"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Xorijda ham qadring baland, o‘zbek tilim!

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi tarixiy Qonunning imzolangani ona tilimizni yanada rivojlantirish hamda uni nafaqat mamlakatimizda, balki xorijda ham targ‘ib qilishga keng imkoniyatlar ochib berdi.

Zero, “Davlat tilining obro‘-eʼtibori — butun xalq, butun jamiyatning obro‘-eʼtiboridir”. 2020-yil 23-sentabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida yuqori darajadagi umumsiyosiy munozaralarda mustaqil O‘zbekiston tarixida birinchi marta O‘zbekiston Prezidentining o‘zbek tilida nutq so‘zlashi esa xorijda davlatimiz rasmiy tiliga bo‘lgan qiziqishni keskin orttirib yubordi.

Ushbu fundamental siyosatdan kelib chiqib Tashqi ishlar vazirligi o‘zbek tili, madaniyati va anʼanalarini xorijda ommalashtirish bilan bir qatorda xalqaro miqyosda o‘zbek tilining o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlash ishlarini faol davom ettirmoqda.

Maʼlumki, yer yuzida o‘zbek tilida so‘zlashadiganlar 50 milliondan oshiq bo‘lib, hozirgi kunda 70 taga yaqin xorijiy OTMda tilimiz o‘rganilib kelinmoqda. Shu bilan bir qatorda 30 ga yaqin xorijiy mamlakatlarda “O‘zbek tili do‘stlari” klublari tashkil qilingan yoki bunday norasmiy tuzilma faoliyatini yo‘lga qo‘yish borasida kelishuvlarga erishilgan. Xususan, Afg‘oniston, Belgiya, Buyuk Britaniya, Portugaliya, Rossiya, Germaniya, Janubiy Koreya, Qozog‘iston, Pokiston, Turkiya, Fransiya, Xitoy va Yaponiyada “O‘zbek tili do‘stlari” klublari o‘z faolliyatini boshlagan va ular doirasida turli shaklda muloqot(onlayn suhbatlar va tadbirlar) yo‘lga qo‘yilgan.

Diplomatik vakolatxonalardan olinayotgan maʼlumotlar asosida xorijiy universitetlardagi o‘zbek tili o‘qituvchilarining (jami 81 kishi) dastlabki ro‘yxati shakllantirildi va respublikamizdagi manfaatdor vazirlik va idoralarga yuborildi. Xorijiy mamlakatlardagi taʼlim muassalalarida o‘zbek tili o‘qituvchilarini zarur darslik va qo‘llanmalar bilan taʼminlash mexanizmi yaratildi.

Natijada bugungi kunga kelib, o‘zbek tiliga eʼtibor qilayotgan va uni o‘rganayotgan, o‘zbek musiqa asboblarda ijro etayotgan, o‘zbek qo‘shiqlarini kuylayotgan hamda O‘zbekiston tarixi va madaniyati to‘g‘risidagi bilimlarni tarqatayotgan xorijiy fuqarolar soni tobora ko‘payib bormoqda. Jumladan, o‘zbek tilida ravon so‘zlashuvchi britaniyalik olim T.Velsford, pandemiyaga qaramasdan, 2020-yil oktabr oyida davlat tili kuni munosabati bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish (hozirda Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish) departamenti tomonidan o‘tkazilgan “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” xalqaro ko‘rik tanlovida faol qatnashib, g‘olib bo‘lgan edi.

O‘z navbatida asli polshalik bo‘lgan Jan Oko “O‘zbek tili kuni”ni nishonlash arafasida quyidagilarni taʼkidlab o‘tdi:

“Men taxminan ikki yil oldin o‘zbekistonlik ajoyib insonlarni uchratdim va ularning tilini o‘rganishga qaror qildim. Avvaliga bu juda qiyin bo‘lgan. O‘zbek tili mening tilimdan juda farq qiladi. Ammo yonimda yordam berishga tayyor bo‘lgan insonlar bor edi. Ularning daldasi bilan o‘zbek tilining go‘zalligini, uning tovushlari va ohanglarini kashf eta boshladim. Men ana shu jarayonda qadimgi Buyuk ipak yo‘lining markazida joylashuvchi o‘zbeklarning madaniyati va tarixi naqadar jozibali ekanligini angladim. Mening orzuim – bu tilda erkin va sof muloqot qilish, o‘zbek adabiyotini kashf etish va ushbu go‘zal mamlakatga tashrif buyurishdir. Ajoyib tuhfa-go‘zal va betakror tilingiz uchun sizga katta rahmat. Hamma yo‘nalishlarda sizlarga ustunlik tilayman”.

Chet ellarda o‘zbek tilining nufuzini oshirish yo‘lidagi muhim yo‘nalishlardan yana biri bu xorijiy fuqarolar va vatandoshlarimiz uchun “O‘zbek tili”, “Lisoniy madaniyatshunoslik”, “O‘zbek milliy qadriyatlari”, “O‘zbek tilini o‘rganamiz” kabi ommabop risolalarning yaratilayotganligidir.

Chunonchi, Anqara shahridagi elchixonamiz ko‘magida Mug‘la Sitki Kochman universiteti Turkiy tillar va adabiyotlar fakulteti dotsenti, filologiya fanlari doktori Kenan Koch Turkiyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar va o‘zbek tilini o‘rganish istagida bo‘lgan turk fuqarolari uchun mo‘ljallangan “Özbekçe öğreniyoruz” (O‘zbek tilini o‘rganamiz) darsligini nashrga tayyorladi. Ushbu kitob hozirgi zamonga mos va Yevropaning tilshunoslik standartlariga muvofiq shaklda tayyorlangan bo‘lib, mavzular rangorang rasmlar va shakllar yordamida qiziqarli uslubda tushuntirilgan. O‘quvchi uchun turli mashqlar va topshiriqlar ham berilgan. Alohida taʼkidlab o‘tish joizki, mazkur kitobdan o‘zbek xalqining tarixi, madaniyati va urf-odatlariga xos maʼlumotlar ham joy olgan.

O‘z navbatida, O‘zbekiston – dunyo sivilizatsiyasi va islom olami ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ allomalar, aziz-avliyolar yashab o‘tgan yurt ekanligi ona tilimizga xorijda bo‘lgan qiziqishni yanada ham orttirib bormoqda.

Bunga yaqqol misol qilib yaqinda Londondagi O‘zbekiston elchixonasida buyuk shoir va mutafakkir, davlat arbobi Alisher Navoiy hamda atoqli adib va shoir Abdulhamid Cho‘lponning ingliz tilida chop etilgan sheʼriy to‘plamining taqdimoti bo‘lib o‘tganligini ko‘rsatib o‘tishimiz mumkin.

Taʼkidlab o‘tish joizki, Alisher Navoiyning 12 ta mashhur g‘azali va Abdulhamid Cho‘lponning 14 ta sheʼrini o‘z ichiga olgan ushbu to‘plam tuzuvchisi mashhur ingliz shoiri Endryu Stanilenddir. Tarjimon kitobni tayyorlash davomida o‘zbekistonlik navoiyshunos olima Aidaxon Bumatova va Cho‘lpon ijodi bo‘yicha tadqiqotchi Avazxon Haydarov bilan yaqindan hamkorlik qildi.

Bo‘lib o‘tgan taqdimot marosimida Endryu Stanilend o‘zbek mumtoz sheʼriyatining o‘ziga xos go‘zalligi va nafisligini qayd etib, ushbu omillar uni o‘zbek sheʼriyatini ingliz kitobxonlariga tanishtirishga daʼvat etib kelayotganini eʼtirof etdi.

Uning fikriga ko‘ra, to‘plam taqdimoti nafaqat o‘zbek mumtoz shoirlari va ularning asarlari bilan tanishish, balki o‘zbek xalqining qadimiy va rang-barang madaniyati, uning boy maʼnaviy merosini his qilishga imkon beradi.

Maʼlumki, Endryu Stanilend ingliz shoiri va dramaturgi hisoblanadi. Uning o‘zbek mumtoz adabiyoti va sheʼriyatiga bag‘ishlangan “Yangi devon”, “Hazrat Alisher Navoiy”, “Nur vazni”, “Ruh go‘zalligi”, “Abadiy sheʼriyat”, “Yangi sheʼrlar” kabi kitoblari chop etilgan.

Shu bilan bir qatorda xorijda o‘zbek tili, madaniyati va anʼanalarini saqlab qolish va milliy qadriyatlarimizni eʼzozlash maqsadida hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida “Yurtdoshlar” sayti ishga tushirildi.

Mazkur loyiha O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish Jamg‘armasi, boshqa mutasaddi idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

Shuni alohida taʼkidlash lozimki saytning asosiy maqsadi – xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarning madaniy va til o‘zligini, ularning milliy anʼana va qadriyatlar bilan uzviyligini saqlab qolishdan iboratdir.

Hozirgi kunda saytimiz ruknlari ko‘payib bormoqda. Masalan, “O‘zbekiston” ruknida mamlakat haqida muhim maʼlumotlar, “O‘zbek tili” ruknida tilimizni o‘rganuvchilar uchun dasturlar, darsliklar, “Men o‘zbekman” runkida xorijda muvaffaqiyatga erishgan mashhur vatandoshlar to‘g‘risida maʼlumotlar, “O‘zbek media” ruknida milliy kino, multfilm, audio mahsulotlar berib boriladi.

Shuningdek, xorijiy hamkorlar bilan ishlashda ular ona tilimizdan faol foydalanishini taʼminlashi uchun Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Xalqaro munosabatlar bo‘yicha axborot-tahliliy markaz xodimi I.Shamsimuhamedov Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish Jamg‘armasi bilan hamkorlikda “Diplomatik terminlar izohli lug‘ati”ni nashrga tayyorlamoqda.

Hozirgi vaqtda milliy tilimizga xorijiy davlatlarda bo‘lgan talab va ehtiyojning tobora kuchayib borishi jahonda davlatimizning obro‘si va nufuzi ortib borayotganligidan darak beradi. Ushbu nutqtayi nazardan davlat tiliga O‘zbekistonning tashqi siyosatining strategik manfaatlarini amalga oshirish va ilgari surishning asosiy vositalaridan biri sifatida qarab kelinmoqda. Chunki uning chet ellarda keng tarqalib borishi jahon hamjamiyati tomonidan O‘zbekistonga nisbatan ijobiy munosabat shakllanishiga, davlatimizning xalqaro maydondagi ishtiroki hamda o‘rnini mustahkamlash va kengaytirishga yordam beradi.

 

Anvar ABDUXALIMOV,

Tashqi ishlar vazirining maslahatchisi

19.10.2021 2099