"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Aslimizga qaytaylik

Asli nasli balki O‘zluq, balki Tarxon, o‘zbegim…(E.Vohidov).

Buyuk ajdodlarimiz haqida hamma vaqt har yerda faxr bilan gapiramiz. Navoiy, Beruniy avlodimiz deya ko‘ksimizga uramiz-u, ularga munosib bo‘la olyapmizmi, deya o‘zimizdan so‘ramaymiz. Mustaqillikka erishganimizga ham o‘ttiz yil to‘lyapti. Barcha jabhalarda sobiq mustabid tuzum asoratlaridan to‘la xalos bo‘ldik desak bo‘ladi. Ammo bir masala meni anchadan buyon qiynab keladi. Nega ismi sharifimizni, nasl-nasabimizni atashda o‘zligimizga qaytishga shoshilmayapmiz? Qachongacha ota-bobomiz ismlariga rus tiliga xos -ov, -yev qo‘shimchalarini qo‘shib, o‘zimizni tanishtiramiz?

Avvalo, "familiya" atamasi haqida so‘z yuritsak. Rus tilining o‘zida ham o‘zlashma so‘z hisoblangan bu atamadan voz kechib, "Familiyangiz nima?" deyish o‘rniga “Nasabingiz qanday?” deb so‘ragan ma’qul emasmi? Biz har qadamda eng ko‘p qo‘llaydigan, bizning aslida kim ekanligimizni, kimlardan ekanligimizni anglatib turadigan "familiya" atamasi o‘rnida “nasl-nasabi” yoki "nasabi" degan atamani qo‘llash to‘g‘ri bo‘ladi, nazarimda. Yon atrofimizga nazar solsak, Ozarbayjon, Qozog‘iston kabi qo‘shni davlatlar bu masalada bizdan bir qadam oldinda ekanligini ko‘ramiz. Kelib chiqishimiz, ildizimiz bir bo‘lgan  usmonli turk qardoshlarimiz bu borada bizga ibrat bo‘la oladi, deb o‘ylayman. Chalabiy, Qoraquyun, Jaloyir kabi nasablari ularning qaysi turkiy urug‘dan ekanligini, Chiftchi (dehqon), Pamukchi (paxtachi), Avji (ovchi) kabi nasablari ota-bobolarining kasbi koridan darak berib turadi.

Afsuski, milliy ma’naviyatimizni hali ham yot e’tiqod va qarashlardan xoli deb  bo‘lmaydi.Farzandimizga tug‘ilganlik haqida guvohnoma olar ekanmiz ”otasining ismi“ degan joyiga “falonchining o‘g‘li” yoki “qizi” deb yozdirishga or qilamiz. “…-vich deb yozing, farzandim kelajakda katta mansabdor bo‘lsin” deb niyat qilamiz. Nahotki bolamizning kelajagini shu yot unsur bilan belgilasak?! Albatta, bu masalada hech kimni majburlab bo‘lmaydi. Bu o‘zligimizni anglagan holda ixtiyoriy tanlov bo‘lmog‘i lozim. Hozir ham oramizda nasabiga -iy, -zoda qo‘shimchalarini munosib ko‘rgan yurtdoshlarimiz oz bo‘lsa-da, borligi quvonarli hol.

Aziz millatdoshim, bir o‘ylab ko‘ring. O‘zimizning o‘zanlarimizga, aslimiz-u naslimizga qaytish fursati yetmadimikin?!

Rametova Umida,

Toshkent viloyati Chinoz tumani 15-maktabning

ona tili va adabiyot fani o’qituvchisi 

10.11.2020 947