"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

“Ц” tovushi o‘zbek tiliga begonami?

Ijtimoiy tarmoqlarda “Ц” harfi ortidan yana lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga tosh otuvchilar ko‘paydi. Bu borada turli qarashlarni ko‘rishimiz mumkin. Tilshunos sifatida bir narsani ta’kidlash kerakki, bu tovush aslida o‘zbek tilida bormidi?


“Ц” tovushi ishtirok etgan va o‘zbek tili lug‘ati tarkibiga kirgan yuzdan ortiq so‘zlar misolida ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, bu so‘zlar rus tili orqali o‘zbek tiliga kirib kelgan. Lekin bu so‘zlarning kelib chiqishini ko‘radigan bo‘lsak, rus tiliga ingliz, nemis, lotin va boshqa tillar orqali kirib kelgani, muhimi, bu so‘zlarning tarkibida aslida “Ц” emas, boshqa tovush sifatida talaffuz qilinishini ko‘ramiz. Masalan:


Акциз – fr. аccise

Аттракцион – fr. attraction

Концентрат – lot.concentratus

Концепция – lot. conception

Концерт – fr. concert, ital. concerto, lot. concertare

Концессия – lot. concession

Муниципализация – fr. municipalisation, lot. munici pium

Приватизация – lot. privatus

Принцип – lot. principium

Провинция – lot. provincial

Сценарий – ital. scenario, lot.  scenarius

Цемент – lot. caementum

Цензура – lot. censura

Цент – ing. cent, lot. centum

Центнер – nem. Zentner

Централизм – ing. centralism, lot. centrum

Цех – nem. Zeche

Цивилизация – fr.civilization, lot. civilis

Цикл – yun. kyklos

Цирк – lot. circus

Циркуляр – nem. lot. circularis

Цистерна – lot. cisterna

Цитата – lot. citatum, citare

Цитрус – lot. citrus

 

O‘zbek tilining izohli lug‘atida yuqoridagi so‘zlarning asli kelib chiqishini ko‘radigan bo‘lsak, ulardan “Ц” tovushi emas, balki “Z”, “S”, “Ch” ga yaqin tovushlar ishtirok etganini, rus tiliga bu so‘zlar o‘zlashgandagina “Ц”ga o‘zgarganini ko‘rish mumkin.


Barcha tillar boshqa tillardan so‘z olish hisobiga lug‘atini boyitib boradi, bu dunyo tillari uchun tabiiy jarayon. So‘zlarni o‘zlashtirishda har bir til o‘zining ichki imkoniyatlaridan, talaffuz me’yorlaridan kelib chiqib o‘ziga moslashtiradi. Tabiiyki, bu jarayonda bir tovushning boshqa bir tovushga almashishi hodisasi kuzatiladi. “Ц” bilan ham shunday.


Qaysidir til orqali kirib kelish shakliga emas, shu so‘zlarning asosiga e’tibor qaratsak va shundan kelib chiqib o‘zbek tilining til me’yorlari asosida o‘zimizga moslashtirib qabul qilsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi.


“Цех” so‘ziga keladigan bo‘lsak, bu so‘z lotin tilida yozilganda inglizcha emas, o‘zbekcha, o‘zbek tili imlo qoidalariga asoslanib talaffuz qilsak, hech qanday muhokamaga o‘rin qolmaydi. Bu so‘z O‘zbek tilidagi matn orasida kelganda, shubhasiz, o‘zbek tilida talaffuz qilinishi hammamizga ma’lum. Bu so‘zni noto‘g‘ri talaffuz qilib, noto‘g‘ri fikrlab, o‘zbek tili imlosiga tosh otuvchilar ozgina mulohaza qilishsin. Qolaversa, bu so‘z o‘rnida o‘zbek tili lug‘atidagi muqobil variantidan ham foydalanish mumkin. Masalan, “bo‘g‘in”, “bo‘lim” so‘zlari.


Shu o‘rinda, tilimizda rus tili orqali o‘zlashgan “ция” bilan tugaydigan so‘zlar ham ko‘p qo‘llanadi. Masalan: адаптация (lot. adaptatio), аккредитация (lot. accredo), инвестиция (nem. investition, lot. investire), коммуникация (lot. communicatio), конвертация (lot. convertatio), концепция (lot. conceptio), механизация (y. mechane) va shu kabilar. Yuqoridagi kabi so‘zlar ham o‘zbek tili talaffuzi va imlo me’yorlari asosida o‘zlashtirilmagan. Kelgusida bu kabi so‘zlarni o‘zlashtirishda o‘zbek tili imlo me’yorlariga amal qilish maqsadga muvofiq.


O‘zbek tiliga “Ц” ishtirok etgan so‘zlarni rus tili qonun-qoidalari asosida emas, balki o‘zbek tili talaffuz me’yorlariga moslashtirish orqali yuqoridagi muammolar ijobiy hal qilinishiga erishiladi va bilib-bilmay munosabat bildirishlarga chek qo‘yiladi. Jadid bobolarimiz aytganidek, tilimizga mehmon bo‘lib kirgan so‘zlarga o‘z to‘nimizni kiydirsak, milliyligimizni saqlab qolgan bo‘lamiz.


Go‘zal QODIROVA,

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi

 

06.10.2021 2496