"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Alisher Navoiy ijodiy merosi Germaniyada keng o‘rganilmoqda

Joriy yil o‘zbek xalqining buyuk shoiri, mutafakkiri va davlat arbobi hazrat Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi mamlakatimizda va xalqaro ko‘lamda keng nishonlanmoqda.

Turon Fanlar akademiyasining faxriy akademigi, taniqli tilshunos va navoiyshunos olima, Navoiy g‘azallari, ruboiy va aforizmlarining nemis tiliga tarjimasi hamda qiyosiy lingvopoetik tahlilining badiiy qiymati haqidagi salmoqli ilmiy ishlar muallifi Roviyajon Abdullayeva “Dunyo” axborot agentligi muxbiriga Germaniya akademik doiralari vakillarining buyuk bobokalonimiz ijodiy merosini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi haqida so‘zlab berdi.

- Germaniyada Mir Alisher Navoiy ijodiga qiziqish, ushbu bebaho merosga turlicha yondashuvlar doimo kuzatilgan, - deydi olima. – Biroq “Manzuri shahanshohi Xuroson” deya ulug‘langan, “Shams ul-millat” deya ardoq topgan Navoiy tavalludining 500 yilligi munosabati bilan Toshkentga kelgan nemis olimi Alfred Kurella benazir bobokalonimizning shaxsi va ijodiga bag‘ishlab yozgan “Buyuk shoirning qayta kashf etilishi” nomli esse janridagi tadqiqoti buyuk mutafakkirni G‘arbiy Yevropa bo‘ylab buyuk shoir sifatida yanada mashhur bo‘lishiga salmoqli hissa qo‘shdi.

Mustaqillik yillarida Germaniyada Navoiyning o‘rganishga eʼtibor kuchaydi va hazrat Navoiy tavalludining 560, 570, 575 va 580 yilliklari munosabati bilan Berlinda buyuk mutafakkir hayoti va ijodiga bag‘ishlangan xalqaro simpoziumlar o‘tkazildi. Xususan, 2016-yilda anjumanga Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori professor Sh.Sirojiddinov, shoir M.Ali va navoiyshunos professor A.Erkinovdan iborat delegatsiya taklif qilindi.

Nemis sharqshunoslari Hammer Purgshtal, Alfred Kurella, Zigfrid Klaynmixel, Klaus Shyoning, Mark Kirxner va venger olimi Herman Vamberi o‘z zamonalarida yaratgan ilmiy tadqiqotlari bilan buyuk bobomizning ulkan madaniy-maʼnaviy merosini G‘arb jamoatchiligiga tanitishga o‘z hissasini qo‘shgan. Shu bois ularni nemis, aniqrog‘i Yevropa navoiyshunoslari, deb atash mumkin.

Men Navoiy asarlarining Germaniyada yanada keng ko‘lamda o‘rganish va tarjima qilinishiga 1998-yilda Berlin Humboldt universitetida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston madaniyat kunlarining ochilish marosimi turtki bo‘lgan, deb o‘ylayman.

O‘shanda tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov shunday degandi: “Muhtaram anjuman qatnashchilari, men Dantening “Ilohiy komediya” asarini o‘zbek tiliga tarjima qilib, G‘arbiy Yevropa adabiyoti oldidagi qarzimni uzdim. Erkin Vohidov esa Gyotening “Faust”ini o‘zbekchaga o‘girib, olmon adabiyoti oldidagi burchini bajardi. Nima sababdan olmonlar buyuk mutafakkiri Gyote Sharq adabiyoti, jumladan, Navoiy yashagan davr adabiyoti vakillarini o‘ziga pir tutganligini va bu orqali o‘z milliy adabiyoti taraqqiyotiga katta hissa qo‘shganligini bila turib, Navoiyni qoyillatib tarjima qilishmayapti?”, - degan edi.

Abdulla Oripovning ana shu o‘rinli shoirona tanbehi turtki bo‘lib, nemislar astoydil Navoiyni o‘rganishga kirishdi. YUNESKOning qarori bilan 2001-yilda Berlinda Navoiyga bag‘ishlangan xalqaro doiradagi simpozium bo‘lib o‘tdi. Mazkur anjuman materiallari 2003-yilda Germaniyaning Vyursburg shahridagi “Ergon” nashriyotida “Mir Alisher Navoiy” nomi bilan ilmiy maqolalar to‘plami shaklida chop etildi.

Ushbu kitobdan “Mir Alisher Navoiy — moziyga bir nazar” (B.Haynkele), “Temuriylarga oid manbalarda o‘zbeklar ifodasi” (Y.Paul), “Boburnoma”da Navoiy obrazi” (K.Shyoning), “Markaziy Osiyo xalqlari ertaklarida Navoiy obrazi” (E.Taube), “XVI asr Chig‘atoy usmonli lug‘ati “Abushqa”da chig‘atoy tilidagi feʼl shakllarining usmonli talqinda berilishi” (K.Ro‘mer), “Navoiyning “Layli va Majnuni” (M.Kirhner), “Navoiy — benavo” (Z.Klaynmihel), “Navoiy davrida sanʼat va meʼmorchilik” (Y.Girlihs) mavzularidagi maqolalar joy olgan.

Joriy yil muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning qarori bilan hazrat Navoiyning 580 yilligi keng nishonlanmoqda. Qarorga ko‘ra, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi tashkil qilindi. Bundan tashqari, Alisher Navoiy ordeni taʼsis etildi. Xorijiy mamlakatlardan shoir qalamiga mansub qo‘lyozmalarning faksimile nusxalari mamlakatga olib kelinmoqda. Qarorda, shuningdek, Navoiy asarlari chet tillariga tarjima qilinib, nashr etilishi ham o‘z ifodasini topgan.

- Sizning tarjimon, navoiyshunos olima sifatida bu yo‘nalishda olib borayotgan faoliyatingiz haqida ham bilishni istar edik...

- So‘nggi yillarda so‘z mulki sultoni Navoiyning ko‘p qirrali ijodiy merosini chuqur o‘rganish, asarlarini dunyoning ko‘plab mamlakatlarida ommalashtirish bo‘yicha salmoqli ishlar olib borilmoqda.

Kamina Navoiy bobomizning 580 yilligiga bag‘ishlab bir qancha ilmiy anjuman va yig‘ilishlarda o‘z chiqishlarim bilan ishtirok etib kelmoqdaman. Misol tariqasida yaqinda “O‘zbekiston-Germaniya” do‘stlik jamiyati o‘tkazgan ilmiy konferensiyada “Navoiy va Gyote ijodida mushtarak nuqtalar” mavzusida maʼruza qildim. Hazrat Navoiyning Germaniyada o‘rganilishiga bag‘ishlangan 300 betlik “Sarhad bilmas sheʼriyat” nomli monografiyam nashrga tayyor turibdi. “Navoiy g‘azallarini tarjima qilishda Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘atining o‘rni va roli” sarlavhali risola tayyorladim. Yaqinda “Qaro ko‘zim” sarlavhali Navoiy g‘azallarining nemis tiliga tarjimalari to‘plamiga taqriz va xulosalar bilan o‘z hissamni qo‘shdim.

- O‘zbekiston-Germaniya zamonaviy aloqalarida Navoiy ijodining o‘rni qanday ahamiyat kasb etadi?

- G‘arbiy Yevropada Navoiy ijodi chuqur va jiddiy o‘rganilmagani bois, afsuski, yevropaliklar shoirning shaxsi va ijodini chuqur anglamagan. Natijada u haqda g‘ayriilmiy qarashlar, noto‘g‘ri talqinlar ham bo‘lgan. Bugungi kunda esa Mir Alisher Navoiy Germaniyada “Hirotning baxti” yohud “Hirot boshiga qo‘ngan baxt qushi” (Hofmann) deya etirof etilmoqda.

Alisher Navoiy nafaqat turkiy xalqlarning buyuk mutafakkir shoiri, balki butun dunyo eʼtirof etgan Sharqu G‘arb maʼvosidir. Ozarbayjon shoiri Fuzuliy o‘z devoni debochasida uni “Manzuri shahanshohi Xuroson” deb ulug‘lagan shoir so‘z sohibi ijodiy merosi bugun o‘zbek va nemis xalqlari do‘stlik rishtalarining yanada mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.

- Qiziqarli va mazmunli suhbat uchun tashakkur.

Bahriddin Aslanov suhbatlashdi.

“Dunyo” AA

27.06.2021 1083