"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Til sofligini asrash - Vatan sarhadlarini himoya qilishdek sharafli vazifa

Bu yili “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilinganiga 32 yil to‘ladi. O‘tgan yillar davomida qonun hujjatlarida davlat tilining qo‘llanilish doirasi qatʼiy belgilangan bo‘lsada, rasmiy va idoraviy hujjatlarning boshqa tilda eʼlon qilinishi ziyolilarning haqli eʼtirozlariga sabab bo‘lib keldi. Xorijiy tillardan kirib kelgan so‘zlarning o‘zbek tiliga tarjimasiz singib ketishi natijasida tilimizning sofligiga jiddiy putur yetdi.

So‘nggi yillarda davlat tiliga bo‘lgan eʼtiborning kuchayishi, til siyosatiga oid zarur meʼyoriy hujjatlar qabul qilinishi natijasida yo‘l qo‘yilgan xatolarni to‘g‘rilash, tilimizning sofligini taʼminlash bo‘yicha tizimli ishlar uchun sharoit yaratildi. Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish (hozirda Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish) departamenti va vazirlik, idoralarda ayni yo‘nalish bo‘yicha maslahatchi lavozimi joriy etildi. 

Bugun mazkur tuzilma til siyosati doirasida mavjud muammolarni aniqlash va bartaraf etish borasida eng maqbul yo‘l ekani maʼlum bo‘lmoqda. Shu munosabat bilan Moliya vazirligi tizimida ham davlat tili haqidagi qonun talablariga rioya etilishini taʼminlash maqsadida idoraviy hujjatlar qabul qilingan.

Maʼlumki, Davlat tili haqidagi qonun talablariga rioya etilishini taʼminlash bevosita har bir so‘zni o‘z o‘rnida va muqobilini qo‘llash bilan uzviy bog‘liq jarayon. Axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi, qolaversa, O‘zbekistonning jahon hamjamiyati bilan iqtisodiy integratsiyasi kuchayishi natijasida tilimizga har yili yuzlab yangi so‘z birikmalari va atamalar kirib kelmoqda. Eʼtibor bersangiz, ularning katta qismi asl holicha isteʼmolga kirishib ketmoqda.

Yana bir jihat, so‘nggi yillarda aholining moliyaviy savodxonlik darajasi sezilarli darajada oshganligini kuzatish mumkin. Bugun xonadonida tadbirkorlik bilan shug‘ullanmayotgan yurtdoshlarimiz kam topiladi. Bundan o‘n-o‘n besh yil oldin faqat moliya-iqtisodiyot xodimlari, olimlar tomonidan ishlatilgan, tor doirada qo‘llanilgan byudjet, dividend, konvertatsiya, chek kabi ko‘plab atamalar hozirda omma tomonidan ham keng qo‘llanilmoqda. Masalaning yana bir tomoni bor, hozirda autsorsing, intensiv, klaster, kliring, monetizatsiya, fyuchers, taks fri, bek-ofis, front ofis kabi so‘zlar tilimizga qanday kirib kelgan bo‘lsa, shu holicha isteʼmolga qabul qilib olinmoqda.

Atamalarning birlamchi va ikkilamchi maʼnolarini chuqur tushunmasdan isteʼmolga qabul qilish birinchidan, tilimizning sofligiga salbiy taʼsir ko‘rsatadi.

Ikkinchidan, atamalarni noo‘rin qo‘llash — xalqaro moliyaviy munosabatlarda turli savollarni keltirib chiqarishi mumkin. Shuning uchun ham xorij so‘zlarining tarjimasini yoki uning til zaxiramizda mavjud muqobilini qo‘llash g‘oyat ehtiyotkorona munosabatni talab etadi.

Misol uchun, davlat xaridlari jarayonida mahsulot nomi va ularning tavsifi bilan bog‘liq boshqa tillardan kirib kelgan 4000 dan oshiq so‘z va atamalar ishlatiladi. Davlat xaridlarida ishlatiladigan birgina sovunning 20 ga yaqin nom va turlari bor. Yaʼni klassifikatorlar majmui tarkibiga kirgan nomlarning o‘z maʼnosida ishlatilmasligi, avvalo, shartnomaviy majburiyatlar to‘la bajarilmasligiga, eng tashvishlanarlisi, turli qonunbuzilish holatlariga ham yo‘l ochishi mumkin.

Bu tadbirlar tarjima yo‘nalishida ketayotgan ishlarning bir qismi bo‘lsa, ikkinchi yo‘nalish bu — moliya-iqtisodiyot sohasida qo‘llanilayotgan so‘z va atamalarni xorijiy tillardagi maʼnodoshlariga muvofiqligini taʼminlash, moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarini joriy etish bilan bog‘liq.

Sababi, O‘zbekiston jahonga tobora ochilib bormoqda. Xalqaro moliya institutlari bilan, xususan, Jahon banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki kabi ko‘plab tuzilmalar bilan yirik loyihalar amalga oshirilmoqda, investitsiya oqimi kengayib boryapti.

Bu holat o‘z-o‘zidan banklar va iqtisodiy tuzilmalar taransformatsiyasini, axborot-tahliliy hisobot va maʼlumotlarning xalqaro standartlarga muvofiq bo‘lishini taqozo etadi. Ayniqsa, xalqaro kredit liniyalari, grand va boshqa yirik loyihalar yuzasidan tayyorlanadigan hisobotlar maʼlum meʼyorlarga mos kelishi zarur.

Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-fevraldagi “Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o‘tish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida tanlov asosida Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga va unga tushuntirishlar matnlarini davlat tiliga tarjima qilish, davlat tilidagi Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari hujjatlarining dolzarbligini taʼminlash choralari ko‘rilmoqda.

Shuningdek, “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda, byudjet tashkilotlarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritishning xalqaro standartlariga o‘tishi munosabati bilan “UzASBO” dasturiy taʼminoti takomillashtirilmoqda.

Bu kabi vazifalarni amalga oshirishda, albatta, moliya-iqtisod, bank sohalariga oid izohli lug‘atlarga ehtiyoj seziladi. Biz bu haqda Vazirlar Mahkamasining Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish departamentiga murojaat qilganimizda, takliflarimiz inobatga olinib, departament qo‘llab-quvvatlovi bilan joriy yilda “O‘zbek tili bank-moliya terminlarining izohli lug‘ati” chop etildi. Lug‘at tayyorlanishi jarayonida Moliya vazirligi huzuridagi Byudjet-soliq tadqiqotlari instituti va O‘quv markazi mutaxassislari o‘z takliflari bilan ishtirok etdi.

Xulosa qilib aytganda, davlat tilida ish yuritish maʼlum bir vazifani bajarish bilan to‘xtab qoladigan jarayon emas. Taraqqiyot odimiga mos ravishda til siyosatini rivojlantirish, tilimiz sofligini asrash, uning qo‘llanilish imkoniyatlarini kengaytirib borishni taqozo etadi. Bu vazifamiz nuqtai nazaridan, qolaversa, shu yurt farzandi sifatida har birimizga masʼuliyat yuklaydi. Til boyligini asrash esa har birimiz uchun Vatan sarhadlarini himoya qilishdek, sharafli vazifadir.

 

Dilshod BO‘RIYEV,

Moliya vaziri maslahatchisi

11.10.2021 2098