"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Endi gazeta o‘qimaymizmi?..

Juda murakkab kechayotgan kabisa yilimiz barcha sohalar kabi ommaviy axborot vositalari, ayniqsa gazetalar tahririyatlari muammolarini keskinlashtirib yubordi.


Koronavirus pandemiyasi sababli joriy etilgan transport harakati cheklovlari, shuningdek gazeta va jurnallar savdosiga ixtisoslashgan kiosklarning uzoq muddat yopilishi chop etilgan nashrlarni obunachilarga va o‘quvchilarga o‘z vaqtida yetkazib berilishiga to‘siq bo‘ldi.


Ana shu kutilmagan favqulodda holat vaziyatisiz ham yildan-yilga adadlari kamayib borayotgan gazetalar tahririyatlarining moliyaviy ahvoli yanada abgorlashdi. Chunki ularning chakana savdo tushumlaridan tashqari reklamadan olayotgan daromadlari ham nihoyatda kamayib ketdi. Chunki reklama beruvchilar ham o‘ta murakkab moliyaviy inqirozni boshidan kechirayotganlari yaxshi ma’lum.


Oqibatda qator, hatto partiyalarning, viloyat va shahar hokimliklarining gazetalari ham chiqmay qoldi. To‘g‘ri, ularning aksariyati o‘z nashrlarini elektron tarzda taqdim etishni davom ettirmoqdalar. Ammo minglab o‘quvchilar qo‘llariga gazeta olmasliklariga odatlanib ham qoldilar.


Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatimiz aholisini internet bilan qamrab olish 97 foizni tashkil etgani, ularning 78 foizi keng zonali mobil internetdan foydalanish imkoniyatiga egaligiga qaramasdan, gazetalarning elektron shaklining o‘quvchilari ko‘p sonli emas. Ya’ni jurnalistlarning mashaqqatli ijodiy mehnatlari mahsuli uning iste’molchilariga kutilgan darajada yetib bormayapti.


Umuman, internetning har bir xonadonga kirib borayotganligi tufayli kundalik bosma nashrlarning uzil-kesil inqirozga yuz tutishi muqarrarligi to‘g‘risidagi bashoratlar mana o‘n yildan ko‘proq vaqtdan beri qizg‘in munozaralar mavzusiga aylangan. Ayniqsa, COVID-19 pandemiyasi bu muammo yuzasidan dolzarb amaliy ahamiyat kasb etdi.


Ochiq ma’lumotlardan mamlakatimizda 2020-yil boshida chiqib turgan gazetalarning nechtasi qog‘oz shaklida nashr etilishi to‘xtatilganligiga oydinlik kiritish imkoniyati topilmadi. Ammo bu faqat O‘zbekistonga emas, balki butun dunyo uchun xos xususiyat ekanligi ayon.


Masalan, Rossiyada keyingi o‘n yilda (2009-2019) davriy bosma nashrlarining  soni 40 foizga kamaygan – 72 498 tadan 47 883 taga tushib qolgan. Bu nashrlar tahririyatlarining daromadlari yiliga 8-10 foizga pasayib bormoqda. Shuningdek, Umumjahon gazeta va axborot-noshirlik assotsiatsiyasi (WAN-IFRA) ma’lumotlariga ko‘ra, keyingi besh yil davomida AQSHda gazetalarning adadi - 34, Fransiya va Buyuk Britaniyada – 31, Germaniyada – 24 foizga kamaygan. Turkiyada keyingi o‘n yil davomida tahririyatlar o‘z o‘quvchilarining taxminan yarmini yo‘qotdi: mamlakatdagi gazetalarning umumiy adadi 2,24 milliard nusxadan 1,18 milliard nusxaga tushib qoldi.


Qozog‘iston Jurnalistika akademiyasining akademigi Asilbek Bisenboyevning fikricha, 2020-yil oxirigacha mamlakatdagi bosma OAVlarning 40 foizi o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘ladi. Faqat davlat hamda oligarxlar guruhlari tomonidan moliyalashtirilayotgan gazetalargina saqlanib qoladi.


- Koronavirus – haftalik “muqobil” (ya’ni bepul) gazetalar uchun eng qudratli qurol bo‘ldi, - deb hisoblashmoqda Garvard universiteti huzuridagi Jurnalistikani rivojlantirish bo‘yicha Niman jamg‘armasi tadqiqotchilari. – Bunday gazetalar AQSH va Kanadaning deyarli har bir yirik shahrida chiqib turgan edi. Ular faqat reklama hisobiga kun ko‘rardi va asosan mahalliy yangiliklar, madaniy hayot haqida yozishardi, jurnalistlar surishtiruvlarini olib borishardi. Ularning mualliflari ko‘p marta jurnalistika sohasida AQSHning nufuzli Pulitser mukofotiga ham sazovor bo‘lganlar. Ammo pandemiyadan keyin ular o‘z faoliyatlarini tiklay olishlari amri mahol, chunki yirik homiylari ham, qora kunga mo‘ljallab saqlab qo‘ygan sarmoyalari ham yo‘q.


Bozor iqtisodiyoti – beshafqat. Bu bozorda, shu jumladan ommaviy axborot vositalari bozorida ham kuchlilar (moliyaviy jihatdan, dolzarblik, innovatsiyalar, tezkorlik asosida) ustun chiqadi. Ana shu mezonlar nuqtai nazaridan yondashiladigan bo‘linsa, milliy davriy bosma nashrlarimiz o‘z faoliyatlarini davr talabiga hamohang tarzda tubdan o‘zgartirishda, fikrimizcha, sustkashlik qilayotganlari yaqqol sezilib qoldi.


Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ana shu muammolarni shu yil matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo‘llagan tabrigida ham ko‘rsatib berdi: “Albatta, bugun biz hamma sohada, jumladan, ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish borasida ham izlanishdamiz. Binobarin, bu yo‘lda yutuqlar bilan birga, kamchilik va nuqsonlar bo‘lishi ham tabiiydir.


Bu haqda gapirganda, milliy media maydonimizda zamonning o‘tkir talab va mezonlari, eng muhim tendensiyalarini ochib berish, tanqidiy tahlil, odamlar kutayotgan mavzu va muammolarni dadillik bilan o‘rtaga tashlash hali ham yetakchi o‘rin egallamayotganini aytishga to‘g‘ri keladi. Afsuski, aksariyat axborot vositalarida ijtimoiy salmog‘i yengil bo‘lgan, hisobot va balandparvozlik ruhidagi materiallar hanuz ustunlik qilmoqda”.


Davriy bosma nashrlar yangiliklar, hodisa va voqealarni o‘sha zahotiyoq, to‘g‘rida-to‘g‘ri o‘z o‘quvchisiga yetakzib beradigan Internet bilan tezkorlikda bellasha olmasligi aniq. Ammo hanuzgacha gazetalarimiz sahifalarida ko‘pincha hammaga allaqachon ma’lum bo‘lgan axborotlarga duch kelaverasiz. Bunday materiallarni gazetxonga taqdim etaverish bilan ular ishonchini qozonish qiyin. Shu sababli ayrim o‘quvchilar gazetani o‘qib chiqishim uchun sarlavhalarni ko‘zdan kechirishim kifoya qiladi deyishlari bejiz emas.


Shunday ekan, mamlakatimizda davriy bosma nashrlarning hozirgi murakkab muammolarini qanday hal etish, gazetalarning ertangi kundagi taqdiri xususida nima deyish mumkin. Agar yana xorij tajribasiga murojaat qilinadigan bo‘lsa, bevosita koronavirus pandemiyasi vaziyatida davriy bosma nashrlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha e’tiborga sazovor misollarni keltirish mumkin.


Kanada ma’murlari davlat byudjetida ommaviy axborot vositalarida reklama uchun ko‘zda tutilgan 40 million dollarning 30 millionini milliy gazetalarda qo‘shimcha reklamalar e’lon qilish uchun sarfladi.


Italiya va Ispaniya hukumati koronavirus pandemiyasi sababli qat’iy karantin e’lon qilingan davrda ham gazeta va jurnallar savdosini aholi uchun birinchi darajali ehtiyoj deb hisoblab, ular kiosklarini yopib qo‘yishmadi.


O‘zbekistonda ham davriy bosma nashrlar o‘z o‘quvchilariga vaqtida yetib borishi uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Bu haqda “O‘zbekiston pochtasi” aksiyadlorlik jamiyatining bosh direktori Alisher Fayzullayev quyidagilarni ma’lum qilgan:

- Gazeta yetkazish — bu ma’rifat, ma’naviyat yetkazib berish demak. O‘n kundan keyin, bir oydan keyin qo‘lga yetib borgan gazeta hech kimga kerak emas. Vaqtida yetkazib berish kerak, bu dolzarb masala. Bu sohada ham o‘zgarishlar bo‘lishi rejalashtirilgan, markazlashtirilgan tizim bo‘ladi.


Pochta, shuningdek, matbaa nashrlari uchta hudud - Termiz, Urganch va Nukusga samolyotda yetkaziladi. Qolgan viloyatlarga mashinada yetkaziladi, kechasi chiqib ketadi, ertalab boradi.


Yaqin-yaqingacha kelgan pochta keyin tuman markaziga peshingacha yetib borardi. Tuman markazidan aloqa bo‘limiga olib borib, egasining qo‘liga yetkazilgunicha ertasi kuni bo‘lib ketishi mumkin edi.


Endi biz bosma davriy nashrlarni tuman markazidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berishni rejalashtirganmiz. Matbuot nashrlarini yetkazib berishni tezlashtirish maqsadida ularni obunachining manziliga markazlashgan holda amalga oshirishni takomillashtirish bo‘yicha elektroskuterlar va velosipedlardan foydalanish mo‘ljallangan. Ushbu tajriba ayni paytda Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlarida sinovdan o‘tkazilmoqda. 2021-yildan boshlab gazeta va jurnallar butun mamlakat bo‘ylab shunday tartibda yetkaziladi.


Shahar joylarida avtomatik pochtomat qurilmalarini joriy etish ham ko‘zda tutilgan. Oldin, jumladan to‘qqiz qavatli uyga kiraverishda pochta qutisi bo‘lardi, gazeta shuning ichiga solib ketilardi. Hozir ular yo‘q. Pochta xizmatchilari to‘qqizinchi qavatgacha chiqadi, eshigingizni taqillatadi, hech kim ochmagandan keyin qaytib ketadi yoki eshigingiz tagiga qo‘yib ketsa, birov ko‘tarib ketishi mumkin bo‘lardi.


Endi esa o‘sha joylarda pochtomat qurilmalari o‘rnatish rejalashtirilgan. U avvalgi pochta qutisidan farq qiladi. Qurilma katta kurerlik jo‘natmalari uchun ham moslashtirilgan. Pochtomatni faqat maxsus parollar bilan ochib olish mumkin bo‘ladi.


“O‘zbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyati bu yil veb-saytida onlayn obuna bo‘lish imkoniyatini ham yaratgan. Obunaga to‘lovni “Payme" to‘lov tizimi orqali masofadan turib amalga oshirish mumkin.


Davriy bosma nashrlari axborot-kommunikayiya texnologiyalari jadal rivojlanayotgan bugungi kunda OAV bozorida raqobatbardosh bo‘lishlari uchun, aftidan, o‘z shakllarini o‘zgartirishlari talab qilinmoqda. Pandemiya holatiga qaramasdan, masalan, “Darakchi” haftaligi va uning ilovalari o‘z faolityatlarini muvaffaqiyatli davom ettirmoqdalar.


Gazetalar yangiliklar, xabarlar va voqealarni o‘z o‘quvchilariga yetkazib berishda internet bilan raqobatbardosh bo‘la olmas ekan, nashr etish shaklini haftalikka o‘tkazish, ehtimol to‘g‘riroq bo‘lar. Bu holda jurnalistlar gazetxonlarga eskirib bo‘lgan kechagi kungi voqea-hodisalarni emas, balki obunachilarini qiziqtira oladigan dolzarb, qiziqarli, tahliliy, publitsistik materiallarni taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘lishlari mumkin.


Umuman, davriy bosma nashrlari muayyan sohaga ixtisoslashishi maqsadga muvofiq bo‘lardi, degan fikrdamiz. Jumladan, mamlakatimizda xalqaro mavzular chuqur va keng yoritib boriladigan nashrga ehtiyoj bor, deb o‘ylaymiz. Yoki millionlab avtomobil egalari bor yurtimizda bevosita ularni qiziqtira oladigan maxsus avtohavaskorlar haftalik gazetasining istiqboli yo‘q, deb o‘ylaysizmi? Huddi shuningdek tomorqa xo‘jaliklari uchun haftanoma nashr etilsachi? Bu ro‘yxatni ancha davom ettirish mumkin.


Ya’ni aytmoqchimizki, gazetalardan yaqin-orada voz kecha olmaymiz. Hamma gap jurnalistlarimizning bugungi kun voqeligiga hamnafas bo‘lishida qolgan.


Erkin ERNAZAROV,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist

"uza.uz" saytidan olindi

24.11.2020 881