"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Tizimli ishlarning uzviy davomi

“O‘zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasining umumxalq muhokamasiga qo‘yilishi Yangi O‘zbekistonda davlat tilini rivojlantirish borasida sobitqadamlik bilan amalga oshirilayotgan tizimli ishlarning uzviy davomidir.

Ushbu qonun loyihasi jamoatchilik tomonidan necha yillardan beri kutilayotgan edi. Shuning uchun u katta qiziqish va xayrixohlik bilan qarshi olindi,  regulation.gov.uz portalida loyiha bilan ko‘z ochib yumguncha qariyb yigirma bir ming kishi tanishib chiqdi. Yetti yuzga yaqin fuqaro o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini bildirishga ulgurdi.

Qizg‘in davom etayotgan ushbu jarayon, o‘zbek tili o‘zining qadimiy va boy tarixida hech qachon davlat va jamiyatning bugungidek yuksak eʼzoz-eʼtibori va g‘amxo‘rligiga sazovor bo‘lmagan edi, deb alohida taʼkidlagan tilshunoslar, milliy va xalqaro ekspertlarning fikri  naqadar to‘g‘ri ekanligining dalilidir.

Bu  O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va dadil demokratik islohotlarning yuksak samaralaridandir. Bu – katta fidoyilik va jasorat talab etadigan siyosiy xohish-irodaning amaldagi yana bir yorqin ifodasidir. Zero, shunday qatʼiy siyosiy iroda,  matonat yetishmagani uchun ham davlat tilini bugungidek barcha darajada qatʼiyat bilan joriy etish, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘la o‘tish masalasi  o‘ttiz yildan beri ortga surilib kelayotgan edi. Vazirlar Mahkamasi tomonidan bu borada yo‘l haritasi tasdiqlandi. Endi yangi alifboning joriy etilish muddati aniq - 2023-yil. Yangi alifboni yanada takomillashtirish borasida boshlangan xayrli ishlar esa o‘tish  jarayonining sifat va salmog‘ini yanada oshiradi.

Nomi qayd etilgan qonun loyihasining qabul qilinishi “lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘la o‘tamizmi yo yana kirilchaga qaytamizmi” qabilidagi ikkilanishu shubha-gumonlarga butunlay barham beradi. Mustamlaka zamonining yana bir unsuridan xolos bo‘lish uchun keng imkoniyat yaratadi.

Taklif etilayotgan lotin yozuviga asoslangan 28 harf va bitta harflar birikmasidan iborat o‘zbek alifbosi borasidagi baxs-munozaralar asosan yangicha shakldagi to‘rt harf va bitta harflar birikmasi borasida kechmoqdaki, bu ham tabiiy. Bular – g‘ ↔ g‘ ḡ, o‘ ↔o‘ ō, sh ↔ sh ş, ch ↔ch   ç harflari va ng   ng harflar birikmasi.

Ushbu to‘rtala harfning yangi shakli (ḡ, ō, ş, ç) o‘zbek tilining o‘ziga xos xususiyatlari, xalqaro tajriba, jumladan turkiy tilli xalqlar tajribasidan, shuningdek, kompyuter texnikasi talablari va imkoniyatlaridan kelib chiqib, chuqur o‘ylab taklif etilgani seziladi. Buning uchun davlat tilini joriy etish uchun masʼul tashkilotchilar va tilshunoslarimizdan minnatdormiz. Ayni paytda, ikki harfdan iborat Ng birikmasi yozishda, ayniqsa, kompyuterda terishda har qanday kishini chalg‘itadi. Aslini olganda, alifboni takomillashtirishdan maqsad yozishni va o‘qishni qiyinlashtiradigan ana shunday birikmalardan (g‘, o‘, sh, ch) voz kechish-ku. Shunday ekan, Ng birkimasiga hojat yo‘q deb o‘ylayman. Uni boshqa harflar singari odatdagi tartibda qo‘llash qulay bo‘ladi.  

Ushbu qonunning qabul qilinishi o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini, qo‘llanish va istifoda etilish ko‘lami hamda imkoniyatlarining yuksalishiga, aholi umumiy savodxonlik darajasining yanada oshishiga xizmat qiladi.

 

Qulman OCHIL,

jurnalist

23.03.2021 722