"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Ona tili va milliy g‘urur

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berish to‘g‘risidagi qonun qabul qilinganiga o‘ttiz yil to‘ldi. Shu munosabat bilan joriy yilning 4-oktabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bu juda katta voqea. Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari g‘oyasi ostida amalga oshirilayotan ulug‘vor ishlarning yana bir ifodasi.

Davlatimiz rahbarining ushbu qarori ijrosi doirasida mamlakatimiz bo‘ylab juda ko‘plab madaniy, ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi va bu ezgu ish davom etmoqda.

Bu tadbirlarning eng oliy darajasi 21-oktabr kuni poytaxtimizning qoq markazida bunyod etilgan Xalqaro Kongress markazida bo‘lib o‘tdi. “Toshkent Siti” ishbilarmonlik markazida O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbiri o‘tkazildi. Unda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev nutq so‘zladi. Mana shu tadbir va unda davlat rahbari ishtirok etib, nutq so‘zlashi o‘zbek tiliga naqadar yuksak e’tibor berilayotganining amaliy ifodasidir. Shavkat Mirziyoev o‘z nutqida “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekkanini aytdi. Bu xushxabarni nainki muhtasham koshonada o‘tirganlar, balki butun xalqimiz mamnuniyat bilan kutib oldi. Zotan, bu shu aziz Vatan farzandiman, degan har bir inson dilidagi va tilidagi orzu edi. Quvonmay bo‘ladimi, bundan keyin har yili 21-oktabrni O‘zbek tili bayrami sifatida keng nishonlaymiz.

Prezidentimizning qarori va farmoni, nutqida bildirilgan fikrlar davlatimiz rahbari barcha sohadagi ishlarni tizimli ravishda olib borayotganiga yana bir dalil-isbotdir.

Endi o‘ylang, O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan buyon o‘tgan yillar ichida qancha qonun qabul qilindi? Ana shu qonunlarning qaysi biri haqida Prezident qarori qabul qilindi? Yo‘q bunday misol. Faqat “Davlat tili haqida”gi qonunning o‘ttiz yilligini keng nishonlash haqida davlat rahbarining qarori qabul qilindi.

Xo‘sh, nega? Nima uchun shu qonun qabul qilinganini keng nishonlash haqida maxsus qaror chiqdi? Aytish kerakki, bu nihoyatda chuqur o‘ylangan, xalqning, millatning, mamlakatning kelajagini o‘ylab qabul qilingan hujjat. Mamlakat taraqqiyotida, xalq farovonligini yuksaltirishda biron-bir soha ahamiyatini inkor etmagan holda ta’kidlash kerakki, millatni millat qiladigan, davlatning mustaqil davlat sifatida nufuzini oshiradigan, avlodlarni o‘zaro bog‘lab turadigan buyuk va qudratli vosita – tildir. Tili yo‘qolgan millat xalq sifatida ham yo‘qoladi.

Til orqali inson ongiga milliy g‘urur singadi va shakllanadi. Millat, xalq sha’nini ulug‘laydigan eng asosiy omillardan biri – milliy g‘ururdir. Kim qaysi sohada, qaysi lavozimda ishlamasin, Vatan taraqqiyoti, el-yurt manfaati, xalq turmush darajasini yuksaltirish uchun bel bog‘lagan ekan, yuragida avvalo milliy g‘urur bo‘lmog‘i zarur. U har qancha bilimga, tajribaga, zakovat va salohiyatga ega bo‘lmasin, qalbida ana shu muqaddas tuyg‘u jo‘sh urmasa, mo‘ljallagan rejalarini amalga oshirishi qiyin kechadi. Milliy g‘ururi bor odam oriyatli bo‘ladi. Oriyatli odam, xalq iborasi bilan aytganda, Xudodan qo‘rqadi, bandadan uyaladi. Bunday inson qing‘ir ishga qo‘l urmaydi, o‘zganing haqidan, birovning dilini og‘ritishdan qo‘rqadi.

Milliy g‘urur inson bolasi ongiga juda erta o‘rnashadi. Go‘dak hali yorug‘ dunyoga kelmasidan, ona qornida paytlaridan boshlab onasi so‘zlarini eshitadi, uning vujudiga singadi bu so‘zlar, ohanglar. Bekorga qon bilan kirgan jon bilan chiqadi, degan ibora ishlatilmaydi. Milliy g‘urur har bir insonga o‘z ota-onasini, oilasini, kindik qoni to‘kilgan qishlog‘i yoki mahallasini, butun yurtini, o‘zi mansub bo‘lgan xalqni sevishni, qadrlashni, ulug‘lashni, unga sadoqatli bo‘lishni, himoya qilishni, kerak bo‘lsa jonini qurbon qilishni o‘rgatadi. Milliy g‘ururni mustahkamlovchi muhim omillardan biri ona sutidir. Sobiq sho‘ro tuzumi davrida tug‘ruqxonalarda barcha onalarning sutini yig‘ib, tug‘ilgan chaqaloqlarga berishardi. Bu nasl buzilishiga olib kelar edi. Tasavvur qiling, bitta tug‘ruqxonada bir kunda qancha bola tug‘iladi. U yerda yotgan ayollar orasida qaysi millat vakilalari, qanaqa kasb egalari, qanday axloqdagi ayollar bo‘lmaydi, deysiz. Balki qo‘li egri yoxud yengil oyoq ayol ham bordir. Ba’zan tuppa-tuzuk oilaning farzandi o‘g‘ri, kazzob, bezori bo‘lib ketardi. Odamlar hayron: otasi ziyoli, ma’rifatli inson, onasi farishtamisol ayol, bolasi nega bunaqa bo‘ldi? Bilmaydiki, bola sho‘rlikda ayb yo‘q, u tug‘ruqxonada ilk marta ana o‘shanaqa ayolning sutini ichgan, uning vujudiga “buzilgan” sut kirgan. Bu sovet tuzumining millatlarni qorishtirib yuborish siyosatining natijasi edi. Sovet “dohiylari”dan biri katta minbardan “yagona sovet xalqi” vujudga keldi, deb maqtangan edi. Ahvol shu zayl davom etsa, pasportdagi “millati” degan jumla ham olib tashlanar edimi? Bunday siyosat oqibatida kosmopolit odamlar paydo bo‘la boshlagan edi. Bu toifa odamlarda ona yurt tuyg‘usi, milliy g‘urur bo‘lmaydi, manqurtlar ana shulardan kelib chiqadi.

Shukrki, bu rejalar amalga oshmadi, ittifoq parchalanib ketdi.

Mustaqillikka erishganimizdan keyin tug‘ruqxonalarimizda bu “tajriba“ga barham berildi. Chaqaloq tug‘ilishi bilan onasi ko‘ksiga qo‘yilib, bolaga faqat o‘z onasi suti beriladigan bo‘ldi. Bu nasl tozaligini saqlashda juda muhim. Istiqlol yillarida tug‘ilgan bolalarning nasl-nasabi toza. Bu ularning fikrlashida, ongi-tafakkurida, dunyoqarashida, yurish-turishida, hattoki, tashqi ko‘rinishida ham yaqqol seziladi. Bundan g‘ururlanamiz, ular mamlakatning haqiqiy egalari bo‘la olishiga ishonamiz. Hali o‘ttizga borib-bormay mas’uliyatli lavozimlarni egallayotgan yoshlarga kimning havasi kelmaydi. Bugungi yoshlarimiz bir necha tilni biladi. Ammo ularning o‘zak tili – ona tili – o‘zbek tili. O‘z ona tilini mukammal bilgan odam o‘zga tillarni ham tez va oson o‘rganadi.

Bugun o‘ttiz yilligini keng nishonlayotganimiz “Davlat tili haqida”gi qonun 1989-yil 21-oktabrda osongina qabul qilingani yo‘q. U paytda sovet hukumati mavjud, kompartiya qilichi sinmagan edi. Nainki tashqi, hatto ichki dushmanlar ham ko‘p edi. So‘zi boshqayu ishi boshqa kimsalarni ajratib olish mushkul edi. Vatanim, xalqim, degani bilan o‘z manfaatidan boshqa narsani o‘ylamaydiganlar bisyor edi. Ana shunday g‘oyat murakkab davrda qabul qilingan bu qonun. Bu fidoyi va vatanparvar ziyolilarimiz, keng jamoatchilikning qat’iy shijoati, o‘sha vaqtda respublikamiz rahbari bo‘lgan Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning katta jasorati natijasidir. To‘g‘ri, qonunning takomiliga yetmagan joylari bor. Ammo ushbu qonun xalqimizning mustaqillik sari tashlangan dastlabki dadil qadami bo‘lgani aniq. Shu qonun ijrosi doirasida ko‘p ishlar qilindi. Qilinmaganiga, qonun talablari to‘la bajarilmaganiga o‘zimiz aybdormiz. Tilimiz sofligi uchun, uning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini, nufuzini oshirish uchun o‘zimiz kurashmasak, amaliy faoliyatimiz bilan o‘rnak bo‘lmasak, chetdan kelib birov qilib bermaydi bu ishlarni.

Har qanday qonun ham, qaror ham ijrosi bilan muhim va qadrli. Agar u ijro qilinmasa, qonun talablari bajarilmasa, u oddiy bir qog‘oz, xolos. Buni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ko‘p bor ta’kidlagan. Qabul qilingan, qabul qilinayotgan qonunlar, farmonlar, qarorlar va boshqa hujjatlar ijrosi uchun barcha, birinchi galda turli darajadagi rahbarlar mas’ul. Bu borada ham davlatimiz rahbari o‘rnak, namuna bo‘lmoqda. Shavkat Mirziyoev joriy yil 17-18-yanvar kunlari Hindistonga amaliy tashrif bilan borib, Gandinagar shahrida o‘tgan “Jo‘shqin Gujarat – 2019” IX xalqaro investitsiya sammitida ishtirok etdi. Prezidentimiz sammitda o‘zbek tilida nutq so‘zladi. Xalqaro anjumanda birinchi marta o‘zbek tili jarangladi. Davlatimiz rahbari mamlakatimizda ish boshlayotgan xorijiy davlatlar elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qilib olish marosimida va boshqa turli katta-kichik yig‘ilishlarda faqat o‘zbek tilida so‘zlamoqda. Davlat tili haqidagi qonun ijrosining oliy namunasi bu! Bundan barcha, avvalo, turli darajadagi rahbarlar o‘rnak olmog‘i zarur.

Qonun qabul qilinganidan buyon o‘tgan yillarda erishgan yutuqlarimizni e’tirof etgan holda, afsuslanarli jihatlar ham ko‘p ekanini aytmay ilojimiz yo‘q. Ona tilimizni xato bilan yozishlar, buzib gapirishlar kamayish o‘rniga ko‘payib borayotganga o‘xshaydi.

O‘zbek tili – bizning ona tilimiz, davlat tilimiz, uning sofligini saqlash, boyitish, nufuzini ko‘tarish... hamma-hammasi o‘zimizga bog‘liq. Faqat loqaydlik, befarqlik, menga nima yoki bu mening ishim emas, deb qarash kabi illatlardan voz kechsak, mening ota-onam shu tilda gaplashgan, shu tilda tilim chiqqan, men yashayotgan jonajon O‘zbekistonimizning davlat tili bu, uning taqdiri uchun men ham mas’ulman, deb yondoshsak, davlatimiz ramzlari – Konstitutsiya, Bayroq, Madhiya kabi, balki ulardan-da ulug‘ va muqaddasroqdir davlat tili, deb bilsak, ona tilimizni mensimaganlarga, uni buzib yozgan va gapirganlarga xuddi o‘z onamizni behurmat qilgan kimsaga qarshi kurashganday kurashsak – buyuk o‘zbek tilimizning – davlat tilimizning mavqeini yanada baland ko‘targan bo‘lamiz. Bu bilan o‘zimizni, ona xalqimizni, jonajon Vatanimiz – O‘zbekistonimizni ulug‘laymiz.

Mamatqul HAZRATQULOV,
O‘zbekiston Respublikasida
xizmat ko‘rsatgan jurnalist.

20.03.2020 2694