"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

“O‘zbek tilida sof so‘zlashaylik” nomli kitob chop etish haqida

Aziz feysbukdoshlar, qadrdon do‘stlarim!

Biz O‘zJOKUda yangi bir dolzarb loyihaga qo‘l urdik. Gap shundaki, biz “O‘zbek tilida sof so‘zlashaylik” nomli kitob chop etish niyatidamiz. Nega bunday qarorga keldik, deb o‘ylayapsizmi? Bilasiz, hozirgi kunda ona tilimizda so‘zlashayotganimizda o‘zimiz anglamagan holda ko‘plab xatolar qilamiz. Afsuski, bunday xatolarga nafaqat oddiy insonlar, balki media olami vakillari, yaʼni biz, jurnalistlar ham yo‘l qo‘ymoqdamiz.

Masalan, baʼzida chiroyli narsaga taʼrif berayotganda, “dahshat” so‘zini ishlatamiz (Misol uchun, “Binoni dahshatligini qara!”). Vaholanki, dahshat so‘zi asli do‘zax olovini anglatadi.

Shuningdek, “dahshat” so‘zi quyidagi maʼnolarga ham ega:

1. Nihoyat darajadagi qo‘rqinch, xavf, vahima;

2. Azob-iztirobga soluvchi mudhish ahvol, voqea-hodisa;

3. Ortiq darajadagi qo‘rqqan, vahimaga yoki azob-iztirobga tushgan kishining ko‘rinishi, ruhiy holati.

Keling, endi boyagi misolimizga qaytamiz. “Dahshat” so‘zining qay bir maʼnosi ushbu gapga to‘g‘ri keladi?

Yana bir misol. Taklifnomalarda deyarli har doim “lutfan” so‘zi ishlatiladi. Garchi o‘zbek izohli lug‘atida “lutfan” so‘zi “olijanoblik bilan”, “marhamat qilib”, deb ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, ushbu so‘z “kinoya” va “istehzo” degan maʼnolarni ham anglatadi. Yaʼnikim,odam o‘rnida ko‘rmasamda taklif qilaqoldim..ga yaqin kinoyalik maʼno, yoki “tashrif buyurish”ni ham mutlaqo o‘rinsiz ishlatimiz, “bejizga” deymiz ko‘p hollarda. Bular haqida rahmatli domla Omonilla Madayev ham ko‘p marotaba taʼkidlaganlar.

Tashkil qilishni tashkillashtirish deymiz, ajralishni esa ajrim...

Xullas orosatdamiz, xullas gap ko‘p..

Yana bir achinarli holat. Ko‘pincha yo‘lda ketayotganimda, radio eshitib ketaman. Radioboshlovchi urg‘u va talaffuzni noto‘g‘ri qo‘yadi. “SelEktor”, “rEktor”, “sEmestr”, “sEktor”, “MebEl”, “dOm”, “bOks” yoki “AndAlus” kolbasalarini aytayotganda, urg‘uni ikkinchi bo‘g‘inga qo‘yadi, aslida esa oxirgi bo‘g‘inga urg‘u berish to‘g‘ri bo‘ladi. Va shunga o‘xshash ko‘plab so‘zlarni noto‘g‘ri talaffuz qilishadi. Ming afsuski, bu kabi misollarni ko‘plab keltirishimiz mumkin...

Hozirgi paytda universitetimiz professor-o‘qituvchilari tomonidan “O‘zbek tilida sof so‘zlashaylik” kitobining konsepsiyasi tuzilmoqda. Agar sizda kitob yaratilishi borasida takliflaringiz bo‘lsa, bemalol bizga murojaat qilib, o‘z fikr-mulohazalaringiz bilan o‘rtoqlashishingiz mumkin. Agar g‘oya yoki taklifingiz haqiqatan ham yaxshi va o‘rinli bo‘lsa, biz albatta kitobimiz sahifalariga qo‘shamiz.

Sizningcha yana qanday so‘zlardan noto‘g‘ri foydalanamiz, qaysi so‘zlarni talaffuz qilayotganda xatolarga yo‘l qo‘yamiz? Fikrlaringizni izohlarda qoldiring...

Sherzod Qudratxoʻjaning facebook sahifasidan olindi

09.07.2021 733