"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Yoshlar va qadriyatlar

Bugungi kunda jamiyatda maʼnaviy qadriyatlarni tiklash, axloqiy ideallarni shakllantirish va millatning, ayniqsa, yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish ustuvor vazifadir. Yosh avlodni zamonaviy bilim va tajribalar, milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida mustaqil va mantiqiy fikrlaydigan, ezgu fazilatlar egasi boʻlgan jismonan va maʼnan sogʻlom, vatanparvar insonlar etib voyaga yetkazish uchun barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar etish talab etiladi. Negaki, maʼnaviy-axloqiy rivojlanish mamlakatni modernizatsiya qilishning asosiy omillaridan biri hisoblanadi.

“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazi jamiyatda fuqarolarning qadriyatlarini oʻrganish, soʻnggi yillardagi ijtimoiy-iqtisodiy oʻzgarishlar va hayotning barcha sohalarining erkinlashtirilishi taʼsirida aholining, ayniqsa, yoshlarning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, axloqiy, huquqiy ongida sodir boʻlayotgan asosiy oʻzgarishlarni aniqlash maqsadida “Oʻzbekiston fuqarolarining qadriyatlari” mavzusidagi sotsiologik tadqiqotni muntazam ravishda monitoring tartibida oʻtkazib keladi. Tadqiqot natijalariga koʻra, Oʻzbekistonda roʻy berayotgan ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy oʻzgarishlar fuqarolar va, ayniqsa, yoshlarning qadriyatlar tizimiga oʻz taʼsirini koʻrsatmoqda.

Jumladan, soʻrov natijalari maʼnaviy-axloqiy xususiyatlar va eʼtiqodlar oʻzbekistonliklarning asosiy qadriyatlari tarkibida markaziy oʻrinni egallashini koʻrsatdi. Mamlakat aholisining ijtimoiy ongida anʼanaviy ravishda erkin, ozod hayot kechirish va inson huquqlariga amal qilinishi, salomatlikni saqlash, baxtli oila qurish, farzandni dunyoga keltirish va tarbiyalash, oʻqimishlilik, yaxshi ish va munosib moddiy ahvol, yuksak professionallik, tadbirkorlik, mustaqillik, mehnatsevarlik, masʼuliyat, barkamollik va yangi ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarga moslashish kabi maʼnaviy-axloqiy qadriyatlar asosiy qadriyatlar sifatida saqlanib qolmoqda.

Fuqarolarning fikriga koʻra, har bir oʻzbekistonlik hayotidagi asosiy qadriyat bu - oila, u inson uchun ishonchli tayanch, bitmas-tuganmas mehr-muhabbat, oʻzaro hurmat, tushunish va sabr-toqat manbai ekanligiga respondentlarning ishonchi komil. Ularning taʼkidlashlaricha, mustahkam oilaviy munosabatlar – bu yetuk, masʼuliyatli jamiyatning poydevori, yurtimiz baxtli kelajagining kafolatidir. Shuningdek, mamlakat aholisi uchun qarindoshlar va doʻstlarga gʻamxoʻrlik, keksalarga yordam va yosh avlodni qoʻllab-quvvatlash, ishonch, mehr-oqibat, sadoqat, oʻzaro tushunish, oila aʼzolariga hurmat ham asosiy qadriyatlar hisoblanadi.

Inson hayotining muhim qadriyati va boyligi sifatida oilaning barqarorligi zamonaviy jamiyat hayotining asosini tashkil etadi, mamlakatning demografik, iqtisodiy va ruhiy-ijtimoiy salomatligiga bevosita taʼsir koʻrsatadi. Markaz tomonidan “Oila toʻgʻrisida oʻzbekistonliklarning fikri” mavzusida oʻtkazilgan soʻrov jarayonida inson hayotida oilaning roliga oʻzbekistonliklar bergan baholarning umumiy tendensiyalari aniqlandi. Soʻrov natijalari oʻzbekistonliklarga oilaning inson hayotidagi roliga tafovutli baho berish xosligini koʻrsatdi, unda oilaning naslni davom ettirish uchun zarurligi va insonning ruhiy-ijtimoiy toʻkisligi uchun manba sifatidagi oʻrni toʻgʻrisidagi tasavvurlar asosiy hisoblanadi.

Yosh oilalarda munosabatlar muvaffaqiyatini taʼminlashda, soʻralganlarning fikriga koʻra, qizlarning maishiy muammolarni mustaqil hal qila olishlari, xoʻjalik yurita bilishlari, yigitlarning esa, moddiy mustaqil boʻlishlari, barqaror doimiy ishga yoki daromad manbasiga ega boʻlishlari kabi gender oʻziga xoslikni tavsiflovchi omillar juda muhim hisoblanadi.

Soʻrov natijalarining koʻrsatishicha, bugungi kunda oʻzbekistonliklar moddiy mustaqillik va moliyaviy alohidalik boʻlishini, oila uchun alohida doimiy uy-joyning mavjudligi va boʻlgʻusi juftlikning jismonan sogʻlomligi hamda maʼnan bir-biriga mosligini oila qurish uchun asosiy shartlar deb hisoblaydilar. Ayni paytda Oʻzbekiston jamoatchiligi fikrida oʻzaro muhabbat hamda ota-ona maslahati bilan boʻlgʻusi kelin yoki kuyovni tanlash va nikohga kirish anʼanalari asosida qurilgan oila haqidagi tasavvurlar ustuvorlik qiladi.

Tadqiqotda oʻzbekistonliklarning yoshlarni oila qurishga tayyorlashning zarurligi toʻgʻrisidagi gʻoyani qoʻllab-quvvatlash tendensiyasi aniqlandi. Soʻrov ishtirokchilarining fikricha, oilaga tayyorlash jarayonida yoshlarning ota-onalari asosiy rol oʻynashlari kerak.

Oilalardagi nizolar sabablari haqidagi tasavvurlar moddiy qiyinchiliklar va oila aʼzolari oʻrtasidagi oʻzaro tushunmovchiliklar bilan bogʻliq. Soʻrovda yurtdoshlarimiz er-xotin, qaynona va kelin, ona bilan qiz, hatto qaynota va kelin oʻrtasidagi nizolarni eng koʻp uchraydigan nizolar sifatida koʻrsatishdi.

85,3 foiz ishtirokchilar oilada er tomonidan ayolga nisbatan jismoniy zoʻravonlik qoʻllashga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi, degan fikrdalar. Lekin soʻrov ishtirokchilarining asosiy koʻpchiligi tomonidan oilada zoʻravonlik muammosi qoralanishiga qaramasdan har oʻninchi respondentning ayrim, alohida hollarda zoʻravonlik qoʻllanilishi mumkin, deb hisoblashi tashvishli holdir. Respondentlar ushbu fikrining amaldagi ifodasi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi mutasaddilari ishtirokida oʻtkazilgan matbuot anjumanida qayd qilindi: mamlakatda xotin-qizlarga nisbatan qayd etilgan tazyiq va zoʻravonlik holatlarining 73 foizi ularning oilalarida sodir etilgan.

Umuman olganda, soʻrov natijalari oila maʼnaviyatini mustahkamlashga yoʻnaltirilgan tadbirlar sifati, targʻibot ishlarini yanada kuchaytirish va bu borada barcha davlat, nodavlat hamda jamoat tashkilotlarining imkoniyatidan keng foydalanish zaruriyatini koʻrsatdi. Bu boradagi saʼy-harakatlar va mavjud salohiyatlarning birlashtirilishi, shak-shubhasiz, oilaga jamiyat va davlatning eʼtibori yanada kuchayishiga, uning barqaror rivojlanishiga, oila manfaatlarini huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy himoya qilishni kuchaytirish boʻyicha oʻtkazilayotgan barcha ishlarni sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarishga, pirovard natijada esa jamiyatimiz hayotining ruhi sogʻlom va tetik boʻlib, uning iqtisodiy jihatdan taraqqiy etishiga imkon beradi.

Maʼnaviyat – inson ichki dunyosining bamisoli bir koʻzgusi, u insonning ruhiy va aqliy olami ifodasi. Maʼnaviyatga tamal toshi, avvalo, oilada qoʻyiladi, soʻng hayotda umr davomida, insonni oʻrab turgan muhit, yaqinlari taʼsirida, keyinchalik jamoada dunyoni oʻrganish, oq-qorani ajratish, yaxshi-yomonning farqiga borish, taʼlim va tarbiya jarayonida, ideallarga intilish va ularga taqlid qilish, dunyoqarashni kengaytirish va hayotiy andazalarga moslashish taʼsirida bosqichma-bosqich shakllanib boradi. U kishilarning falsafiy, huquqiy, ilmiy, badiiy, axloqiy, diniy va boshqa sohalardagi hayotiy tasavvurlari, barcha sohalarda orttirgan bilimlari hamda hayotiy tajribasini oʻz ichiga oladi va insonga butun umri davomida yoʻlchi mayoqdek yoʻl koʻrsatib boradi.

Hayotda maʼnaviyatning oʻrni hech qachon boʻsh boʻlmaydi, agar biz eʼtiborsizroq boʻlsak, uni boshqalar toʻldiradi. Oddiy misol, kundalik hayotda oddiy aloqa vositasi sifatida faoliyat boshlagan uyali telefon hammani, ayniqsa, yoshlarni oʻz toʻriga tortib olgan oʻrgimchakka aylandi. Aholining bir qismi iftixorimiz boʻlmish tilimizni buzib, yarim-yorti soʻzlashga odatlandi. Ijtimoiy tarmoqlardagi koʻpgina izohlarni oʻqib, buni yozayotgan odam qaysi maktabda oʻqigan ekan, deb oʻylaysiz beixtiyor. Boshqa tillardagi ayrim soʻzlarning hech bir istisnosiz hamma joyda, hatto ayrim ommaviy axborot vositalaridagi rasmiy xabarlar orqali ham toʻgʻridan-toʻgʻri tilimizga kirib kelayotgani-chi?! Misol uchun, “lider” soʻzi. Xolisona aytganda, juda chiroyli va jarangdor eshitiladi. Men zamonaviy axborot vositalarining hayotimizda tutgan oʻrnini va tilimizning zamonaviy atamalar hisobiga boyib borishini inkor etish fikridan yiroqman. Internet, smartfon, ijtimoiy tarmoqlardan oʻz oʻrnida ongli ravishda foydalanish insonning rivojlanishiga, uning kasbiy oʻsishi va maʼnaviy kamolotiga, umuman olganda, jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladi, jamiyat rivoji bilan birga til ham boyib boradi. Lekin meʼyor degan narsa ham bor. Agar zamonaviy taraqqiyot vositalaridan ongli ravishda foydalanishni maʼnaviy immuniteti shakllanmagan yoshlarga oʻrgatmasak, oʻz tilimizda muqobili yetarlicha boʻlgan soʻzlarni ham boshqa tillardan chiroyli yoki jarangdor deb indamay oʻzlashtiraversak, chek-chegarani bilmasak, bu shiddatli dunyoda ommaviy madaniyatning kishi bilmas xurujidan asl milliy va umuminsoniy qadriyatlarimizni qanday saqlab qolamiz?!

Inson maʼnaviyatini shakllantirishda kitob mutolaasining oʻrni beqiyos ekanligi azaldan maʼlum. Markaz tomonidan “Yoshlarning kitob mutolaasiga munosabati” mavzusida oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra, kitob mutolaasida Internetning roliga nisbatan umuman olganda ziddiyatli baho berilayotganligi aniqlandi: respondentlarning qariyb yarmi (48,1%) Internetdan kitoblarni qidirish va yuklab olish uchun manba sifatida foydalanadi. 56,5% respondentlar yoshlarning ijtimoiy tarmoqlarga berilganligi ular tomonidan kam kitob oʻqilayotganligining yoki umuman oʻqilmayotganligining asosiy sababi, deb hisoblaydilar. Bundan tashqari, kitob oʻqishga qiziqadigan yoshlar sonining birmuncha kamayishi respondentlar tomonidan yoshlarning pul topishga berilganligi, ota-onalar farzandlarida kitob oʻqishga qiziqish uygʻotish bilan shugʻullanmayotganligi, yoshlar tomonidan kitob oʻqish zerikarli va qiziqarsiz mashgʻulot sifatida idrok etilayotganligi bilan izohlanadi.

Soʻrov natijalarining koʻrsatishicha, yoshlar uchun kitob mutolaasi soʻrov ishtirokchilarining qariyb uchdan biriga maʼnaviy ozuqa manbasi, chorak qismiga umumiy dunyoqarash va savodxonlikni rivojlantirish usuli boʻlib xizmat qiladi, har besh nafar respondentdan biri mutolaadan rohatlansa, har oltinchi ishtirokchiga mutolaa oʻqishda qoʻshimcha bilimlar olishga yordam beradi.

Soʻralgan yoshlarning yarmi kitob oʻqib turadi, ammo u yoki bu sababli, asosan vaqt yetishmasligiga koʻra yoshlar tomonidan kitob mutolaa qilinmayotganligi kabi tashvishli tendensiya ham koʻzga tashlanmoqda.

Soʻrov natijalariga koʻra, yoshlar oʻz bilim darajasini oshirish orqali inson salohiyatini amalga oshirish mumkinligiga ishonadilar. Ularning fikriga koʻra, oliy maʼlumot olish ish haqining yuqori darajasi, martaba oʻsishi, moddiy farovonlik va moliyaviy barqarorlikni kafolatlaydi. Yoshlar mehnat bozorida raqobatbardosh, talabgir boʻlish uchun yaxshi maʼlumotga ega boʻlish kerakligini anglaydilar, ular hayotda muvaffaqiyatga, kasbiy faoliyatda yutuqlarga erishishga va jamiyatda oʻzlarini ishonchli his etish hamda yangi maqsadlar sari harakatning yangi strategiyalarini yaratishga imkon beradigan ijtimoiy vosita - taʼlim ekanligini yaxshi tushunadilar.

 Yosh avlod vakillari oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovda ular hayotdagi maqsadlariga qanday yoʻllar bilan erishmoqchi ekanliklari aniqlandi. Yoshlarning aksariyati oʻz maqsadlariga, asosan, bilim olish va oʻz mehnati bilan 76,4 foiz erishishga intilishadi. Bu, oʻz navbatida, shaxsiy kuch va imkoniyatlarga ishonishga nisbatan ijobiy munosabatni belgilaydi.

Oʻtkazilgan soʻrov natijalari mamlakat zamonaviy yoshlarining ijobiy kayfiyati va sobitqadamligini, qadriyatlar tizimiga ularning alohida eʼtiborini hamda intellektual va kasbiy oʻsishga intilishini taʼkidlaydi. Yoshlarning davlat va jamiyat hayoti bilan hamnafasligi hamda davlat tomonidan yoshlar muammolariga alohida eʼtibor, shuningdek, har tomonlama qoʻllab-quvvatlash istiqbolda mamlakat, jamiyat va umuman millatning samarali va barqaror holatiga bo`lgan ishonchni taʼminlaydi. Yoshlarni maʼnaviyatga oshno qilish yosh avlodda milliy va umuminsoniy qadriyatlarni tarbiyalash ishiga xizmat qiladi. Millatning zakovati va maʼnaviyatini rivojlantirish esa davlat ahamiyatiga molik vazifadir.


Ulboʻsin ABDUMALIKOVA,

“Ijtimoiy fikr” respublika

 jamoatchilik fikrini oʻrganish

 markazi direktori maslahatchisi

07.10.2021 2132