"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

TIL RIVOJIGA FAQAT MUTASADDILARGINA MASʼUL EMAS...

O‘tmishdan maʼlumki, davlat tili jamiyat maʼnaviyati va taraqqiyotining asosini tashkil qiladi. Shunday ekan, respublikamizdagi ko‘pgina tashkilotlarda hanuzgacha rus tilida ish yuritilayotgani davlat tilini amalga to‘liq joriy qilish jarayonini sustlashtirishi, muddatni uzaytirishi, oxir-oqibatda milliy davlatchilik xususiyatiga putur yetkazishi bilan xavotirli. Vaholanki, davlat tilida ish yuritish uchun barcha imkoniyatlar va salohiyat yetarli. Ularni qonun ustuvorligi asosida maqsad sari yo‘naltirish, qunt va masʼuliyat bilan yondashish talab etiladi.

To‘g‘ri, katta tizimlarda, xususan, keng tarmoqli va o‘ziga xos jihatlarga ega sog‘liqni saqlash sohasida davlat tili borasidagi ishlarni tubdan amalga oshirish murakkab va anchayin qiyin kechishi tabiiy. Ammo bu sustkashlikka asos bo‘la olmaydi.

Taʼkidlash joizki, bugungi kunda vazirlik tizimidagi ko‘plab muassasalarda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil etish va uning ijrosini nazorat qilish bo‘yicha tuzilgan ishchi guruhlar faoliyatida quvonarli natijalarga erishila boshlandi. Avvalo, vazirlik tomonidan buyruq va ko‘rsatma xatlarning barchasi davlat tilida chiqarilayotgani qayd etib o‘tish mumkin bo‘lgan natijalardan biri. Bu borada Vazirlar Mahkamasining Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti bilan hamkorlikda butun tizim “Davlat tilida ish yuritish” va 5 jilddan iborat “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” kitoblari bilan taʼminlangani muhim omil bo‘ldi.

Qolaversa, ishchi guruh faoliyatini yanada faollashtirish yuzasidan joylarda davlat tilini samarali tashkil qilish bo‘yicha uslubiy-amaliy yordam yo‘lga qo‘yilgani ham ijobiylik kasb eta boshladi. Davlat tilini rivojlantirish va nufuzini tubdan oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar muntazam amalga oshirilmoqda. Joylardagi barcha tibbiy muassasalarda, aholi o‘rtasida O‘zbekiston Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-yanvardagi “Mamlakatda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati haqida targ‘ibot va tushuntirish ishlari yo‘lga qo‘yildi.

Jumladan, Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi barcha muassasalarda yuqoridagi qaror ijrosi holatini o‘rganish hamda amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida mamlakat bo‘ylab joylarga mutaxassislardan iborat yettita ishchi guruhi safarbar etildi. Ularning asosiy vazifasi vazirlik tizimidagi muassasalarda davlat tilida ish yuritish holatini to‘liq o‘rganish va amaliy yordam ko‘rsatish, yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklarni tanqidiy baholash, muammolar va ularning yechimlari yuzasidan tavsiyalar berishdan iborat qilib belgilandi. Albatta, bu kabi harakatlar beiz qolmaydi. Tadbirkorlik subyektlari tomonidan o‘rnatilgan, joylashtirilgan peshlavhalar, reklama va eʼlonlar, ko‘rgazmali boshqa axborot matnlarining davlat tilida bo‘lishini taʼminlashda ham sezilarli ishlar amalga oshirilayotgani bu boradagi intilishlar natijasi, shubhasiz.

Soha oldidagi asosiy vazifalardan yana biri — tibbiy atamalarni isloh qilish edi. Bu katta salohiyat, chuqur bilim va ilmiy xulosalar talab qilishi tabiiy. Shu bois, hozirgi kunda taniqli olimlar, yosh tadqiqotchilar hamkorligida ushbu masalada jiddiy ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.

2009-yilda vazirlik tomonidan 2-jilddan iborat “Tibbiy terminlar ensiklopedik lug‘ati” yaratilgan edi. O‘zbek—rus tillaridagi 20000 mingta tibbiy atamani o‘z ichiga olgan mazkur lug‘atning to‘ldirilgan nashrini tayyorlash jarayoni ketyapti. Ayni izlanishlar birmuncha murakkab bo‘lishi barobarida qiziqarli hamdir. Masalan, tadqiqotchilar nafaqat bugungi, balki Ibn Sino yashagan va o‘sha davrda qo‘llanilgan so‘zlarga ham jiddiy yondashib, tibbiy atamalarning muqobilini topishga harakat qilmoqda. Albatta, bu jarayonda taniqli tilshunoslar fikr-mulohazasi, takliflari katta tayanch bo‘lmoqda.

Tibbiyot muassasalari va xodimlari ishtirokida davlat tiliga hurmat ruhini shakllantirish maqsadida tilshunos olimlar, shoir va yozuvchilar, taniqli madaniyat va sanʼat arboblari bilan bevosita uchrashuvlar o‘tkazilayotgani ham o‘z samarasini berishi, shubhasiz. Taʼlim muassasalaridagi barcha ilmiy kengashlar, shuningdek, rektorat va kafedra kengashlari ishi ham qatʼiy ravishda davlat tilida olib borilishi, taʼlim va tibbiyot muassasalari hududlariga davlat tilini targ‘ib etuvchi banner va plakatlar o‘rnatilib, muassasalar tomonidan chiqarilayotgan buyruqlar, maʼnaviy-maʼrifiy faoliyatga aloqador yangiliklar, eʼlonlar va barcha maʼlumotlar davlat tilida yuritilishi yo‘lga qo‘yildi.

Bundan tashqari, tibbiyot taʼlimi muassasalari o‘quvchi va talabalar o‘rtasida o‘zbek tili bo‘yicha puxta bilimlarni rivojlantirish, ularning dunyoqarashini kengaytirish, sof o‘zbek tilida gapirish va imlo xatolarisiz yozishni shakllantirish maqsadida “Mening ona tilim — buyuk tilim”, “Ona tili — millatning ruhi”, “Ona tilim — jonu dilim”, “Buyuk tilim — millatim ko‘zgusi” kabi mavzularda maqola va insholar tanlovlari o‘tkazish anʼana tusiga kirdi. Talaba yoshlarga o‘zbek adabiy tili tarixini o‘rgatish maqsadida Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot va sanʼat muzeyiga, taniqli adiblarimizning uy-muzeylariga tashriflar tashkil etilyapti.

Tibbiyot taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan 2-kurs talabalarining o‘quv dasturiga 36 soatlik “Badiiy adabiyotda tibbiy mavzu kursi” kiritilgani ham mazkur tizimda tilimizning mavqeyini mustahkamlash yo‘lidagi saʼy-harakatlar natijasidir. Nofilologik OTMlar kabi tibbiyot taʼlimi muassasalarida ham 2020-2021-o‘quv yilidan boshlab O‘zbek tili kafedralari tashkil etilib, o‘zbek tilini o‘rganish bo‘yicha maxsus kurslar joriy etilmoqda.

Vazirlik tasarrufidagi o‘n ikkita oliy va yetmish to‘rtta o‘rta tibbiy taʼlim muassasasining tillar kafedralari qoshida tashkil etilgan “Yuzma-yuz” va “Nishona” to‘garaklari tomonidan o‘zbek tiliga doir bilim berish bilan birga, yoshlarni qiziqtiruvchi turli ijodiy kechalar, mushoiralar tashkil etilayotgani yoshlar ongiga davlat tilining boy va nafis jozibasini yetkazish, davlat tilini yana-da rivojlantirish hamda unga bo‘lgan ijobiy munosabatni barqarorlashtirishga xizmat qilishi aniq.

Tarixiy tajribalar shuni ko‘rsatadiki, tilni saqlash, uning mavqeini ko‘tarishda xalq birligi juda muhim. Mana shu birlik bo‘lmasa, har qanday millat tilini halokatdan saqlab qolish imkoniyati zaiflashib, milliy davlatchilikka putur yetishini barchamiz anglab yetishimiz zarur. Ana shundagina tilimizni tom maʼnoda davlat tili darajasiga ko‘tarish faqat soha mutasaddilarining emas, har birimizning sharafli vazifamiz ekanini chuqur his qilamiz.

 

O‘rol ABILOV,

Sog‘liqni saqlash vazirining maslahatchisi

18.10.2021 2074