"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Munosabat: Yozuv islohi to‘kis bo‘lsin

Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tish va isloh yuzasidan mamlakatimizda turli bahsu munozaralar bugunga qadar davom etmoqda, ijtimoiy tarmoqlar orqali keng miqyosda takliflar havola etilmoqda.

Taʼkidlash joizki, isloh uchun olinayotgan lotin alifbosiga asoslangan o‘zbek yozuvi tilning imlo qoidalariga to‘liq mos kelishi va aynan hozirgi o‘zbek tilining orfoepik xususiyatlarida ham maksimal darajada o‘z aksini topishi zarur. Bu holat imloviy hamda orfoepik meʼyor o‘rtasidagi masofaning nisbatan qisqarib, farqning keskin kamayishida muhim omil bo‘lib, ayni vaqtda, lisoniy jihatdan chalasavodlikni ham bartaraf etadi.

1995-yil 15-mayda qabul qilingan lotin yozuvli o‘zbek alifbosi turli ko‘rinishlarni o‘zida mujassam etgan murakkab shaklda taqdim etildi:

birinchidan, o‘sha vaqtga qadar o‘zbek tili uchun yangilik bo‘lgan harfiy birikmalar (keyingi o‘rinlarda – diagraflar) – sh, ch, ng kiritildi. Bunga sabab sifatida jahon tillarini o‘zlashtirishning nisbatan oson bo‘lishi, yangi o‘zbek alifbosini xalqaro miqyosda keng isteʼmolda bo‘lgan alifbolar bilan integratsiya qilish maqsadida tafovutning kam bo‘lishi ko‘rsatilgan edi;

ikkinchidan, O‘o‘ va G‘g‘ harflari uchun lotin alifbosida diakratik belgili ko‘rinish tanlandi (O‘o‘, G‘g‘);

uchinchidan, ikkinchisiga bog‘liq bo‘lgan muammoli, dunyodagi lotin yozuvli tillardagi “noyob hodisa” - harfni farqlash belgisi (‘) — “okinta” bilan ajratish imloni g‘alati ko‘rinishga olib keldi;

to‘rtinchidan, alifboda (xat, mix so‘zlarini yozish uchun) Xx harfini ifodalash tanlandi. Bu harf aslida lotin yozuvida yonma-yon kelgan -ks tovushlari uchun yoziladi.

Mazkur holat o‘sha vaqtda qabul qilingan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida arosatlilik kasb etdi. Vaholanki, 1993-yilda qabul qilingan alifboda ş, ç, ñ harfiy shakllarning o‘ziga xos diakritik belgilar bilan ifodalanishi mavjud edi. Ammo mazkur shakllar 1995-yil 15-mayda o‘zgarishga uchradi va sh, ch, ng diagraflari qabul qilindi. Mazkur davrda amaldagi lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘zgartirish kiritish uchun saʼy-harakatlar qilinsada, bugun bu holat to‘laqonli holda yakun topmaganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Demoqchimizki, amaldagi alifbomiz tovush (fonema) bilan harfning, diakratik belgi bilan diagrafning farqiga bormaydigan holatda. Shu sababli, qatʼiy tarzda aytish mumkinki, o‘zbek grafikasidagi bu qadar noaniqliklarni bartaraf etish, yo‘l qo‘yilgan juzʼiy kamchiliklarga nuqta qo‘yish payti keldi! 

Keling, avvalo, har qanday alifboni tilga moslash masalasiga to‘xtalsak. Aslida boshqa til uchun yaratilgan alifboni qabul qilishda asliy harflar olinadi va harflarga alifboni qabul qilayotgan tildagi harflar moslashtiriladi. Alifbomizni isloh qilish bugunning eng dolzarb va zaruriy masalalaridan biri bo‘lmog‘i zarur. Amaldagi alifbomizga kiritish rejalashtirilayotgan ikkita o‘zgarish – sh, ch shakllarini ş va ç ko‘rinishiga keltirish bilan to‘laqonli isloh amalga oshirilmaydi. Oldinda o‘zbek grafikasida qilinishi kerak bo‘lgan jiddiy o‘zgartirishlar yetarlicha.

Statistik maʼlumotlarga ko‘ra, Yer yuzining 30 foizdan ortiq xalqlari lotin grafikasiga asoslangan yozuvlariga ega. Ammo lotin yozuvi bu xalqlar tilidagi barcha tovushlarini to‘liq aks ettira olmasligi tabiiydir. O‘zbek tilidagi bir necha unli va undosh tovushlar ham bundan mustasno emas. 

Shuni unutmaslik kerakki, lotin yozuvining o‘zligi bo‘lgan lotin tilida sh – (ʃ), ch – (ʧ), g‘– (ɣ, ʁ), ng – (ŋ), sirg‘aluvchi j – (ʒ - jurnal) va portlovchi j – (ʤ - jo‘ja), o‘ - (ɵ) tovushlari bo‘lmagan.

Buni o‘ziga qabul qilgan xalqlar yozuvda aks ettirish uchun o‘z tovushlarini lotin yozuvidagi yaqinroq bo‘lgan harfning osti, usti yoki atrofiga turli diakratik belgilar qo‘yib (â, ƶ, ä, ş) yoki turdosh tovushni hosil qilish uchun ikki va undan ortiq harfni birlashtirib yasash qoidalaridan foydalanishgan. Bunda, asosan, ikki harfli diagraf (sh, ch, kh, ng), uch harfli triagraf (sch, dzh, eau) va tetrograf (tsch) lar qo‘llangan va hozirgacha foydalanilmoqda.

Diakratik belgili harflardan ko‘proq lotin yozuvini nisbatan kechroq qabul qilgan, shuningdek, Shimoliy va baʼzi Sharqiy Yevropa hamda bir qancha Osiyo tillari, jumladan, turk, ozarbayjon tillarida foydalaniladi. To‘g‘ri, bugungi alifbomizda ham diakratik belgili harflar mavjud. Bular O‘o‘, G‘g‘ harflari bo‘lib, o‘zimizdagi yozuv imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda qabul qilingan.

Taʼkidlaganimizdek, bu jarayon qoniqarli darajada “pishirilmagan”. Bugunda o‘zbek grafikasida “26 ta harf va 3 ta harfiy birikma mavjud”, degan “aksioma” ortida o‘ta jiddiy noaniqliklar mavjuddirki, uni bartaraf etmay turib, taʼlimdagi savodxonlik madaniyatiga erishib bo‘lmaydi. Keling, ularning ayrimlarini izohlashga urinib ko‘raylik.

Har bir tilning yozuvi uning o‘ziga favqulodda mos va muvofiq bo‘lishi, shundagina yozuv tilning tabiiy va tarixiy taraqqiyotiga xalaqit bermasligi, tilning tugal tozaligiyu oydin ohangdorligiga putur yetkazmasligi ko‘p taʼkidlangan haqiqatlardan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-oktyabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni va Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevraldagi “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni taʼminlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Alifbo islohotining bugungi kunda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘layotgani ham masalaning o‘ta jiddiy hamda masʼuliyatli ekanini anglatmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda, matbuot sahifalarida keng jamoatchilik tomonidan bildirilayotgan mulohazalarni kuzatar ekanmiz, fikrimizcha, amaldagi alifbomizda yaqqol ko‘zga tashlanib turgan, isloh qilinmasa bo‘lmaydigan eng katta nuqsonlar ham mavjud.

Keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan qonun loyihasi bilan tanishib chiqqan har bir millatimiz vakili borki, unga befarq bo‘la olmaydi. Chunki milliy alifbo har qanday millatning muayyan darajadagi saviyasi, shu bilan birga, kundalik maʼnaviy ehtiyoji sanaladi. Binobarin, yozuv kishilar o‘rtasidagi muhim aloqa vositasi sifatida kundalik ijtimoiy hayotdagi eng faol amaliy jarayon hisoblanib, u yoki bu ko‘rinishdagi turli yozishmalarda o‘z ifodasini topadi. Mana shundan kelib chiqilgan holda har jihatdan qulay bo‘lgan alifboga ehtiyoj tug‘ilishi tabiiy holdir. Axborot texnologiyalarining rivojlanishi sabab kundalik ish qurolimizga aylangan telefonlar yoxud kompyuterlarda matn yozish jarayonida o‘xshamoq so‘zini oxshamoq yoki unga yaqin bo‘lgan diakritik belgi – (’) dan foydalangan holda o’xshamoq ko‘rinishida yozish odat tusiga kirib qolgani sir emas. Shu sababli ushbu imloviy noqisliklarni bartaraf etish uchun har tomonlama qulay alifboga haqli ravishda jiddiy ehtiyoj yetildi. Yangi qonun loyihasida ko‘pchilikni uzoq yillardan beri qiynab kelayotgan baʼzi muammoli holatlarga asosli yechimlar taklif etilayotganidan faqat quvonish mumkin. Qolaversa, amaldagi alifboning tegishli o‘zgartirish va to‘ldirishlar bilan takomillashtirilishi savodxonlikni oshirishga xizmat qiladi, yozuv amaliyotini osonlashtiradi, shuningdek, milliy alifbomizning ilmiy-taʼlimiy jihatdan puxta bo‘lishini taʼminlaydi.

Baʼzi olimlarimiz tomonidan taklif qilinayotgan “6 unli emas, 9 unli harf zarur”, degan eʼtirozlarga ham to‘xtalib o‘tsak. Har bir tilning grafika hamda orfografiyasi uning orfoepik xususiyatlaridan kelib chiqadi. To‘g‘ri, bizda “o” unli tovushining keng va torlik xususiyatlari uning boshqa-boshqa shaklda qabul qilinishi zarurligini taqozo etishi bir jihatdan haqli eʼtiroz, albatta. Ammo unutmaslik kerakki, tilimizdagi jonli dialektik jarayon buni keskin rad etishi tabiiydir. Chunki o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar boshqa qardosh tillar egalari kabi faqat bitta lahja (yo faqat qarluq, qipchoq yoki faqat o‘g‘uz lahjasi)da so‘zlashmaydilar. O‘zbek tili dialektikasida juda katta miqyosda uchta lahja tovushlari birlashganini hisobga oladigan bo‘lsak, tabiiyki, qipchoq lahjasidagi unli tovushlarning soni qarluq lahjasidagi unlilar sonidan farq qiladi. Shuning uchun har uch lahja tovushlarini bitta alifboda aks ettirishning imkoni yo‘q. O‘zbek grafikasida olti unlining amalda bo‘lishi mazkur dialektik tafovutlar keskinlashuvining oldini olib, umumxalq tilining sayqallanishi, muayyan meʼyorga solinishiga imkon yaratib beradi. Bundan tashqari, masalaning boshqa tomoni ham bor. Yaʼni bugun juda katta avlod olti unli va 24 undosh tovushni aks ettirgan alifboda savod chiqardi va shu alifboda fikrimizni ifoda etmoqdamiz. Agar unlilar soni 9 taga yetkazilib, ular alifboda muayyan harfiy shakllar bilan aks ettirilsa, tilimizda mavjud bo‘lgan omograflarga hojat qolmasligi mumkin. Ammo “o‘z” olmoshi bilan “o‘zmoq” feʼlini farqlash uchun qabul qilingan maxsus shakl qaysi lahja vakillariga xizmat qilishi mumkin? Holbuki, “o‘z” olmoshining qarluq lahjasida cho‘ziqtalaffuz qilingani holda qipchoq lahjasida qisqa “o‘” tarzida aytilishi hisobga olinsa, o‘ tovushini farqlab yozish jiddiy mashaqqatga aylanishi turgan gap. Agar bizning adabiy til meʼyorlarimiz monodialektik xususiyat kasb etganida edi, “9 ta unliga bo‘lgan ehtiyoj” daʼvosi o‘zini oqlashi mumkin bo‘lardi. Shu sababli jonli xalq tilidagi orfoepik talablar natijasi o‘laroq, oltita unli bilan ishlash maqsadga yaqinroqdir.

Undosh harflar haqida gap ketganda, alifbo loyihasidagi sh, ch harfiy birikmalaridan voz kechilgan holda, ş, ç, shakli olinishi qabul qilinayotgan alifboda diagraflardan voz kechilib, diakritik belgilarga o‘tishni taʼminlaydi. Bu esa o‘zbek grafikasida yozuvni osonlashtiradi.

Yuqoridagi fikrlarimizdan kelib chiqib, biz alifbo loyihasidagi o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlagan holda ularga o‘z munosabatimizni quyidagilarda aks ettirdik:

birinchidan, amaldagi alifboda o‘ va g‘ bizni eng ko‘p qiynayotgan, texnik noqulaylikka, qolaversa, matnlarning xatoga to‘lib ketishiga sabab bo‘layotgan harflar hisoblanardi. Ushbu harflarni kompyuterda yozishda bir nechta ortiqcha amallarni bajarish lozim edi. Ular isloh qilinayotgani, yaʼni Ōō, Ḡḡ shakli alifbo loyihasiga kiritilganini qo‘llab-quvvatlaymiz;

ikkinchidan, yozuvimizdagi eng katta noqulayliklardan yana biri sh va ch diagraflaridir. Ziyolilarning aksariyati ularni soddalashtirish, milliylashtirish tarafdori. Chunki xalqimiz azal-azaldan “bir tovushga – bir belgi” tamoyiliga ko‘nikkan. Qolaversa, bu tovushlar, ayniqsa, sh o‘zbek tilida juda faol tovush hisoblanib, arab tilidan o‘zlashgan Is‘hoq, as‘hob kabi so‘zlar imlosida ham s va h harflarining yonma-yonligi bilan sh harfiy birikmasini farqlashda (ayniqsa, o‘zbek tilini o‘rganuvchi boshqa tillar vakillari uchun!) jiddiy noqulayliklarni tug‘diradi. Natijada ularning matnda ketma-ket kelishi o‘qish-yozish jarayonida murakkablik yaratmoqda. Shu sabab loyihada taklif qilingan Ş ş harfi o‘rinlidir;

uchinchidan, Hh va Xx harflarining alifboda alohida qayd etilishi juda muhim hisoblanadi. Mumtoz adabiyotimizda, xususan, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur asarlari tilida mazkur harflar ishtirok etgan juda ko‘p so‘zlar bor. Ularning ko‘p qismi hozirgi o‘zbek adabiy tilida ham ishlatilmoqda. Bu so‘zlarning yozilish shakli yozuvimizda necha asrlardan beri anʼana sifatida davom etib kelmoqda. Shuningdek, bir qancha o‘zbek shevalarida mazkur tovushlar farqlanadi. Yozma anʼanalarga sodiqlik, tilning ifoda imkoni hamda yuqoridagilardan kelib chiqqan holda yangi alifboda Hh va Xx harflarini alohida belgilar bilan ifodalash to‘g‘ridir;

to‘rtinchidan, ng o‘zbek tilining qadimiy tovushlaridan hisoblanadi. Uni alifbodan chiqarish bitta milliy tovushimizni yo‘qotishga olib keladi. Shu sababli bu tovush alifboda saqlanishi maqsadga muvofiq;

beshinchidan, isloh qilinayotgan alifbodan tutuq belgisi (’-apostrof)ga joy bermaslik Hh va Xx harflarini birlashtirib yuborishdan ham nomaqbul ishdir. Negaki, o‘zbek tili juda uzoq yillik yozma anʼanalarga ega til, ana shu anʼanalarga sodiqlik tufayli bu tilda juda katta adabiyot yaratildi, badiiy barkamollashdi. Bordiyu tutuq belgisi chiqarilib, Hh va Xx harflari birlashtiriladigan bo‘lsa, o‘zbek tili o‘zining yozma anʼanalaridan begonalashadi, badiiyat bilan bog‘liq yarim tarovatidan ayriladi.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, alifbo islohida uchrayotgan ayrim muammolardan cho‘chimaslik kerak. Jumladan, bu borada gaplar taʼlim tizimidagi barcha darsliklar uchun ketgan moliyaviy mablag‘larga borib taqalar ekan, aytish mumkinki, uch yilda bir marta qayta nashrlar amalga oshiriladi. Mana shu jarayon barobarida mavjud darsliklarimizni qayta tahrirdan o‘tkazish mumkin. Qolaversa, isloh qilinguvchi imlo qoidalari tizimidagi boshqa muammolar ham vaqti-soati bilan yechimini topishi muqarrar. Bu oson emas, albatta, muayyan qiyinchiliklar bo‘lishi tabiiy. Biroq millat kelajagi uchun takomillashgan alifboni qabul qilish hamda imlo va yozuv bilan bog‘liq muammolarni imkon qadar tezroq hal qilish eng muhim vazifadir.

Taʼkidlaganimizdek, milliy alifbo har qanday millatning yuzi hisoblanar ekan, uning har jihatdan barqaror va to‘kis bo‘lishini taʼminlashga munosib hissa qo‘shmoq har birimizning burchimizdir. Alifbo islohidan asosiy maqsad esa savodsizlikning oldini olishdir. Savodxonlik jamiyatda shakllangan va kamol topishi kerak bo‘lgan milliy madaniyatimizning eng asosiy belgilaridan biridir. Zero, til millatning ruhi, milliy davlatchilik ramzidir, uning ifodasi esa mukammal yozuvida namoyon bo‘ladi.

 

Ilhom XOLMURATOV,

tilshunos tadqiqotchi


“Yangi Oʻzbekiston” gazetasidan olindi

13.04.2021 1692