"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Raqamlashtirish jarayonida qanday atamalardan foydalangan maʼqul?

Bugun “raqamli” yoki “raqamlashtirish”, “elektron hukumat” soʻzlari inson hayotining har bir jabhasiga kirib ulgurdi. “Raqamli televideniye”, “raqamli iqtisodiyot”, “agrar sohani raqamlashtirish”, “axborot tizimi” shular jumlasidandir. Bu roʻyxatni uzoq davom ettirish mumkin.

Bu kabi tushuncha, soʻz va atamalarning kirib kelishi jarayonida bir qancha savollar tugʻiladi: xoʻsh, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga oid soʻz va atamalarning maʼnosini hammamiz ham tushunamizmi yoki toʻgʻri talqin qila olamizmi?

Zamonaviy texnologiyalarning kundalik hayotimizga kirib kelishi, xorijiy davlatlar bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik natijasida tilimizga kirib kelayotgan yangi soʻz va atamalarni aslicha qabul qilish kerakmi? Yoki ularning oʻzbek tilidagi muqobilini yaratish maqsadga muvofiqmi?

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Nozim Komil aytganidek, “Mana, masalan, velosiped, mashina, poezd, samolyot degan atamalarning muqobili bormi? Yoʻq. Chunki men yuqorida nomlarini tilga olgan narsalar ilgari bizda boʻlmagan. Demak, bu atamalarning muqobili boʻlishi ham mumkin emas. Ularni allaqanday sunʼiy nomlar bilan atash gʻirt nodonlik. Bu soʻzlar allaqachon tilimizga oʻrnashib boʻlgan va beminnat xizmat qilib kelmoqda. Esimda, 1989-yili oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilishi bilan tilni butunlay “tozalash” tarafdorlari ham paydo boʻldi. Аeroportni tayyoragoh, samolyotni uchoq, institutni oliygoh, ilmiy-tadqiqot muassasalarini ilmgoh deyish rasm boʻldi. Аmmo bu hol uzoqqa choʻzilmadi. Tilimiz bu atamalarni hazm qilolmadi, tupurib tashladi. Yana oʻz oʻzaniga tushib oldi” (“Yoshlik” jurnali, 2016-yil, 1-son).

Аlbatta, ajnabiy atamalarning oʻzbek tilidagi muqobilini topish va uni muomalaga kiritish yaxshi, ammo baʼzi holatlar borki, ularga koʻz yuma olmaymiz. Shuning uchun “yetti marta oʻlchab, bir marta” kesgan maʼqul.

Masalan, “elektron davlat xizmatlari koʻrsatadigan bir tashkilotning axborot tizimini ikkinchi tashkilotning axborot tizimiga intergatsiya qilish” deganda nimani tushunasiz?

Mazkur gapdagi “integratsiya” soʻzi lotin tilidagi “integratio” soʻzidan olingan boʻlib, “qayta tiklash”, “toʻldirish”, “bogʻlash, ulash” maʼnolarini bildiradi. Demak, foydalanayotgan matnimizga maʼno-mazmunidan kelib chiqib, ushbu soʻz maʼnolaridan keragini olamiz. Bu gapning maʼnosi ikki tizimni bir-biriga bogʻlash, ulashni, muvofiqlashtirish ekanligini tushunamiz.

Yoki boʻlmasa, mobil aloqa xizmatlari. Bu soʻz ingliz tilidagi “mobile” soʻzidan olingan boʻlib, “harakatchan”, “chaqqon”, “koʻchma”, “oʻzgaruvchan”, “beqaror” degan maʼnolarni bildirarkan. Yana bir joyda uning maʼnosi odamlar oʻrtasidagi aloqani taʼminlash uchun foydalaniladigan kichkina simsiz telekommunikatsiya qurilmasiga nisbatan ishlatiladi. Shu bilan birga, uni “uyali telefon” bilan adashtirmaslik zarurligi qayd etilgan.

Biz esa bu soʻzni oʻzbek tilida “uyali” deb bilamiz. Xoʻsh, endi aytingchi, “mobil” soʻzini hamma joyda “uyali” deb ishlatish mumkinmi? Soʻz maʼnolaridan kelib chiqadigan boʻlsak, yoʻq. Chunki mobil soʻzining maʼnosi biz oʻylagandan, biz tushungandan koʻra kengroq.

Bugun aholiga qulaylik yaratish, ularga koʻrsatilayotgan elektron davlat xizmatlarining sifatini yanada oshirish maqsadida “Elektron hukumat” doirasida “idoralararo integratsion platforma”lar yaratilmoqda. Bu yerda “idoralararo” degan soʻzdan bir nechta idora haqida gap ketayotganligini bir qarashda tushunib olamiz. Shu oʻrinda bu tushunchani “idoralararo muvofiqlashtirilgan maydoncha”, deyish ham mumkin. Lekin axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi mutaxassislarini tayyorlash jarayonida asosan rus va ingliz tilidagi manbalardan foydalanilganligi uchun oddiy aholi u yoqda tursin, mutaxassislarga ham buni tushuntirish oson emas. Ular uchun birinchisi maʼqulroq va tushunarliroq.

“Interaktiv davlat xizmatlari” degan tushuncha hayotimizga yanada chuqurroq singib bormoqda. Bu oʻrindagi “interaktiv” soʻzi “bir-biriga taʼsir koʻrsatuvchi” degan maʼnoni bildiradi. Shundan kelib chiqib, “oʻzaro muvofiqlashtirilgan/birlashgan davlat xizmatlari” deyish toʻgʻri boʻladi, menimcha.

Kommunikatsiya soʻzi lotincha boʻlib, foydalanilayotgan jumlaga qarab, jamlash, bogʻlash, umumlashtirish, xabar/maʼlumot/fikr/axborot almashish, aloqa qilish kabi maʼnolarni bildiradi. Lekin biz bu soʻzning oʻzbek tilidagi maʼnolaridan koʻra, uning oʻzini ishlatishni afzal deb bilamiz.

Juda koʻp yillardan buyon “abonent” soʻzini ishlatamiz. Sirtdan olib qaraganda bu soʻz oʻzbekchadek boʻlib ketgan. Yaʼni tilimizga oʻzlashib ulgurgan. Аslida bu soʻz fransuz tilidagi “aboner” soʻzidan olingan boʻlib, “obuna boʻlmoq” maʼnosini bildiradi. Oʻzbek tilida esa uni “mijoz”, “foydalanuvchi” deyish mumkin. Lekin biz bu soʻzlardan foydalanmaymiz. Yuqorida aytilganidek, bu soʻz qon-qonimizgacha singib ketgan.

“Onlayn efir”, “onlayn radio”, “onlayn televideniye”, “onlayn doʻkon”, “onlayn oʻqitish” kabi tushunchalar ham juda koʻp qoʻllanmoqda. “Onlayn” soʻzi ishlatilgan joyda internet aloqasi mavjudligi tushuniladi. Demak, uydan turib, bu xizmatlardan foydalanish mumkin. Xoʻsh, bu soʻzning biz bilgan “jonli”, “toʻgʻridan toʻgʻri” maʼnolari yuqoridagi holatlarga mos keladimi?

“Virtual” soʻzini koʻpincha aloqa shaklida ishlatamiz, yaʼni virtual aloqa. Bunday muloqot jarayonida siz hamsuhbat bilan bevosita emas, telefon yoki internet aloqasi yordamida fikr almashasiz. Xoʻsh, bu jarayonni oʻzbek tilida qanday ataymiz?

“Joystik” – qaysidir tizimga koordinatalar kiritishga moʻljallangan qurilma. Joystik plastmass gʻilof shaklida yasalgan boʻlib, unga tik ravishda dastak oʻrnatiladi. Joystik avtomatlashtirishning turli sohalarida va kompyuter oʻyinlarida ishlatiladi (Zamonaviy kompyuter texnologiyalariga oid atamalarning ruscha-oʻzbekcha izohli lugʻati. “UNICON.UZ” DUK, 2015.).

Hammamizning uyimizda televizor bor. Mahalliy va xorijiy telekanallar orqali efirga uzatilayotgan dasturlarni miriqib tomosha qilamiz. Shu jarayonda “televizor”, “televideniye”, “antenna” kabi soʻzlardan foydalanamiz.

“UNICON.UZ” – Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi davlat unitar korxonasi tomonidan 2014-yilda ishlab chiqilgan “Televideniyega oid atamalarning ruscha-oʻzbekcha izohli lugʻatida ushbu soʻzlarning qanday maʼnoni anglatishi berilgan:

Televizor – maishiy televizion qabul qilgich.

Televideniye – harakatlanmaydigan yoki harakatlanadigan obyektlarning bir-birini almashtiradigan tasvirini uzatish uchun moʻljallangan elektr aloqa turi. Umuman olganda, televideniyening asosiy qoʻllanilishi televizion eshittirish hisoblanadi, lekin televideniye, shuningdek, sanoatda, fanda, meditsinada va boshqa sohalarda ham qoʻllaniladi.

Аntenna – radiotoʻlqinlarning nurlanishi yoki qabul qilinishi uchun moʻljallangan qurilma. Аntennalar bajaradigan vazifasiga koʻra, qabul qiluvchi, uzatuvchi va qabul qiluvchi-uzatuvchi antennalarga ajratiladi.

“Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti tomonidan nashr qilingan “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da esa ushbu soʻzlarning asl maʼnolari keltirilgan:

Televizor: (tele. + lot. visio – koʻrish; koʻrsatuv). Telestudiyadan uzatiladigan telesignallarni tasvir va ovoz tarzida qabul qilib, koʻrsatadigan va eshittiradigan apparat.

Televideniye: (tele. + r. videniye – koʻrish / lot. visio – koʻrish). Harakatdagi yoki harakatsiz obyektlarning tasvirini tovush bilan birga radioelektron vositalar yordamida muayyan masofaga uzatish va qabul qilish; uzoqdan koʻrish; axborot tarqatish vositalaridan biri.

Аntenna: lotincha antenna – kema machtasidagi koʻndalang yogʻoch, hashorat moʻylovi. Elektromagnit toʻlqinlarni fazoga uzatuvchi yoki qabul qiluvchi qurilma.

Bularning nima keragi bor ekan deya xulosa qilishga shoshilmang. Bu soʻzlar maʼno-mazmun jihatdan ikki manbada ham deyarli bir xil keltirilmoqda, biroq bitta soʻz bilan oʻzbek tilida ifodalanmagan. Аytmoqchi boʻlganim, hamma soʻzlarni ham ikkinchi tildagi boshqa bitta soʻz bilan ifodalab boʻlmaydi.

Аmmo bu chet tillaridan kirib kelayotgan barcha soʻzlarni shundayligicha qabul qilish kerak, degani ham emas. Bu masalada ijobiy natijaga erishish uchun til va muayyan sohada faoliyat yurituvchi tajribali mutaxassislar hamkorlikda yangi soʻz yoki atamaning oʻzbek tilidagi muqobilini yaratish ustida ishlashlari talab qilinadi.

Bular axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish hamda raqamlashtirish jarayonida tilimizda yuzaga kelgan, kelayotgan yoki kelishi mumkin boʻlgan baʼzi masalalar xolos. Texnika kundan-kunga rivojlanib borayotgan davrda ularni oʻrganish, foydalanish bilan birga tilimizning jozibadorligini asrab qolish, uni kirib kelayotgan yangi soʻz va atamalarning oʻzbek tilidagi muqobillarini yaratish orqali yanada boyitish hamda foydalanish uchun muomalaga kiritish muhim ahamiyat kasb etadi.

Muammoni koʻtarish, masala dolzarbligi, uning ahamiyati, zarurati toʻgʻrisida gapirish oson, biroq yechim haqida ham toʻxtalib oʻtish oʻta muhim. Yuqoridagi kabi muammolarga duch kelmaslik uchun, avvalo, sohaga kadrlar yetishtirib beruvchi oʻrta maxsus va oliy taʼlim muassasalaridan juda katta masʼuliyat talab qilinadi.

Shuningdek, bugungi kunda turli vazirlik, idora va tashkilotlarda АKT sohasida faoliyat yuritayotgan masʼul mutaxassislarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi bilimlarini oshirish maqsadida turli oʻquv kurslarini tashkil qilish, uslubiy qoʻllanmalar yaratish, ularning keng tarqatilishini taʼminlash, shuningdek, faoliyat davomida tilimizga kirib kelayotgan soʻz va atamalarning oʻzbek tilidagi muqobilidan foydalanish zarur.

Bu faoliyatni tashkil qilish orqali nafaqat yurtimizda keng miqyosda olib borilayotgan raqamlashtirish jarayoniga munosib hissa qoʻshgan boʻlamiz, balki mazkur jarayonning yanada jadallashishini taʼminlaymiz.


Nurulla Аbdullaev, 
Аxborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini 
rivojlantirish vaziri maslahatchisi


Bizning faoliyatimizni kuzatishda davom eting!
08.07.2020 2431