"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

TILGA HURMAT – XALQQA HURMAT

Xabaringiz bor, Prezidentimizning 2017-yil 12-dekabrdagi “Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi, uning shahar va tuman markazlari tashkil etilgan edi. Qisqa fursat ichida tezkor, qulay va shaffof xizmat ko‘rsatish tizimi xalqimiz ishonchiga sazovor bo‘lishga ulgurdi. Faoliyatimiz davomida xalqimizga sidqidildan xizmat qilishga, fuqarolarni ochiq chehra va muloyim lutf bilan kutib olishga harakat qilamiz. Bunda davlat tilini bilish va belgilangan tartib-qoidalarga amal qilish faoliyatimizning asosiy mezonidir. Zero, mustaqilligimizning asosiy belgisi – bu ona tili va milliy madaniyatimizdir. Millatlarni ajratib turuvchi asosiy belgilardan biri bu til ekan, har bir inson o‘z tilini bilishi, uni ulug‘lashi va shu bilan birga boshqa millatlarning ona tiliga ham hurmat bilan qarashi lozim. Shundagina tilning, millatning qadri va obro‘yi, nufuzi oshadi.

Tadbirkorlik subyektini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun asosiy talablardan biri bu - taʼsis hujjatlarining davlat tilida bo‘lishidir. Ushbu tartib O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi 66-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizomda belgilab qo‘yilgan. Markazimiz tomonidan tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda eng avvalo taʼsis hujjatlarining davlat tilida bo‘lishiga ahamiyat qaratamiz. 

Yaqinda tumanimizda istiqomat qiluvchi fuqaro Rasuljon Ergashev oilaviy korxonani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish maqsadida markazimizga keldi. Fuqaro firma nomini tanlashda lotin yozuvida yoza olmasligini aytib, krill alifbosidan foydalanmoqchi ekanligini bildirdi. Ariza beruvchiga u tomonidan firma nomi tanlanayotganda O‘zbekiston Respublikasining «Firma nomlari to‘g‘risida»gi Qonuni, shuningdek yuridik shaxslar nomlari to‘g‘risidagi boshqa qonun hujjatlari talablariga rioya etmaganlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlik belgilanganini tushuntirildi. Binobarin, «Firma nomlari to‘g‘risida»gi Qonunning 4-moddasida “Firma nomida davlatning rasmiy nomi, xalqaro, hukumatlararo yoki nodavlat notijorat tashkilotining qisqartirilgan yoki to‘liq nomi; tarixiy yoki mamlakatimizda mashhur bo‘lgan shaxsning to‘liq yoki qisqartirilgan ismi, belgilangan tartibda beriladigan ruxsatsiz; firma nomining egasi, uning faoliyat turi yoki u kelib chiqqan mamlakat xususidagi soxta yoki isteʼmolchini chalg‘itishi mumkin bo‘lgan belgilar; jamiyat manfaatlariga, insonparvarlik va axloq prinsiplariga zid bo‘lgan belgilar ko‘rsatilmasligi kerak”ligi belgilab qo‘yilgan.

Shunday qilib, “Nurafshona Rasuljon kelajagi” oilaviy korxonasi qonunchilikda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. 

- Maktabda krill alifbosida savod chiqarganim uchun keyinchalik lotin yozuvini o‘rganishga xafsala qilmadim, bugun markaz xodimlari oilaviy korxonamning nomi davlat tilida ifodalanishi shartligini tushuntirishdi. To‘g‘risini aytsam, juda uyaldim. Nasib qilsa, tez orada lotin yozuvini o‘zlashtirishni maqsad qildim. 

Faoliyatimiz davomida bu kabi holatlar tez-tez uchrab turadi. Maqsadimiz fuqarolarni uyaltirish yoki izza qilish emas, davlat tilimizga hurmat ruhini har bir inson tafakkuriga singdirishdir.


Bekmurod MANAZAROV,

Furqat tumani Davlat xizmatlari markazi direktori

03.11.2020 677