"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

"Soʻz latofati" kitobidan: Bo‘yinbog‘ desang o‘larmiding?

Bu voqeani men bir turk adibidan eshitganman. Unga o‘sha hodisani boshdan kechirgan polvon jiyani hikoya qilgan ekan. U yigit bir xalqaro kurash musobaqasida o‘zbek polvoni bilan tanishib qolibdi. Ular bir mehmonxonada yonma-yon turar ekanlar. Gaplari qovushib, didlari mos kelib, oz vaqt ichida qadrdon bo‘lib olibdilar.

Bir kun o‘sha yigit o‘zbek do‘stidan, bir kechaga kravatingni berib tur, deb so‘rabdi. O‘zbek hayron bo‘libdi. Krovatim senga nega kerak, debdi. Turk unga shivirlabdi:

― Bir jonon bilan tanishib qoldim. Bugun ko‘rishadiganmiz. U juda go‘zal ekan...

― Tushundim, krovating yo‘qmi?

― Bor, lekin eskiroq.

― Mening krovatimda aysh-ishrat qilmoqchimisan?

― Bir kecha xolos...

O‘zbekning joni xalqumiga kelibdi:

― Qani, bir tuyog‘ingni shiqirlat! Chiq, ko‘zimga ko‘rinma! ― deya uni haydab chiqaribdi. Turk ham qiziqqon ekan, senga nima yomonlik qildim, nega meni haydaysan, deb o‘zbekning yoqasidan olibdi. Baqir-chaqirga qo‘shnilar yig‘ilib, ikki polvonni zo‘rg‘a ajratib qo‘yibdilar. Ular ichida ozarbayjonlik polvon ham bor ekan, janjal nimadan chiqqanini so‘rabdi.

― Men undan faqat kravat so‘radim xolos, ― debdi turk.

― Mening krovatimda buzuqlik qilmoqchi bo‘ldi bu benomus, ― debdi o‘zbek.

Ozar yigit bu gapni eshitib rosa kulibdi. O‘zini to‘xtatolmay, qornini changallab uzoq xanda uribdi. Janjal ustida qah-qah urgan yigitga qarab hamma hayron emish. U nihoyat o‘zini arang bosib ko‘zidan oqqan kulgu yoshlarini artib o‘zbekka debdi:

― Sen qardosh, bekorga xafa bo‘libsan. Kravat turk tilida galstuk degani. Do‘sting sendan, galstugingni berib tur, deb so‘rabdi.

O‘sha oqshom o‘zbek polvoni ziyofat beribdi. Ming uzrlar bilan do‘stiga hamma galstuklarini sovg‘a qilibdi.

― Kravat nima, desang bo‘lmasmidi? ― debdi turk.

― Bo‘yinbog‘ desang o‘larmiding? ― debdi o‘zbek.

 

Erkin Vohidovning "Soʻz latofati" kitobidan olindi

02.04.2021 677