"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Ko‘zning ilg‘agani qalbga muxrlanadi

1989-yili ona tilimizning davlat tili maqomini olishi katta bayramga aylanib ketgan edi. Sho‘rolar saltanati hukm surib turgan bir vaqtda bu voqea, shunchaki, kengashli to‘y shaklida, xamirdan qil sug‘urgandek oson ko‘chmaganini oradan o‘ttiz yildan ziyodroq vaqt o‘tganiga qaramay bugun ham bemalol tasavvur qilish mumkin...

So‘nggi yillarda jamiyatimizda yuz berayotgan keskin o‘zgarishlarni istagan soha misolida ko‘rishimiz mumkin. Birgina, davlat tiliga bo‘lgan eʼtiborni olaylik. Bugun o‘zbek tilining mavqei ota-bobolarimiz orzu qilgan darajaga chiqib, u nufuzli tadbir, anjumanlarda ham jaranglay boshladi. Shahrimiz ko‘chalarida yot tillardagi yozuv – reklamalar soni kundan kunga kamayib bormoqda. Eng muhimi, katta-katta shohko‘chalarimizda tilni ulug‘lovchi, ona tiliga hurmat maʼnosidagi hikmatli gaplar – yozuvlar ko‘payib borayotir.

Tasavvur qiling, yo‘llarda ona tilingizni ulug‘lovchi daʼvat, purmaʼno so‘zlarga ko‘zingiz tushsa, ko‘nglingizdan nimalar kechmaydi?!

Yaqinda Toshkent shahri metropolitenining Olmazor bekati, bekat atroflari zamonaviy qiyofaga keltirilib, bekatmisan, haqiqiy bekat bo‘ldi. Maʼlumki, mazkur bekat metropolitenning o‘ziga xos darvozalaridan biri. Ko‘plab mehmonlar aynan shu bekat orqali poytaxtimiz markazi sari yo‘l oladi. Buni chuqur his qilgan metropoliten maʼmuriyati o‘zlikni unutmaslikka eʼtibor qaratdi. Bekatga tushar ekansiz, yo‘laklarda ona tilini ulug‘lovchi daʼvatlarga duch kelasiz. Hazrat Alisher Navoiyning portretlari va uning ostida lotin alifbosida hazratning “Tilga eʼtiborsiz – elga eʼtiborsiz!”, O‘zbekiston Prezidentining “Har birimiz davlat tiliga bo‘lgan eʼtiborni mustaqillikka bo‘lgan eʼtibor deb bilishimiz kerak”, degan daʼvatlari...

“Mustaqillik” bekatida ham xuddi ana shunday yozuv – daʼvatga ko‘zingiz tushadi.

Bu bekatlar har kuni ming-minglab yo‘lovchilar xizmatida. Ularga kirishda, chiqishda yo‘lovchilar, ayniqsa, yoshlarning bu yozuvlarga ko‘zi tushayotgani quvonarli. Zero, ko‘z ilg‘agan narsa ko‘ngil, qalbga muhrlanadi.

Shubhasiz, ona tilimiz eng boy tillardan. Dunyoda bor-yo‘g‘i o‘n ming nufusi bor va shu tilda kitoblar chiqaradigan xalqlar mavjud. Birgina Navoiy bobomiz foydalangan so‘zlar miqdorini eshitgan har qanday ajnabiy so‘z ustasi ham hurmat yuzasidan boshidan shlyapasi – qalpog‘ini oladi. Hikmatli so‘zlar, iboralarning son-sanog‘i yo‘q. Ana shu ibora, hikmatli so‘zlarni o‘rni-o‘rnida turli shior, daʼvat, chorlovlar o‘rnida ishlatish maqsadga muvofiq.

Tog‘lik shoir Abu Tolib eshagida olis yo‘l yurib, Mahachqalʼaga keladi. Maqsadi, yozuvchilar uyushmasiga kirib, qadrdonlari bilan dardi dil qilish edi. Manzilga yetgach, eshagini xilvat bir joyga boylab, uyushmaga yuzlanganda, ro‘parasidagi alvon shiorga ko‘zi tushadi: Shiorda taxminan shunday so‘zlar bor edi: “Bu joyga siyosiy yetuk, hushyor holda kiriladi...” Abu Tolib ushbu daʼvatga biroz qarab turadi va xurjunini yelkasiga tashlab, ortiga qaytadi. Eshagiga minib kelgan yo‘li – toqqa, ovuliga qaytib ketadi.

Har qanday hikmat yaxshilikka xizmat qilishi shart.

Yonilg‘i quyish shoxobchasiga kirishdagi katta bannerda shunday hikmat turibdi: “Vatanni sevmoq iymondandir!”

Shu joyda “Insof sari – baraka”, “ Halollikka nima yetsin!”, “Halollik sotilsa – o‘ladi!” kabi yozuv – daʼvat bo‘lganida qanday yaxshi bo‘lardi, deb o‘ylayman.

Mahalla idoralari peshtoqi yoki atrofida bitta bannerga ikkita shior yozib qo‘yilardi: “Shahar bedarvoza emas!”. Ikkinchisi, “O‘z uyingni o‘zing asra!”. Balki hozir ham bordir. O‘zbekistonda qancha mahalla fuqarolar yig‘ini hammasida shu yozuv. Mantiqan olib qaraganda, bitta bannerdan o‘rin olgan bu hikmatli gap – shiorlar bir-birini inkor etadi. Birinchi shior har qanday fuqaroning ko‘nglini tog‘dek ko‘tarib yuboradi. Yaʼni, mahallaning egasi, ko‘zi, qulog‘i, posboni, biz uchun qayg‘uradigani bor ekan, degandek. Ikkinchisi esa, odamni ikkilantirib qo‘yadi. Negaki, aravangni o‘zing tort, bizga ko‘pam ishonaverma, degan shama borday...

Demoqchimanki, tilimiz hikmatlarga to‘la, boy. Uni qashshoq qilib ko‘rsatayotgan o‘zimiz. Ehtimol, ilgari shu hikmatli so‘zlarni kimdir tepadan tasdiqlab, keyin osib qo‘yishga ruxsat bergandir. Endi, zamon o‘zgardi-ku?! Ming yilliklar chig‘irig‘idan o‘tgan, faqat va faqat yaxshilikka daʼvat qiluvchi hikmatli so‘zlarni xalqimiz yaxshi biladi. Har bir mahalla, guzar, tuman o‘z qiyofasiga ega bo‘lishi kerak. Rang-baranglik ko‘zni quvontiradi. Farzandlarimiz ham ko‘chaga chiqqanda har kun bir hikmat o‘qib, uqib qaytadi.

Davlat tili, uning nufuzi haqida matbuotda, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda fikr, munosabat bildirayotganlarni ko‘plab uchratamiz. Ularni shartli ravishda ikki toifaga bo‘lish mumkin. Ijobiy o‘zgarishlar bo‘layotganidan mamnunligini yashirmayotgan eldoshlarimiz va ayrim kamchiliklarni kattalashtirib olib, fig‘oni falakka chiqib ketadigan millatdoshlarimiz. Har ikki toifa ham haq. Ammo ularni birlashtirib turadigan nuqta bitta – ona tilimizga bo‘lgan mehr-muhabbat. O‘zgarishlar yuz berayotgani – haqiqat, kamchiliklar yetarli ekani ham bor gap, ko‘z yumib bo‘lmaydi. Eng muhimi, davlat tiliga bo‘layotgan hurmat, eʼtibor oshyapti va bu jarayon bir lahza to‘xtab qolayotgani yo‘q.

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Chirchiq shahrida go‘yoki o‘zga millat vakillariga qarshi qandaydir kampaniya boshlangani haqidagi yolg‘on xabar tarqalib ketdi. Tabiiyki, bu asossiz “shov-shuv” edi. Shahar hokimining maʼnaviyat ishlari bo‘yicha vakili, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha maslahatchi hamkorligida shahar ko‘chalarida o‘zga tildagi yozuv, bannerlar olib tashlanayotganini ayrim hamyurtlarimiz “hazm” qilolmagan. Holbuki, Davlat tili haqidagi qonunda bu borada aniq ko‘rsatilib, boshqa tillar rivoji uchun ham imkoniyatlar eshigi ochiqligi belgilab qo‘yilgan.

O‘zgarishlar avvalo har birimizning qalbimizda, ko‘nglimizda sodir bo‘lishi lozim. O‘zimiz o‘zgaryapmizmi, demak, atrofga ham taʼsirimiz bo‘ladi, ko‘chalarimizdagi katta-kichik daʼvat-chorlovlar, yozuvlar hamma-hammasi qalbimizdan andoza ola boshlaydi, xato, kemtiklar tuzalib boraveradi. Bu jarayon boshlangan, o‘z mevasini beryapti ham. Zero, til rivoji – evolyutsion jarayon va u o‘z tabiatiga ko‘ra keskin “inqilob”larni hazm qila olmaydi. Targ‘ibot ishlarini ko‘paytirishimiz bilan birga kuchaytirishimiz ham kerak. Bu yo‘lda hali-hamon beparvo, loqayd, tomoshabin maqomidagi vatandoshlarimizning borligi ko‘ngilni sal xira qiladi.

Tilimizga eʼtibor ortayotgan, jamiyatmiz yangi alifboga o‘tayotgan tarixiy bir pallalarda yuqoridagi kabi qusurlarga barham berishimiz zarur.

Aslida, ona tilimizni ulug‘lashni, unda yangraydigan, xalqqa foydasi tegadigan so‘z, ibora, hikmatlarni o‘z o‘rnida shior qilib ishlatishni, ko‘cha-ko‘ylarni ana shunday qutlug‘ so‘z-daʼvatlar bilan bezash madaniyatini shakllantirish vaqti allaqachon kelgan.



Alisher NARZULLO,

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

Bosh direktori maslahatchisi

15.10.2021 2133