"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Maqolalar
  • Mulohaza: Tuman Elektr ta’minoti korxonasi xodimlari nega lotin yozuvida yozolmaydi?

Mulohaza: Tuman Elektr ta’minoti korxonasi xodimlari nega lotin yozuvida yozolmaydi?

Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi o‘rni va nufuzini tobora oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, ushbu yo‘nalishda bugungi kunga qadar O‘zbekiston Respublikasining 1 ta qonuni, Prezidentimiz tomonidan 2 ta farmon, 2 ta qaror hamda hukumatimizning 12 ta qarorlari qabul qilindi.

Ushbu qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini tushuntirish, targ‘ib qilish bo‘yicha tumandagi korxona, tashkilot va muassasalarning xodimlari o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Lekin, tumanda bu kabi vazifalarga ayrim rahbarlar tomonidan panja ortidan qarash yoki befarqlik bilan yondashish holatlari uchramoqda.

Ushbu yo‘nalishdagi vazifalar ijrosi yuzasidan tuman hokimligi ishchi guruhi tomonidan Samarqand tumani Elektr ta’minoti korxonasida ish yuritish, hisob-kitob, statistika, moliya va boshqa rasmiy ish qog‘ozlari matnlarining davlat tilida yuritilishi holati o‘rganildi.

O‘rganish davomida, korxonada davlat tilida ish yuritish masalasiga umuman e’tibor qaratilmayotganligi, hujjatlarni tayyorlash va rasmiylashtirish mavjud qoidalarga tayanmasdan, ko‘r-ko‘rona ravishda yuritilayotganligi aniqlandi.

Xususan, hisob-kitob, statistika qog‘ozlarining rus tilida yuritilayotganligi, boshqa turdagi hujjatlarning barchasida imloviy xatolar mavjudligi va hatto, korxonaning rasmiy blankida xatolar uchraganligi achinarli hol, albatta.

Bundan tashqari barcha xodimlar o‘rtasida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida diktant olish lozimligi aytilganda, jami 118 nafar xodimdan, faqatgina 9 nafari lotin yozuvida yoza olishi ma’lum bo‘ldi.

Shundan ko‘rinib turibdiki, korxona mas’ullari tomonidan davlat tiliga doir qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati va xodimlarga davlat tilida ish yuritishni o‘rganishlari targ‘ib qilinmagan.

Samarqand tumani Elektr ta’minoti korxonasi rahbariyati xodimlarning o‘zbek adabiy tili me’yorlari, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi va imlosi, davlat tilida ish yuritish asoslari hamda rasmiy hujjatlarni yozish bo‘yicha nazariy bilim va ko‘nikmalarini oshirishga alohida e’tibor qaratishsa, kelgusi avlodning ham ona tilimizga nisbatan hurmati osharmidi?

 

Bunyod Yarashev,

Samarqand tumani hokimining maslahatchisi


gulobod.uz

21.06.2021 483