimiz timsoli bo‘lgan ona tilimizni rivojlantirish, uni xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzini oshirish masalalariga bag‘ishlangan dolzarb maqolalar o‘rin olgan.

Alisher Navoiy nomidagi  o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori, filologiya fanlari doktori Hamidulla Dadaboyev, Guliston davlat universiteti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Hamid Yodgorovlarning samarali mehnati natijasida yaratilagan “Harbiy atamalarning yangi izohli lug‘ati” qo‘llanmasi harbiy sohadagi atamalarni tartibga solishda, o‘zlashma atamalarning o‘zbekcha muqobillarini tanlashda, o‘zbek harbiy terminologiyasi va lug‘atchiligini rivojlantirishga katta hissa bo‘lib qo‘shiladi. Qo‘llanmadan “Temurbeklar maktabi”, harbiylar, olimlar va tadqiqotchilar foydalanishlari mumkin.

“O‘zbek tili meʼyorlari (punktuatsiya)” kitobida zamonaviy o‘zbek punktuatsiyasi meʼyorlari, tinish belgilarining qo‘llanishi kabi turli masalalar haqida fikr yuritilgan bo‘lib, kitob ham lotin, ham kirill alifbolarida berilgan. Bu kitob nafaqat nazariy, balki davlat boshqaruv organlari xodimlarining ish jarayonlarida foydalanishlari uchun eng yaqin metodik yordamchi sifatida amaliy ahamiyatga ham egadir.

“Ijtimoiy-siyosiy terminlarning qisqacha izohli lug‘ati” tilshunos olim A.Madvaliyev, N.Mahkamov, Sh.Ko‘chimov, Mirahmedova, Saydnoʻmonov tomonidan tuzilgan bo‘lib, o‘zida 4400 ga yaqin ijtimoiy-siyosiy atama va atama birikmalari jamlagan. Lug‘at lotin alifbosida tayyorlangan bo‘lib, har bir so‘zlikning etimologiyasi, bir nechta maʼnolari keltirib o‘tilganligi bilan mazkur lug‘at keng ommaga mo‘ljallangan.

Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan standartlashtirish, sertifikatlashtirish va muvofiqlikni baholash atamalarining izohli lug‘atini tayyorlash bo‘yicha ish olib borilmoqda, yaqin kunlarda ushbu lug‘atning ham taqdimoti o‘tkaziladi.

 

Naibaxon Mamadaliyeva,

Bosh direktorning maslahatchisi, fil.f.d.professor

25.09.2021 2133