"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Millat taraqqiyotiga daxldor

Mamlakatimizda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va nufuzini oshirish borasida nihoyatda muhim o‘zgarishlar, yangilanishlar amalga oshirilmoqda

Buni xususan, bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimidagi ishlarda ham yaqqol ko‘rish mumkin.

Tizimda ayni vaqtda ushbu yo‘nalishda jadal islohotlar davom etmoqda. Xususan, hujjat almashinuvi to‘liq davlat tilida amalga oshirilmoqda. Ish qog‘ozlari lotin yozuviga asos­langan o‘zbek alifbosiga o‘tkazilgan. Vazirlik va uning tasarrufidagi bino pesh­lavhalari va boshqa ko‘rgazmali axborot matnlari xatolarsiz joylashtirilishiga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

Xodimlarning lotin alifbosiga asoslangan davlat tilida ish yuritish borasida bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida qisqa o‘quv kurslari tashkil qilindi. «Davlat tilida ish yuritish» (lotin va kirill alifbosida), «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» (5 tomdan iborat to‘plam) kitoblar hamda turli sohalarga oid izohli lug‘atlardan iborat adabiyotlar xodimlarning ­faoliyatida muhim ahamiyatga ega risolalarga aylandi.

«Davlat tili to‘g‘risida»gi qonun buzilishi holatlarini aniqlash, uni bartaraf etish borasida vazirlik, idora va barcha tashkilotlar bilan hamkorlikda tizimli ishlashni yo‘lga qo‘yganmiz.

Shu o‘rinda sohada mazkur yo‘nalishdagi muhim ishlardan biriga to‘xtalib o‘tishni joiz deb bildik. Bu davlat tilida ish yuritishda soha xodimlari uchun qo‘llanma vazifasini o‘taydigan «Mehnat va bandlik sohasiga oid atamalar izohli lug‘ati»dir. Ayni vaqtda nashrga tayyorlanayotgan ushbu lug‘atni tuzishda «Aholi bandligi to‘g‘risida»gi qonun, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi, Xalqaro mehnat tashkilotining konvensiya va tavsiya­lari, Prezidentning mehnat, aholi band­ligi to‘g‘risidagi farmon va qarorlari, statistik to‘p­lam, mehnat bozori bo‘yicha o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar va xalqaro ilmiy adabiyotlardan foydalanilgan. Izohli lug‘atda so‘z, atama va iboralar alifbo tartibi asosida joylashtirilgan.

Hozirda izohli lug‘atning onlayn versiyasi lotin va kirill alifbolarida vazirlikning rasmiy saytiga joylashtirildi. Nasib bo‘lsa, yaqin kunlarda nishonlaydigan ulug‘ sanalardan biri – O‘zbek tili bayramida kitobxonlar qo‘liga yetib boradi, degan umiddamiz.

Sohadagi ishlar ulug‘ maqsad – Vatan va Millat taraqqiyotiga uyg‘unligi bilan bizga alohida kuch va shijoat baxsh etadi. Zero, o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi obro‘-eʼtiborini yuksaltirish Yangi O‘zbekistonning dunyo sahnidagi mavqeyini oshirishdagi muhim vositalardan biridir.



Gullola ISOQOVA,

Bandlik va mehnat munosabatlari

vazirining maslahatchisi

14.10.2021 2070