"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Ona tili - muqaddas tushuncha

Har bir inson oʻz ona tilini ulugʻlaydi, koʻkka koʻtaradi. U orqali dunyoni taniydi, kashf etadi, jamiyatda oʻz oʻrnini topadi. Til – millatning koʻzgusi boʻlib, unda tarix, oʻtmish va kelajak jonlanadi. “Har bir millatning dunyoda borligʻini koʻrsatadurgan oyinayi hayoti – til va adabiyotidur”, – deya eʼtirof etadi Abdulla Avloniy.

Darhaqiqat, goʻdak tilga kirar ekan, tilida yangragan ilk soʻz oʻz ona tilida boʻladi. Oʻzbek tilimiz beshikdanoq qulogʻimizga singgan, onamiz, otamizning tili sanaladi.  Ona tilimizga boʻlgan hurmat, izzat-ikrom oʻz tilimizni avvalo, oʻzimiz qadrlashimiz bilan belgilanadi.

Avtobus salonida ishga shoshar ekanman, koʻzim jajji qoʻllari bilan onasiga koʻchadagi lotin alifbosida yozilgan reklama taxtasini koʻrsatib, “Oyi, bu yerda nima deb yozilgan?”, deyayotgan bolakayga tushdi. Onasi unga sergaklik bilan javob berdi:

–  “Lyustri”, – deb yozilgan oʻgʻlim.

– U nima degani? – soʻradi yana bola. Ona esa bolaga qandil nima ekanligini tushuntira ketdi. Mana shu bola kabi har birimiz harfni alifbodan, keyin mana shunday koʻcha-ko‘yda yozilgan turli qaydlardan oʻrganamiz. Demak, ularda bitilgan xatoliklar, tabiiyki, hayotga endi kirib kelayotgan oʻquvchilar ongiga singib boradi. Agar bola zukko boʻlsa, bu nuqsonlarni payqaydi, aksincha boʻlsa, ularni boricha qabul qiladi.

Birgina misol, katta bir bino oldidan oʻtib borarkanman, u yerdagi “Samarqand osh” degan yozuvni oʻqib qoldim. Oʻzimga o‘zim savol berdim, mana shu bannerni oʻz peshtaxtasiga osib qoʻygan “oʻzbek”lar nahotki “Samarqandcha osh” yoki “Samarqand oshi” deb yozish darajasida ham bilimga ega emaslar. Bu ham yetmaganidek, ular “Samarqand osh” bitigi tagiga, “вкусный” degan ruscha soʻzni ham yozib qoʻyishgan. Bu ikki tilda aralash-quralash, uzuq-yuluq yozilgan reklama banneri barchaning gʻashini keltirayapti-yu, bunga tamaddixona xodimlari beparvo. Balki, hozir maqolani oʻqiyotganlar, “Ha, endi, hamma ham tilshunos emas-ku! Qoʻying, tanqid qilavermang!”, degan fikrni hayolidan oʻtkazar. Lekin men bunga javoban, aslida bu reklama peshtaxtasidagi xatolikni toʻgʻrilash uchun tilshunos boʻlish shart emas, shunchaki hafsalali boʻlishning oʻzi kifoya qiladi, degim keladi.

Doʻkonda non xarid qilayotganimda ikki nafar qiz qoʻlimga reklama varaqasini uzatishdi. Chiroyli qilib, did bilan dizayn qilingan bu kichik qogʻoz koʻzni quvontiradi-yu beixtiyor, unda nima yozilganini oʻqishga tushdim. Oʻnlab imlo xatosi bilan bitilganlardan shuni angladimki, qoʻlimdagi qog‘oz yangi oʻquv markazi tashkil etilganidan darak berayapti. Unda bir necha xil tillar oʻrganish uchun yangi guruhlarga oʻquvchilar taklif etilgan. Oʻzimga oʻzim savol beraman, oʻzi savodsiz ustozlar va e’tiborsiz rahbariyat faoliyat olib borayotgan ushbu markaz oʻquvchiga nimani oʻrgatar ekan? Bu xulosaga, birgina men emas, balki boshqalarning ham kelishi tabiiy.

Biror muassasa, tashkilotga borarkanman, u yerdagi mijozlar uchun eslatma, yoʻriqnomalarni oʻqib qolaman. Aksariyat tashkilotlarda oʻzbek tilidagi “Q”, “Oʻ” va “H” harflari mutlaqo ifodalanmagan holda yozilgan matnlarga koʻzim tushadi. Goʻyo oʻzbek tilida bu uch harf umuman yoʻqdek, “Yoʻriqnoma” oʻrniga “Yo‘riknoma”, “Haqida”ning oʻrniga esa, “Xakida”, “Boʻladi” soʻzi esa “Buladi” kabi koʻrsatiladi. Natijada matnni zo‘rg‘a tushunib olasan, kishi.

Har birimiz koʻchaga otlanar ekanmiz, ust-boshimizning tozaligi, zamonga xosmi, boʻyinbogʻimiz bilan koʻylagimiz, sumkamiz bilan oyoq kiyimimizning rangi toʻgʻri keladimi, shular haqida obdan bosh qotiramiz. Agar har birimiz bilim – saviyamiz, ruhiy goʻzalligimiz haqida ham shu qadar jon kuydirganimizda edi, mana bu kabi tilimizga boʻlgan hurmatsizliklarga beeʼtibor qaramagan boʻlardik. Yoki chet tillarini oʻrganishga shosha-pisha kirishmasdan, avvalo, oʻz ona tilimizning qoidalarini mukammal oʻrganardik. Axir imlo qoidalariga amal qilmay fikrimizni yozma bayon qilishimiz, bizning bilimsizligimizning ifodasi emasmi? Menimcha, oʻzini hurmat qilgan inson bu kabi xatoliklardan oʻzini asrashga urinadi.

Kuni kecha mamlakatimizda oʻtkazilgan nufuzli kinofestivalning yopilish marosimida chet ellik ijodkorlardan biri oʻzbek sahnasida mehmonlarga qarata, oʻzbek tilida tashakkur izhor etib, “Katta rahmat”, deganida qalbim bir toʻlqinlandi. Boshqa millat vakilining zabonidan ona tilimizga xos iboraning yangrashi, ko‘nglimda iftixor tuygʻusini uygʻotdi. Beixtiyor ulugʻ bobolarimizning tilimiz rivoji yoʻlidagi jonkuyarliklarini esga oldim.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, eng katta xiyonat eʼtiqodga boʻlgan xiyonat sanaladi. Eʼtiqodimizning uzviy bir jihati ham tilimizga boʻlgan eʼtiborimiz bilandir. Bu haqiqatni tushungan holda har birimiz ona tilimizning boyligini, unga boʻlgan hurmatimiz va muhabbatimizni, tilimizni dunyo­ga tarannum etish bilan koʻrsatishimiz kerak. Ana shundagina biz boshqa millatlar oldida qadr topamiz.



Shahriyor MANSUROV

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vaziri maslahatchisi

12.10.2021 1957