"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

“O‘zbek tili” norasmiy kundalik aloqa tili emas, - u “DAVLAT TILIDIR”

Bugun ona tilimizni ommaviy ravishda va keng miqyosda, o‘zbek davlatchiligining har sohasida tafakkur ifodalarimizning omili sifatida qo‘llashimiz u qadar ko‘ngildagidek bo‘lmagani va bunda har birimizning tegishlicha aybimiz borligini his etamiz. Negaki, 1989-yilda «Davlat tili haqida» qabul qilingan Qonunga qariyb 30 yildan ortiq vaqt bo‘ldi. Qonun hech bir sohada o‘zining to‘la-to‘kis ifodasini topmadi.

Shu bois, yanada kuchli huquqiy asos beruvchi bir hujjatga, davlat tili amal qilishini tartibga soluvchi tashkilot faoliyatini yo‘lga qo‘yishga ehtiyoj sezildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2019-yil 21oktabrdagi PF-5850-son Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, mamlakatda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini yanada oshirish, davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish hamda davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga so‘zsiz rioya etilishiga erishish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-yanvardagi 34-sonli qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ushbu qarori asosida davlat organlari va xo‘jalik birlashmalari tuzilmalarida rahbarning ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etildi va ushbu yangi lavozimni egallagan mutaxassislarga yuqoridagi vazifalarni samarali amalga oshirish bo‘yicha juda katta mas’uliyat yuklatildi.

Aslida, dunyo ayvonida juda ko‘p kishilarda qiziqish uyg‘otib, katta minbarlarda yangrab borayotgan ona tilimizning go‘zalligini o‘zimiz namoyon etmasak, boshqa hech kim yordamga kelmaydi. Boshqa millatlar biz ularning so‘zlaridan qancha ko‘p foydalansak, shuncha mamnun bo‘ladi. Chunki o‘z so‘zini tinglagan kishining qalbida milliy g‘ururi uyg‘onishiga sababchi bo‘lamiz. Ehtimol, bu odatlarimiz o‘ta mehmondo‘stligimiz va ko‘ngilchanligimizdandir. To‘g‘ri, bu odatlar juda ham yaxshi. Biroq tilimizda bor atamalarni topib ishlatsak, aholi uni talaffuz qilishda ham, yozishda ham qiynalmaydi.

Zamon qanchalik rivojlanib borayotgan bo‘lsa, til ham mazkur ijtimoiy jarayonlarni shunchalik tez o‘zida namoyon qilib bormoqda. Har bir millat o‘z ona tiliga mas’ul bo‘lishi naqadar muhimligi bugungi hududlarni nomlash jarayonlarida ham yaqqol ko‘rinadi. Shu ma’noda nufuzli obyektlarga nom qo‘yilayotganda ham milliylikka alohida e’tibor berishimiz lozim. Hozirgi kunda tuman va shaharlarimizda ayrim yirik savdo majmualari  “AZIYA”, “MAKRO”, “FLAGMAN” nomlari bilan faoliyat yuritmoqda. Bu nomlar xalq orasida mo‘ljalni ifodalovchi obyekt sifatida, ya’ni, “Makro” supermarketi orqasida yashayman, “Flagman” supermarketi yonida tushaman, -degan iboralarni ommalashishiga yordam bermoqda. Bu nomlarni bora-bora joy nomiga aylanib ketishini inobatga olishimiz kerak. 

Shu o‘rinda bir ma’lumotni Siz bilan bo‘lishgim keldi. Shvedsiyada ingliz tilidan faol foydalanish natijasida turli soha faoliyatida shved tilidan foydalanilmay qo‘yildi. Shved tili davlat tili sifatida yo‘qolib bormoqda. Mustamlakachilik tarixiga ega bo‘lgan ko‘plab mamlakatlarda eski mustamlaka tillari ijtimoiy hayot tili hisoblanadi, ona tili esa faqatgina uyda foydalanish va norasmiy kundalik aloqada qo‘llaniladi.

Yuqoridagi jumlaga nazar solsangiz, insonni bir oz seskantiradi. Millat o‘z tilini yo‘qotsa uning millat sifatida yo‘qolish muddati aniqlanib qoladi. Shunday ekan, o‘z ona tilimizni “faqatgina uyda foydalanish yoki norasmiy kundalik aloqa” tili bo‘lib qolmasligi, uni dunyo tan olgan tillar qatoriga ko‘tarish har bir O‘zbekiston Fuqarosining muqaddas burchi ekanligini unutmasligimiz zarur.

 

Umidjon Xolmatov,

Qoʻshtepa tumani hokimining maslahatchisi


qoshtepa.uz

09.10.2021 2133