"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

“Mening tig‘ tilgan tilim...”

Hazrat Alisher Navoiy “Tilga ixtiyorsiz – elga e’tiborsiz”, deya xitob qilganlarida bizdek loqayd, o‘z tilining ahamiyati, tub mohiyati, mavqeyini anglamaydigan, o‘z tilini hurmat qilmaydigan, sevmaydigan, tilni faqat odamlararo so‘zlashib aloqa qilishda ishlatiladigan qurol sifatidagina anglaydigan nodonlarni ko‘zda tutgan bo‘lsalar, ehtimol. Tinch zamonimizda biror ishni qoyil qilolmaganimiz, hadahadan boshqa ishga yaramaganimiz yetmagandek, tilimizning xazinasini kun sayin toptab, uning gavharlarini bitta-bitta boy berayotirmiz. Ba’zan ko‘rib-bilib turib, ba’zan bilib-bilmay turib yo‘qotib borayotirmiz xazinamizni. Ha, uning ko‘tarib ketguvchisi yo‘q. Bu shunday xazinaki, unda har kuni ishlatib, sayqallab, qimmatini oshirib turilmagan gavharlar asta qadrini yo‘qotadi. Biz o‘zimiz uni xotirlarimizdan quvib yuboramiz. Yaratguvchisi – ajdodlarimiz uni necha ming yillar davomida yartatgan, to‘plagan bordir. Uni g‘aznabonning o‘zi g‘aflat uyqusiga cho‘mib yota-yota boy beradi. Kelib-kelib bizning zamonda tilga e’tiborsizlik shu qadar kuchaydiki, tilshunoslardan tortib muallimlargacha – hammamiz har yonda, o‘z ko‘mochimizga qo‘r tortib yuraverdik va katta yo‘qotishlarning boshida turdik.

Qanday go‘zal ifodalarimiz, tilimizda ravon o‘ynoqlaydigan so‘zlarimiz biz tomonlardan yo‘qlik sari bosh olib ketdi va ketmoqda. Ayb o‘zimizda. Ketayotgan so‘zlarimizning oldiga tushmadik, yo‘lini to‘smadik, arazidan tushirmadik, tillarimizda yayratmadik. Ularning sekin-asta bo‘shatayotgan tabarruk joylariga – tilimizning to‘riga, yurtimizga egalik qilish, qadr-qimmatimiz, egalik huquqimizni toptash uchun ot o‘ynatib kelgan bosqinchilarning yoki o‘z tilining dunyo bo‘ylab yanada keng yoyilishi uchun tinmay intiladigan xalqlarning zo‘raki tiqishtirilgan so‘zlarini o‘tqazdik, ular uchun joy berdik, tavozeli mezbon bo‘lib. Asli bizga tiqishtirishlari ham shart emas. Shu qadar go‘lmizki, o‘zimizga, o‘tmishimizga e’tiborli bo‘lish, ajdodlar xosligini saqlab qolishdan ko‘ra o‘zgalarga mahliyolikni xushroq ko‘ramiz. Biz o‘zimiz mohiyatini anglamaydigan so‘zlarni sirli, ulug‘vor anglaymiz va aralashtirib gapirish bilan o‘zimizning naqadar bilimdon ekanimizni namoyon etamiz go‘yo.

Ulkan xazinamizdagi gavharlarni yo‘qotib qo‘yishda necha yillik “oliy ma’lumotli” avlod ham juda katta hissa qo‘shdi. Idoralar zamonaviy so‘zladi va ishladi.

“Falonchi otpuskada edi, danniylarini op keling. O‘zingiz bitta napravleniye tayyorlab, sapravadilka xat qilib bering”, deydi kuni kecha bir idorada birovi boshqasiga. Qaysi birimiz shunday aralash so‘zlashdan xolimiz? Qaysi birimiz o‘z so‘zlarimiz o‘rniga boshqa so‘zlarni ishlatish odatini tark qilganmiz? Nahotki bu bilan millatimizning birlashtiruvchi oliy ruhini bukishga, sindirishga katta hissa qo‘shayotganimizni anglamayapmiz? Nahotki, o‘zimizda bor, o‘zimiz talaffuzida xato qilmaydigan so‘zlarni bilmaymiz, ularni ishlata olmaymiz?

Qurolli Kuchlar tizimida faoliyat olib borgan vaqtlarimiz yodga keladi. Bir harbiyga ishora qilib, uning bo‘limimizga boshliq bo‘lgani haqida nimadir dedi suhbatdoshimiz. “Qaysi odamni aytyapsiz? Ana u dala kiyimidagimi?” so‘radim bir necha kishilik davrada. Suhbatdosh birpas tikilib turdi-da, piqillab kulib yubordi. “Siz “palyovka” (polevaya uniforma) deyishni bilmaysizmi deyman? Hech kim bunaqa demaydi. Dalachiga o‘xshab aytib yurmang, bizni uyatga o‘ldirib”.

Xuddi shu kabi oramizda kimdir “tibbiy ko‘rikka boraman, yo‘llanma yozib berishdi”, “tushlikka ketyapman”, “sichqoncham ishlamayapti”, “me’yorida ishlarkan” desa ustidan kulguvchilar yetarlicha topiladi. Nahotki o‘z so‘zlarimiz shu qadar kulgili bo‘lib qoldi?

Ijtimoiy tarmoqda til haqidagi mulohazalarga javoban “Nima bo‘pti, gaplashsa bo‘ldi-da”, deydi kimlardir. Gaplashsagina bo‘ldi bo‘lganida edi, tillar bu qadar turfa bo‘lmagan, odamning tiynati, xulq-atvori, qarashlari, odatlari tilidan kelib chiqmagan, bir tilda so‘zlashuvchilarning boshqa tilda so‘zlashuvchilardan ruhiy-hissiy va boshqa farqli tomonlari bo‘lmagan bo‘lardi.

Millatparvar shoira Halima Xudoyberdiyevaning “tig‘ tilgan tili” bilan besaranjomlanib yozgan satrlari yodga keladi:


Ko‘kragimda dod qotgan,

Yaqinlashar katta xavf,

O‘z tilini yo‘qotgan

El bo‘lmasmi yurtdan daf?


Darhaqiqat, o‘z egalari e’tiborsizligidan ma’lum bir tilning yo‘qolib, millatning boshqa millatlar ichiga singib ketishi bu tilda yaratilgan noyob durdonalarning ham qimmatsiz, egasiz bo‘lib qolishiga olib keladi. E’tiborsizlik esa millat ustidagi eng og‘ir jinoyat bo‘lar edi.

Bugun avlodlar bor ma’naviy merosimizni chuqur o‘rganishi uchun ularga tilimizni ham chuqur o‘rgatishimiz kerak. Biroq haqiqiy milliy tilimizga oid kitoblarni folklorga tegishli yoki shevaga oid kitoblar sifatida e’tirof qilinadigan holga keldik.

Tilshunosligimizga oid ko‘plab qo‘llanmalarni ochib ko‘rsangiz, undagi birinchi ifoda, odatda, mana bunday bo‘ladi: “Rivojlangan har qanday til, shu jumladan, hozirgi o‘zbek tili ikki asosiy funksional turga: adabiy til va jonli so‘zlashuv tiliga bo‘linadi...”

Xuddi mana shu ifoda, shu tushuncha butun bir xalq tilshunosligining asosiga aylandi. Qolgan barcha qoidalar, ilmlar, tadqiqotlar ana shu bo‘lingan tushunchaga asoslanib maydonga keldi. Axir bu qoliplar atayin, xalq milliy tilining mavqeyini xiralashtirish, til to‘g‘risidagi ilmlar bilan haqiqiy tilning o‘zini ayirib tashlash, shu bilan odamlarni faqat qoidalarni yodlaydigan, tafakkur qilib o‘tirmaydigan qo‘g‘irchoqlarga aylantirish uchun ishlangan edi-ku!

Mana shu asos tilimizni unga oid fanimizdan ayro qildi. Biz “adabiy til”, “ona tili”, “hozirgi o‘zbek adabiy tili” deb ataydigan fanlar bo‘g‘inida “Jumla paradigmatikasi va sintagmatikasining aktual bo‘linish bilan munosabati”, “Gap semantikasining propozitiv aspekti” kabi (ehhe, yana qancha-qancha) tilimiz, tilshunosligimiz rivojiga, fanning oson o‘zlashtirilishi, qiziqarliligi, yosh avlodga singdirilishi, uning go‘zalligi, cheksiz imkoniyatlarini namoyon etishga aks xizmat qiladigan, olimning, ya’ni yakka va alohida shaxsning darajasiga daraja qo‘shishdan boshqa ishga yaramaydigan va, afsuski, bir chaqaga qimmat tadqiqotlar qalashib yotibdi. Bu tadqiqotlarning aksariyatida tilimiz ravnaqi, tilshunosligimiz rivoji mutlaqo maqsad qilinmagan.

Bugungi kun tilshunoslari yelkasida eng katta, mas’uliyatli vazifalardan biri – chinakam, o‘z tilimizning barcha xususiyatlariga mutlaqo mos keladigan, rus tilshunosligi qoliplariga qayrilib qaramagan tilshunoslikni yaratishdir. Chunki bu ikki tilning xususiyatlari bir-biridan keskin farq qiladi. Yangicha, o‘z tilimiz qonuniyatlari, tabiatiga mos fanni yaratmas ekanmiz, G‘arbning o‘zi ham o‘zgartirib yuborgan qoliplardan chiqolmay, uning ichida aylanaveramiz. Yoshlarimiz rus tilini, uning tilshunosligini alohida o‘rganaversinlar. Biroq ular ham eng avval o‘z tilimizni yaxshi bilsinlar.

Eng og‘riqli va eng katta xatoimiz – tilimizdagi so‘zlarning barchasi aks etishi lozim bo‘lgan “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” nomli lug‘atimizning mukammal emasligidir. Undan o‘rin olgan juda ko‘plab so‘zlarga “arabcha”, “forscha” degan tamg‘alar urilgan. Ona tilimizdagi go‘zal so‘zlar esa “sheva so‘zlari” sifatida lug‘atgakiritishga munosib topilmagan. Bu lug‘atdan Yassaviy, Lutfiy, Navoiy, Bobur va boshqa so‘z ustalari qo‘llagan go‘zal turkiy so‘zlarni aslo topib bo‘lmaydi. Unda bu lug‘at nega yaratilgan? Yoki bobolarimiz deb faxrlanadiganimiz – buyuk shoirlarning tilidagi so‘zlar bizga tegishli emasmi? Bunday desak, lug‘atdan tilimizda deyarli sira qo‘llanmaydigan gidropod’yomnik, dozator, tonnaj, senz, sentrifuga, shezlong kabi so‘zlar ko‘plab o‘rin olgan.

Nega uni besh tomli qilib yaratishda avvalgidan boshqacha yondashmay, 1981 yilda chop etilgan ikki tomli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”dan butunicha ko‘chirib olindi va qayta ishlandi-da taqdim etildi? Nega shu jarayonda tilimizning bebaho boyligi bo‘lgan har biri bir gavhardek qimmatli so‘zlarimizga alohida-alohida e’tibor qilinmadi?

Til millatning tiynatiga munosib ravishda paydo bo‘lgan va rivojlanib kelgan. E’tibor qilaylik, tilimiz ularga qo‘shimchalar qo‘shilib borishi va qo‘shimcha qo‘shilganda o‘zakning o‘zgarishi tomondan agglyutinativ (aralashib ketmay butunicha yopishuvchi) til hisoblanadi. Bunda avval asos, keyin eng kuchli bo‘lgan so‘z yasovchi qo‘shimcha, keyin bir oz kuchsizroq bo‘lgan so‘z shaklini hosil qiluvchi qo‘shimcha, undan keyin so‘zlarni faqat bir-biriga bog‘lashgagina xizmat qiluvchi so‘z o‘zgartiruvchi qo‘shimcha qo‘shiladi. Bizda qo‘shimcha flektiv tillardagi kabi so‘zning orasiga joylashib olmaydi yoki so‘zni butunlay o‘zgartirib tashlamaydi, so‘zdan avval ham qo‘shilib kelmaydi. Bu esa xalqimiz orasida kattalarni hurmatlab to‘rga chiqarish, ularga eng avval yo‘l berish, avval kattalarning gapirishlari uchun sukut qilish, odamlarni mavqeyi, bilimiga qarab avvalgi o‘ringa o‘tqazish, o‘zaro hurmat, tavozening ustuvorligi kabilarning ruhiy aksidek tuyuladi.

Ko‘chalardagi yozuvlar haqida, tashkilot nomlari, hujjatlar tili haqidagi gaplar kimlarning ensasini ham qotira boshladi. Biroq inson ruh deb ataydigan bir olam borki, uning sir-sinoatlari bizga qorong‘u. Millat til bilan belgilanar ekan, tilning mayibligi, notozaligi ruhning ham majruhligi, kirligi bo‘lib qolaveradi. Borliqdagi hamma narsa ilohiy, hech biri o‘zicha paydo emas. Shunday bo‘lgach, ko‘chalardagi yozuvlarga ham befarq bo‘lmaslik lozim. Chunki ulardan ko‘chaga ruh yog‘iladi. Bu ruh butun bir mamlakatga, mamlakatning ko‘chalaridan o‘tuvchi odamlarga, ayniqsa, ruhiyati hali top-toza bolalarga, ularning tafakkuriga ta’sir etadi.

O‘zimiz o‘zbek bo‘la turib istilodan boshlab jamiyatda boshqaruv rus tilida bo‘lganidan farzandlarimizning kelajakda katta vazifalarni ado etishini, darajasi baland joylardan o‘z o‘rnini topishini o‘yladik-da, shartta yetaklab, garchi uning o‘zi xohlamasa-da, juda ham yomon qiynalsa-da, rus maktabiga olib bordik. Eng yomoni, ular rus tilini “rodnoy yazыk”, ya’ni “ona tili” deb o‘rganishyapti. Bir ona aytadi: “O‘g‘lim to‘rtinchi sinfda o‘qiydi, kundaligini olib keldi. “Oyi, nega rus tili darsimizga “rodnoy yazыk” deb yozilgan?” deb. O‘ylasam to‘g‘ri aytayotgan ekan. Shuni “russkiy yazыk” qilib yozib bo‘lmasmikan?”

Yo‘q, bo‘lmaydi. Agar yozilsa ham, bu noto‘g‘ri ish bo‘ladi. Chunki bu maktablar avval boshida ona tilisi rus tili bo‘lgan bolalarni o‘qitishga mo‘ljallangan. Boshqa tilni ona tilim deb o‘rganayotgan, butun ruhiyati, qarashlari o‘zgacha bo‘lib shakllanib borayotgan avlodlar uchun nafaqat ota- onalar, balki boshqaruvda boshqa tilning ustuvorligiga zamin yaratayotgan ko‘pdan-ko‘p nufuzli tashkilotlar ham aybdordir. Ta’lim o‘zga tilli maktablarda o‘z bolalarimiz ko‘proq bo‘lgach, tezda, hech ham o‘ylab o‘tirmasdan davlat tili va o‘zbek adabiyoti fanlari soatlarini ikki-uch baravarga ko‘paytirishimiz kerak. Bunda dunyodagi tilini hurmatlovchi xalqlar va uni o‘qitishda eng to‘g‘ri yo‘l tutgan mamlakatlar tajribalaridan o‘rganish lozim. O‘zbek adabiyotini o‘rganish uchun bu maktablarning “literatura” fani doirasida soatlar ajratilgan, biroq ular juda kam. Ularni ko‘paytirish yoki alohida fan darajasiga olib chiqish uchun ta’lim tizimimizdagi mutasaddilar allaqachon, balki yigirma yillar oldin takliflar kiritishlari, o‘zbek adabiyotini alohida darslik va fan o‘quv rejasi asosida o‘qitilishiga erishishlari lozim edi. Axir biz “Kniga dlya chteniye”, “Russkaya literatura” darslarini qanday ko‘p va xo‘p o‘rganardik-ku.

Insonni koinot gultoji desak, uni til bilan mukofotlagan Yaratgan shu tilni e’zozlay olishi uchun unga aql-idrok ham bergan. Biz Haqning yorlig‘ini ehtiyot qilishni uddalay olmagach, boshqalarga mahliyolik, ko‘chirma olish bilan ovora bo‘lib qolyapmiz. To‘g‘ri, globallashuv sharoitida xalqaro aloqalar tobora kuchli avj oladi va barcha sohalarda yaxshi samara beradi. Maqsad ham inson hayotini yanada yaxshilash bo‘lgach, mamlakatlar orasidagi aloqalarda xalq orasiga ko‘p narsa kirib keladi va chiqib ham ketadi. Biroq insonning hayotdan maqsadi faqat yaxshi yashab qolishgina emas. U o‘z ruhiy olamini tadqiq etishi, u orqali butun olamni anglashga intilishi lozim. Insoniyat umri ham olamning yaralish jumbog‘ini yechishga qadar kechadigandek tuyuladi gohida. Har nima bo‘lganda ham olamni, odamni his etishda tafakkurga tayanamiz, tafakkur esa tilga tayanadi. Bunday sharoitda tilni asrab qolish uchun faqat shu tilni sevish va unda so‘zlash, unda farzandlarni o‘qitish, unda go‘zal asarlar yaratish, unda kuylash, hamda unda barcha ishlarni yuritish lozim. Toki tilimiz toza bo‘lmas ekan, tafakkurimizning ham tozaligini saqlab qolish mushkul kechadi.


Ma’mura Zohidova

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi O‘quv-metodika

va harbiy-vatanparvarlik bo‘limi boshlig‘i

24.03.2020 1391