"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Ma’naviyat va til egizak

Ma’naviyatni tildan, tilni esa ma’naviyatdan ayro tasavvur etib bo‘lmaydi. Kishilik tarixidagi barcha ma’naviy boyliklar bizga til orqali yetib kelgan. Xalq dostonlari, qo‘shiqlari, afsonalari, ertaklari og‘izdan og‘izga o‘tib bizgacha yetib kelgan va bugun ma’naviy merosimizga aylangan.

Yurtimizda istiqomat qilayotgan barcha millat va elatlar o‘zbek tilini mustaqil O‘zbekistonning muqaddas timsollaridan biri deb biladi, uni o‘qib-o‘rganadi. Eng muhimi, ular ham o‘z ona tili va madaniyatini rivojlantirishi uchun mamlakatimizda barcha imkoniyatlar yaratilgan.

Ta’kidlash kerakki, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo‘lidagi muhim qadamlaridan biri bo‘lgan edi. Istiqlol yillarida mamlakatimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi tilimiz taraqqiyotida ham muhim o‘zgarishlar yuz berdi. O‘zbek tilining xalqaro miqyosda obro‘si oshdi. “Davlat tili haqida”gi qonun ona tilimizning bor go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratdi. Olimlar va mutaxassislar tomonidan ilm-fan va turli sohalarga oid ensiklopediya va lug‘atlar, darslik va o‘quv qo‘llanmalar chop etildi. Mumtoz adabiyotimiz namunalari, sakson mingdan ziyod so‘z va so‘z birikmasini, fan, texnika, sanoat, madaniyat va boshqa sohalarga oid atamalarni, shevalarda qo‘llanadigan so‘zlarni o‘z ichiga olgan besh jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” bu borada qilingan ishlarning eng muhimlaridan biri bo‘ldi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligida ham ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tizimli tashkil etish maqsadida Ma’naviyat va ma’rifat kengashi tashkil etildi, 2021-yil uchun “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Tizimdagi 228 ta korxona, tashkilot va muassasada ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil qilish maqsadida mas’ul xodimlar belgilandi. Ularning siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, ma’naviy va kasbiy bilimlarini oshirish bo‘yicha vazirlik tomonidan ma’naviyat va ma’rifat soatlari mavzulari rejasi tasdiqlandi. Ushbu mavzular bo‘yicha 20 ta videodars tayyorlanib, vazirlikning masofaviy o‘qitish tizimiga joylashtirildi.

Hozirgi paytda vazirlikka qarashli 25 ta tashkilotda 2,5 million nusxadan ortiq adabiyoti bo‘lgan kutubxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Istiqlol bayrami arafasida “Mustaqilligimizning 30 yilligi: istiqlol uchun jon fido etgan ma’rifatparvar jadidlar” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Tadbirda Qishloq xo‘jaligi vazirligining Toshkent shahri va viloyatidagi tashkilotlari xodimlari, Toshkent davlat agrar universiteti professor-o‘qituvchilari hamda talabalari ishtirok etdi. Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir dasturi doirasida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi direktori o‘rinbosari G‘.Hamroyev “Jadidchilik harakati, millat taqdiri va til siyosati”, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Shukur Qurbon “Jadidlarning milliy ma’naviyat rivojiga qo‘shgan hissalari”, Toshkent davlat agrar universiteti o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri D.Muhitdinova “Erk va ma’rifat uchun kurashgan fidoyilar. Jadidlarning ma’rifatparvarlik faoliyati, yurt istiqloli yo‘lidagi beqiyos xizmatlari” mavzusidagi ma’ruzalari bilan qatnashdi.

Tizimdagi 228 ta tashkilot, korxona va muassasaning barchasida rasmiy blankalar, muhrlar, burchak shtamplari, 219 tasida ma’muriy binolardagi peshlavhalar, kabinetlar eshiklaridagi yozuvlar lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida tayyorlanib, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga to‘liq muvofiqlashtirildi.

Vazirlik tizimidagi boshqaruv apparati xodimlarining lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ish yuritish asoslari bo‘yicha 20 soatlik o‘quv rejasi asosida maxsus videodarslar tayyorlanib, vazirlikning masofaviy o‘qitish tizimiga joylashtirildi. Ulardan tizimdagi boshqaruv apparati barcha xodimlarining mustaqil ravishda va jamoaviy mashg‘ulotlarda bilim hamda malakalarini oshirish imkoniyatlari yaratildi.

Davlat tili mavqeyini mustahkamlash va uning xalqaro miqyosda nufuzini oshirish maqsadida AQShning Michigan shtati universiteti professori Temur Xo‘ja o‘g‘li bilan videokonferensiya shaklida muloqot o‘tkazildi. Unda xorijiy oliy ta’lim muassasalari talabalariga o‘zbek tilidan ta’lim berish borasida amaliy-uslubiy hamkorlik qilish, ularga millatimizning madaniyati, ma’naviyati va tarixiy qadriyatlarini targ‘ib etish, yozgi ta’til davrida xorijiy talabalarning tizimdagi oliy ta’lim muassasalarida til amaliyotlarini o‘tkazishi bilan bog‘liq masalalar muhokama etildi.

Mamlakatimiz qadimdan dehqonchilik madaniyati rivojlangan yurtlardan biri sifatida e’tirof etiladi. Hozirgi paytda ilg‘or xorijiy tajriba va zamonaviy texnologiyalar, fan-texnika yutuqlari sohada jadallik bilan joriy qilinmoqda. Shu bilan birga, sohaga ko‘plab yangi xalqaro va xorijiy so‘zlar kirib kelmoqda. Ushbu jihatlarni hisobga olib, Toshkent davlat agrar universiteti professor-o‘qituvchilari bilan hamkorlikda “Qishloq xo‘jaligi terminlari izohli lug‘ati” loyihasi ishlab chiqildi.

Vazirlik tizimidagi beshta oliy ta’lim muassasasida “O‘zbek tilining qo‘llanilishi” fani o‘quv rejaga kiritildi. 2021-2022-o‘quv yilida bakalavriat va magistratura mutaxassisliklari o‘quv dasturi asosida sohaga oid, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida 100 dan ortiq yangi avlod darslik va o‘quv qo‘llanmani lotin alifbosida yaratish belgilandi.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi tomonidan muntazam tashkil etilib kelinayotgan o‘quv kurslarida vazirlik markaziy apparati va hududiy tizim tashkilotlari xodimlari bilim va malakalarini oshirib kelmoqda.

Xulosa qilib aytganda, vazirligimizda ma’naviy boyligimiz bo‘lgan tilimiz ravnaqi uchun xizmat qiladigan barcha ishlarga keng yo‘l ochilgan.


Eshmirza ABDUALIMOV,

O‘zbekiston  Respublikasi  qishloq xo‘jaligi  vaziri  maslahatchisi

“Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 2021-yil 30-sentabrdagi 195-soni

 


    

07.10.2021 2062