"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Tilni asrab-avaylash xalqning taraqqiyoti va kelajagini belgilaydi

Ona tili – millatning ko‘zgusi, tarixi va ertasi, bebaho mulkidir. Bu mulkni asrab-avaylash, uni boyitish, kelajak avlodga bekami-ko‘st yetkazish har bir millatdoshning burchi, insoniy fazilati bo‘lishi kerak.

Alisher Navoiy bobomiz o‘z asarlarida til o‘tkir qurol ekanligini, so‘zning kuch-qudratini ko‘rsatib berganidek asrlar osha sayqal topib kelgan boy, serjilo va go‘zal tilimizni qadrlash, uni yanada rivojlantirish lozim.  

Bugun O‘zbekiston milliy metrologiya instituti (O‘zMMI)da ham ana shu ruhda faoliyat olib borilmoqda. Institut va uning hududiy filiallari tomonidan o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini oshirish bo‘yicha bir qator ishlar olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoniga asosan O‘zMMI va uning 16 ta hududiy filiallari tomonidan o‘lchash vositalarini metrologik nazoratdan o‘tkazish bo‘yicha qiyoslash va attestatsiya sertifikatlari, o‘lchash vositasi ta’rifi, dalolatnoma va bayonnomalar, barcha rasmiylashtiriluvchi hujjatlar to‘liq davlat tilida yuritilishi yo‘lga qo‘yildi.  

Shu jumladan, yuridik va jismoniy shaxslarning elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suvni hisobga olish uskunalarini (maishiy hisoblagichlar) qiyoslash sertifikat va xabarnomalari davlat tilida va elektron shaklda rasmiylashtirilmoqda.

Hududiy filiallar binosidagi 50 dan ortiq e’lon peshtaxtalari, barcha tashqi yozuvlar, lavhalar, e’lonlar, reklama va boshqa ko‘rgazmali axborot - reklama matnlari Davlat tili to‘g‘risidagi Qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lishi tahliliy ko‘rib chiqilib to‘liq davlat tiliga o‘tkazildi.  

Shuning bilan birga, hududiy filiallarda jami 19 ta ma’naviyat burchaklari qayta tashkil qilinib, kitob fondi boyitildi. Filiallarda ham o‘lchash vositalarini metrologik tekshiruvdan o‘tkazish bo‘yicha barcha rasmiylashtiriladigan hujjatlar – sertifikat, bayonnoma, dalolatnoma, o‘lchash vositasi ta’riflari davlat tiliga o‘tkazildi.

Ma’lumot uchun aytish mumkinki, joriy yil 1-oktabr holatiga 337 624 dona o‘lchash vositalarni davriy qiyoslash sertifikatlari va tadbirkorlar tomonidan import qilingan 18 550 dona o‘lchash vositalarining birlamchi attestatsiya sertifikatlari davlat tilida rasmiylashtirildi.

Yuridik va jismoniy shaxslarning (Respublika miqyosida) 172 476 ta murojaatga asosan elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suvni hisobga olish uskunalarini (maishiy hisoblagichlar) qiyoslash ishlari amalga oshirilib, tegishli sertifikatlar to‘liq tarzda davlat tilida  to‘ldirildi.

Hududiy filiallarda davlat tilida ish yuritish bo‘yicha joyiga chiqqan holda o‘rganishlar olib borildi. O‘rganish natijalariga tahlil qilinib, filial binolaridagi kirish peshtaxtalari barcha hududiy filiallarga yagonalashtirilgan tarzda o‘rnatildi. Shuningdek, filiallardagi ma’naviyat xonalari faoliyati qayta ko‘rib chiqildi va 19 ta madaniyat burchaklari qayta tashkil etildi.

O‘lchash laboratoriyalarida qo‘llaniladigan me’yoriy hujjatlar, metrolog xodimlar tomonidan ishlab chiqilayotgan dastur va uslubiyat (qiyoslash, kalibrlash va attestatsiya uslubiyatlari)lar, faoliyat davomida qo‘llaniladigan qiyoslash sxemalari ham davlat tiliga o‘tkazish ishlari yakunlandi.

Xulosa o‘rnida, Davlat rahbarining har bir yurtdoshimizga daxldor bo‘lgan, insonni qalbidagi milliy g‘urur va faxrini kuchaytiradigan, aniq qilib aytadigan bo‘lsak, bajarishi lozim bo‘lgan ishga qaratilgan ushbu so‘zlarini keltirib o‘taman: «Har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni, ona vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz kerak».

 

Lazizbek Saidoripov, 
O‘zbekiston milliy metrologiya 
instituti direktori

19.12.2020 1338