- Bosh sahifa
- Maqolalar
- Til bilgan el biladi
Til bilgan el biladi
O‘zbekistonda
barcha jabhalarda kechayotgan islohotlar jarayoni taʼlim sohasini tobora
kengroq va chuqurroq qamrab olmoqda. Xususan,
bu yili ilm-fanni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishi sifatida fizika bilan
bir qatorda xorijiy tillar tanlanishi eʼtirofga sazovordir.
Shu
o‘rinda beixtiyor o‘tgan asr boshidagi maʼrifat fidoyilari – jadid
bobolarimizning g‘oya va qarashlari yodga tushadi. Jumladan, Mahmudxo‘ja
Behbudiy dunyo donishmandlari asarlaridan xabardor bo‘lish, jahon adabiyoti
durdonalaridan chinakamiga lazzatlanish, shuningdek, zamonasini anglash,
taraqqiyot uchun chet tilini bilish o‘ta muhimligini taʼkidlaydi. Chunonchi,
jadidlar yetakchisi millat farzandlari o‘z naʼfi, jamiyatda muhim mavqe va
obro‘ga ega bo‘lishi uchun xorijiy tilni bilishi zarurligi haqida so‘zlab,
qatʼiyat bilan “Xulosa, bugun bizlarga to‘rt tilga tahrir va taqrir
etguvchilar kerak”, deya bong urgan edi.
Mamlakatimizda
til masalasiga ko‘rsatilayotgan eʼtibor, xususan, davlat tilining nufuzi va
obro‘sini ko‘tarish, ona tilimizni asrab-avaylash borasidagi saʼy-harakatlar
o‘z mohiyat-eʼtibori bilan maʼrifatparvar bobolarimizning ushalmagan
orzu-armonlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lidagi amaliy harakatlar ekanligi
jihatidan beqiyosdir. Barchaga maʼlumki, jahon hamjamiyatiga integratsiya
jarayonida, dunyo bozoriga dadil va faol kirib borilayotgan pallada xorijiy til
bilimlariga ehtiyoj ortishi tabiiy. Shu bois bugungi kunda soha mutaxassisining
har tomonlama yetukligi mezonlari o‘z ona tili bilan bir qatorda, bir emas, bir
necha chet tilini bilishi lozimligini taqozo etmoqda. Shu yilning 6-may kuni
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan
videoselektor yig‘ilishi ana shu dolzarb masalaga bag‘ishlandi.
“Mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘rgatish bo‘yicha kelajak uchun
mustahkam poydevor bo‘ladigan yangi tizimni yo‘lga qo‘yish vaqti-soati keldi.
Biz raqobatdosh davlat qurishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ygan ekanmiz,
bundan buyon maktab, litsey, kollej va oliy o‘quv yurti bitiruvchilari kamida 2
ta chet tilini mukammal bilishlari shart. Bu qatʼiy talab har bir taʼlim
muassasasi rahbari faoliyatining asosiy mezoniga aylanishi lozim”,– deya
taʼkidlaydi qatʼiyat bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Milliy
taʼlim tizimimiz jiddiy islohotlarga muhtoj ekanligi ayni haqiqat. Xususan, hozirgi
kunda kadrlarning til savodxonligi darajasi talabga javob bermayapti. Og‘zaki
va yozma nutq madaniyati yuqori, mantiqiy fikrlash va uni ifoda eta olish
ko‘nikmalariga ega, nutq uslublarini farqlay oladigan, fikrini usluban to‘g‘ri
bayon eta oladigan, tahliliy fikrlash ko‘nikmalari shakllangan mutaxassisga
ehtiyoj katta. Bu borada bir qator masalalar o‘z yechimini kutmoqda.
Davlat tomonidan til taʼlimiga
ko‘rsatilayotgan eʼtibor hamda g‘amxo‘rlik, bu borada amalga oshirilishi ko‘zda
tutilayotgan saʼy-harakatlar mazkur soha mutaxassislari, kasb egalari qalbida
minnatdorchilik tuyg‘usi uyg‘otishi bilan birga, ular zimmasiga jiddiy
masʼuliyat va javobgarlik hissi ham yuklaydi. Til o‘qitishning amaldagi holati
va taʼlim beruvchilar bilim darajasining yetarli darajada emasligi, “bugungi
kunda oliygohlardagi 78 foiz professor-o‘qituvchilarning chet tilini bilish
darajasi qoniqarsiz ahvolda ekani” jiddiy tashvish
uyg‘otadi.
Xorijiy tillarni o‘qitish
borasidagi muammolar ona tili taʼlimiga oid hal qilinishi zarur bo‘lgan
masalalar bilan uzviy bog‘liqdir. Sir emaski, umumiy o‘rta taʼlim
maktablari bitiruvchilarining og‘zaki va yozma savodxonligi pasayib ketgan. Bu
achinarli holat oliy o‘quv yurti talabalariga davlat tilini yuqori akademik
bosqichda o‘qitish asnosida to‘siqlar keltirib chiqarmoqda. O‘z ona tilining
qonuniyatlari hamda qoidalarini mukammal egallamagan talabadan xorijiy tilni
yuksak darajada egallashni talab qilish mushkul. Shu bois o‘rta maktabda ona
tilini o‘qitishning sifati va samaradorligini oshirish nafaqat davlat tilining
nufuzi va obro‘sini saqlab qolishga xizmat qiladi, balki talaba yoshlarning
chet tilini talab darajasida egallashlari uchun asos bo‘ladi. Buning uchun
o‘zbek tili bilimlarini baholashning bosqichli tizimini ishlab chiqish va
bitiruvchilarning og‘zaki va yozma savodxonligini tekshirishning zamonaviy
ilg‘or usullari va vositalaridan, bu borada xorij tajribasidan foydalanish
zarur. Umumiy o‘rta taʼlim maktabi bitiruvchisi ona tili bilimining qaysi
darajasida oliy o‘quv yurtlarida (shuningdek, darajasidagi farqlarga qarab,
qaysi oliy o‘quv yurtida) o‘qishga haqli bo‘lishining mezonlarini aniq belgilab
olish zarur. Bu esa baholash va test tizimida islohotlar qilish zaruratini
taqozo etmoqda va oliy taʼlim muassasalarida suhbat va ijodiy ish (motivatsion
xat, insho, esse kabi)lar yozish kabi sinovlarni joriy etish zarurligini
ko‘rsatmoqda.
Xorijiy til bilimlari borasida
bo‘lajak oliy taʼlim mutaxassislariga qo‘yiladigan talablar taʼlim beruvchilar
oldiga til o‘qitishda maqsadli yondashuvni taʼminlash, talabalarning til bilish
darajasini aniqlashga qaratilgan xalqaro andozalarga asoslangan yagona
yondashuvli tizim yaratish; pedagog, professor-o‘qituvchilar kasbiy malakasi
mezoni va malaka oshirish mexanizmini takomillashtirish vazifalarini qo‘yadi.
Til bilimlariga qo‘yiladigan
talablarni kuchaytirish maqsadida oliy taʼlim muassasalari
bitiruvchilarini ishga qabul qilishda, xususan, taʼlim tizimiga
ishga olishda chet tili (ayniqsa, rus va ingliz tillari)ni bilish darajasini
tasdiqlash (sertifikatlash) mexanizmi joriy etilishi maqsadga muvofiqdir.
Buning uchun, o‘z navbatida,
o‘qituvchining kasbiy kompetentligini baholashning aniq tizimi yo‘lga qo‘yilgan
bo‘lishi lozim.
Shuningdek,
malaka oshirish kurslari samaradorligi va o‘quv jarayoni bilan uzviyligini
taʼminlash lozim.
Xorijiy
tillarni o‘qitish borasidagi boy o‘quv-maʼlumotlar zaxirasi mavjud bo‘lgani
holda, mazkur o‘quv adabiyotlari metodikasiga tayanib, milliy
madaniyatimiz, milliy zehniyat va umuman milliy qadriyatlar nuqtayi nazaridan yondashilgan o‘quv qo‘llanmalari va
darsliklarni yaratish zarur. Mualliflar guruhi
kuchli metodist mutaxassislar va xorijiy mutaxassislardan tashkil topishi maqsadga
muvofiqdir. Zamonaviy metodikada til taʼlimi maqsadi o‘quvchi shaxsini
rivojlantirishga xizmat qiladigan kompetensiyalar, xususan, kommunikativ,
lisoniy, madaniy kompetensiyalarni shakllantirishga qaratilgan. Talaba aynan
ushbu kompetensiyalarga ega bo‘lgandagina nafaqat, muloqotda, balki o‘z sohasi
doirasida ham tilni mukammal egallagan, har tomonlama savodli mutaxassis bo‘lib
yetishadi. Shunday ekan, taʼlim jarayonida tillarni o‘qitish dasturlarini
bakalavrning kasbiy kompetensiyalariga qo‘yilgan umumiy malaka talablaridan
kelib chiqqan holda ishlab chiqish va u yoki bu kompetensiyani shakllantirishga
mo‘ljallangan maxsus fanlarni tashkil etish, yaʼni soha tilini chuqurroq
egallashlariga eʼtibor qaratish maqsadga muvofiqdir. Xorij tajribasini
o‘rganadigan bo‘lsak, oliy taʼlim dasturlariga yuqorida sanab o‘tilgan
ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan bir qator fanlar kiritilgan.
Xususan, “Nutq o‘rganishga kirish”, “Yozma nutq”, “Siyosiy nutq”, “Ommaviy
muomala nutqi”, “Ijtimoiy nutqiy aloqa”, “Yuristning yozma nutqi”. “Xizmat
yozishmalari”, “Lingvomadaniyat”, “Diplomatik xatlar” kabi. Oliy taʼlimda
rus, ingliz va boshqa chet tillarida erkin savodli fikrlay olish
ko‘nikmalarini shakllantirishga yo‘naltirilgan o‘quv fanlarini kiritish orqali
talabaning maʼlum malaka ko‘nikmalari, xususan, soha tili, rasmiy yoki ilmiy
nutq, yozma nutq savodxonligi, nutq madaniyati va notiqlik
mahoratini shakllantirish mumkin. Shu maqsadda til o‘qitishning yangi
konsepsiyasini ishlab chiqish zaruriyati tug‘ilmoqda.
Shunday ekan, oliy taʼlim
muassasalarida bakalavr va magistrning kasbiy kompetensiyalariga qo‘yilgan
umumiy malaka talablaridan kelib chiqqan holda til bo‘yicha ixtisoslikka
yo‘naltirilgan bunday o‘quv darslik va qo‘llanmalarini ishlab chiqish oldimizda
turgan eng birinchi vazifalarimizdan biridir. Bunda tegishli soha
mutaxassislari bilan hamkorlikda ishlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Til mutaxassislari, xususan,
chet tili soha mutaxassislari davlatimiz tomonidan til taʼlimiga qaratilayotgan
katta eʼtibor va rag‘batdan ruhlangan holda, asosiy ezgu maqsad – yurt kelajagi
va ravnaqi uchun xizmat qiluvchi, dunyo bozorida raqobatbardosh, talab katta,
bilimdon, har tomonlama yetuk kadrlar tayyorlash ishiga o‘z hisslarini
qo‘shmog‘i lozim.
Shoira Normatova, Mehribon
Abdurahmonova
Jahon
iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti o‘qituvchilari