"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Quruq gapdan aniq saʼy-harakatlarga o‘taylik!

Chorrahadagi bekatda avtobus kutib qoldim. Bunday paytda beixtiyor atrofdagi yozuvlarga ko‘zing tushadi, ularni o‘qib uqmoqchi bo‘lasan. Ammo... to‘rt tomondan ko‘rinib turgan binolar – katta savdo majmuasi, uning birinchi qavati sahnidagi kichik-kichik do‘konchalar, oziq-ovqat do‘konlari va yengil tamaddixonalar, maydon o‘rtasiga o‘rnatilgan katta ekranda chiqayotgan eʼlonlar, hatto tashqariga bitta tuynukcha ochib qo‘ygan somsaxonagacha... bittagina “Dunyo gullari” degan yozuvni hisobga olmaganda, hammasi xorijiy so‘zlar.

Sal naridagi muhtasham binoda qurilish uchun kerakli xomashyolar sotiladi. U yangi ochilganda yuqori qavatiga o‘rnatilgan, uzoqdan ham ko‘rinib turadigan “Usta bor” degan yozuvni ko‘rib biram quvongandim. “Rosa munosib nom topishibdi-da! Ham o‘zbekona, ham o‘ziga juda mos, ham jarangdor. Hatto o‘zbek tilini bilmaydiganlar ham bu nomni eslab qolishlari oson”, deb ko‘pchilikka gapirib ham yurdim. Ammo ko‘p o‘tmay, bu yozuvning o‘rnida “Qurilish mollari markazi” degan o‘zbekcha, ruscha yozuv paydo bo‘ldi. Demak, “Usta bor”ga kimningdir tili, dili kelishmadi shekilli. Mana, hozir ham tushunish tugul, o‘qishgayam tiling kelishmaydigan nomlar, yozuvlar qurshovidamiz. Yana kelgusi yilning 21-oktabr kuni yaqinlashishi va o‘sha paytda Davlat tilimizning mavqeyi, sofligi, obro‘-eʼtibori uchun “kurashish” mavsumi boshlanishini kutib yashayotgandekmiz. Bu mavsum o‘tgandan keyin uning natijalarini sarhisob qilish ham go‘yo ke­yingi mavsum uchun zaxiraga olib qo‘­yilayotgandek.

Shularni o‘ylarkanman, beixtiyor, “Xo‘p, bu borada o‘zim nima saʼy-harakat qildim?” degan savol ko‘ndalang bo‘ldi. Umumiy gaplardan tashqari, aniq bir taklif berdimmi, ularning amalga oshishi uchun jon kuydirdimmi? – Yo‘-o‘q... Axir, xayrli ish avvalo, istakdan, qalbdagi ezgu niyatdan boshlanadi-ku! – Shu o‘y dilga tushdi-yu, go‘yo fikrlarim “ochilib ketganday” bo‘ldi.

Tasavvur qildim: dorixonalarga “Shifo”, “Shifobaxsh”, “Malham”, “Dori-darmon”, “Moychechak”, “Darmon” kabi nomlar, shuningdek, respublikamiz farmakologiyasi sohasida yaratilib, dori-darmon bozorlarida o‘rnini topgan dorilarning nomlari yozilsa; non do‘konlari peshonasida “Issiq non”, “Kulcha”, “Jizzali non”, “Gulobod patiri”, “Samarqand noni”, “Shirmoy”, “Obi non”, “Tandir non”, “Jaydari non” kabi yozuvlar bilan, (qaysidir yurtning batonlari rasmi emas,) yuzi nondek issiq onalar, bekalar, bolalarning tandirdan non uzayotgan, non sindirayotgan, savat to‘la non ko‘targan holatlarini aks ettirgan rasmlar ishtahangni ochib tursa; kitob do‘konlari peshtoqidagi “Ziyo”, “Nurafshon”, “Shuʼla”, “Maʼrifat”, “Mashʼal”, “Oftob”, “Hilol”, “Sevimli kitob”, “Kitob – oftob” kabi nomlar qalbingizni ilmu maʼrifat ziyosiga chorlab tursa; shirin­liklaru pishiriqlar do‘konlariga qo‘yilgan “Lazzat”, “Dandon”, “Xolva”, “Chak-chak”, “Rohat”, “Shirin”, “Qandolat”, “Qush tili”, “Asal”. “Obakidandon” kabi nomlar yoqimli taassurot ulashib tursa; ayollar go‘zallik salonlari “Orasta”, “Ozoda”, “Pokiza”, “Dilbar”, “So‘lim”, “Zebo”, “Muattar” “Nafosat”, “Barno” kabi nomlar bilan atalsayu, ularga yondash rasmlarda sochlarini sepsaytirib, ko‘zlari teshib o‘tguday qarab turgan, ko‘rinishidan millati nomaʼlum qiyofalar o‘rniga ko‘zimiz va ko‘nglimizga yaqin samimiy qiyofalar jilmayib tursalar; kelin-kuyovlarga xizmat qiladigan do‘konlarku, o‘z nomi o‘zi bilan – “Tohir va Zuhra”, “Farhod va Shirin”, “Yusuf va Zulayho”, “Baxtli bo‘ling”, “Kelin-kuyov”, “Baxtli ostona” “Kelinchak” kabi nomlarga yarashiqli (yelkasi, orqasi, ko‘k­ragi yalang‘ochu, etagi ikki metr orqada sudralib yuradigan ko‘ylaklar emas) o‘zbekona atlasu adraslar, beqasam, shoyilardan sharqona bichimlarda tikilgan liboslarda hayo-ibo bilan boqqan yoshlarning suratlari hava­singni toshirib tursa; zargarlik buyumlari do‘konlariga, hay-hay, “Feruza”, “Yoqut”, “Marvarid”, “Marjon”,  “Bilakuzuk”, “Tillaqosh”, “Olmos”, “Laʼl”, “Kumushoy”, “Tuhfa”, “Zebu zar”, “Sadaf” kabi nomlar qanchalar yarashimli; sport anjomlari do‘konlariga munosib “Alpomish”, “Pahlavon”, “Lochin”, “Botir”, “Bahodir”, “G‘olib”, “Qahramon” kabi nomlar ularning salobati, eʼtiborini oshirib tursa; bolalar bog‘lari, bog‘chalari, do‘konlari peshtoqi “Lola”, “Yulduz”, “Shirintoy”, “Erkatoy”, “Bulbulcha”, “Zumrad”, “Chaman”, “Parizod” kabi nomlaru iroqi do‘ppili sochi jamalak qizaloqlar, bolakaylarning baxtiyor rasmlari bilan yana ham yashnasa; elektr mahsulotlari do‘konlari peshtoqida “Nurafshon”, “Nurobod”, “Chaqmoq”, “Ziyobaxsh”, “Kahkashon”, “Shuʼla”, “Qandil”, “Charog‘on” kabi nomlar porlab tursa...

Sizlarni bilmadimu, men yuqoridagi fikrlarni xayolan tasavvur etsam ham hayajonlanib, quvonchdan yuragim toshib ketyapti. Bular – bugungi kunimiz ko‘chalarini kuzatarkanman xayolimdan yo‘l-yo‘lakay “lop” etib o‘tgan gaplar, nomlar. Ijodkor, tilshunos, tiliyu qo‘li uddaburon do‘stlarimiz yana qancha ajoyib nomlarni taxlab tashlashlari, amaliy takliflar bildirishlari turgan gap. Agar bafurja o‘tirib, mulohazalarni qiyomiga yetkazib, nomlaru rejalarni muvofiqlashtirib qog‘ozga tushirsak va ularni hayotga tatbiq etsak bormi! Unda, shubhasiz, ko‘chalarimiz, bozoru do‘konlarimiz, saylgohu bog‘larimizda yurib ko‘zlarimiz, ko‘ngillarimiz yayraydi. Ona tilimizning ruhi, so‘zlar mazmun-mohiyati qalblarimizga chuqurroq singiydi. Bolajonlar bu nomlarni eslab qolishlari oson, demak, ularning onajon tilimiz lug‘at boyligini ko‘proq, tezroq o‘zlashtirishlariga imkon yaratgan, hissa qo‘shgan bo‘lamiz.

Menimcha, ijodkor do‘stlarimiz, tilshunos olimlar, qalbida ona tilimiz taraqqiyoti bilan bog‘liq dardu rejalari bor insonlar orasida bu qutlug‘ ishga bosh qo‘shishga tayyorlar juda ko‘p – shahar, tumanlarning hokimlari, ayni masalaga masʼul xodimlari tashabbusni boshlab, ularni hamkorlikka taklif etsalar, birgalikda rejalar tuzib... hududlarning qiyofasini o‘zbekchalashtirsak!

Yangi yilda tilaklarimiz, rejalarimizni Alloh o‘zi qo‘llab-quvvatlasin.  Ijtimoiy, maʼnaviy-madaniy-maʼrifiy taraqqiyotimiz uchun har kuni dolzarb bo‘lgan vazifalar qatorida yuqoridagi taklifni ham mulohaza uchun havola qildim. Darvoqe, bundanda samarali, to‘g‘ri, yechimlari qulay taklifu rejalar bo‘lishi mumkin, ularni o‘rtaga tashlab, afzalu samaralilarini ish yo‘rig‘imizga aylantiraylik. Muhimi, 2021-yilda ayni borada gapdan aniq saʼy-harakatlarga o‘taylik.

Muhtarama ULUG‘OVA,

Respublika Maʼnaviyat va marifat markazi masʼul xodimi

“Hurriyat”  gazetasidan olindi

22.12.2020 822