"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

TILGA EʼTIBOR — MUSTAQILLIKKA BOʻLGAN EʼTIBOR

...TILIM TURIB OʻZ TILIMDA GAPIRMADIM...

«Har birimiz davlat tiliga boʻlgan eʼtiborni mustaqillikka boʻlgan eʼtibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim. Bu oliyjanob harakatni barchamiz oʻzimizdan, oʻz oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz, ona tilimizga, urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga mehrimizni amaliy faoliyatda namoyon etishimiz kerak».

Shavkat MIRZIYOYEV

Bugungi kunda “Nega ayrim hujjatlar mamlakatimiz aholisining asosiy qismi soʻzlashadigan oʻzbek tili, yaʼni davlat tilida emas, aksincha koʻp hollarda boshqa tilida yoziladi va yozilmoqda?” kabi eʼtirozli savollar oʻz javobini topdi. Negaki, davlat tilida ish yuritish, shuningdek, lotin yozuvi asosida ish hujjatlari yozilishi qatʼiy nazoratga olinadigan boʻldi. Bu quvonchli hol, albatta.

Bu tarixiy voqea biron kun sodir boʻlishini kutgan millat kuychisi, shoirimiz Muhammad Yusufning satrlarini keltirib oʻtsam.

Garchi zugʻum qilganlarni yoqtirmadim,

Sheʼr yozdimu boʻlak ishni qotirmadim.

Tilim turib oʻz tilimda gapirmadim,

Bir eslasam eziladi bagʻri-dilim,

Ona tilim, kechir meni, ona tilim.

Bundan 32 yil muqaddam oʻzbek tiliga davlat tili maqomining berilishi chindan ham ulugʻ va tarixiy voqea boʻlgan edi. Shu oʻrinda aytib oʻtish joizki, Maʼrifatparvar adib Abdulla Avloniyning “Har bir millatning dunyoda borligʻini koʻrsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yoʻqotmak — millatning ruhini yoʻqotmakdur” degan hikmatli soʻzlari yurtning istiqboli tilda ekanligining chiroyli isboti emasmi? Shu bois bu borada yurtimizda koʻp ishlar qilindi va qilinmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 13-maydagi PF-4997-son “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Farmoni, “Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining oʻttiz yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi 2019-yil 4-oktabrdagi Qarori, 2019-yil 21-oktabrdagi “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni va 2020-2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish hamda til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasida belgilangan vazifalar davlat tilining rivojlanishiga keng yoʻl ochib berdi.

2021-yil 13-iyul kuni Vazirlar Mahkamasining Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti tomonidan oʻtkazilgan majlisda ham shu masalalarga alohida toʻxtalib oʻtildi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Mamlakatda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 34-son qarori ijrosi holati muhokama qilindi. Xususan, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tizimi hamda Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchilar faoliyatida oʻtgan davr mobaynida erishilgan yutuqlar va yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish yoʻllari koʻrsatib oʻtildi.

Joriy yilning 1-avgustiga qadar mamlakatimizdagi joy, koʻcha, atamalar, tashkilotlarning nomlari, peshlavhalar, ommaviy targʻibot vositalari, reklama va eʼlonlari, shuningdek, idoraviy ish qogʻozlar, turli blanklarning lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida boʻlishi kerakligi Vazirlar Mahkamasining qarorida belgilangan. Bugun ham bu jarayon toʻxtagani yoʻq. Vazirlik va idoralar rahbarlari hamda xodimlarining “Davlat tilida ish yuritish asoslari” boʻyicha malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimi joriy etildi, respublika tilshunos olimlari tomonidan fundamental fanlar, zamonaviy axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, sanoat, bank-moliya tizimi, yurisprudensiya, diplomatiya, tibbiyot, qishloq xoʻjaligi, harbiy va shu kabi sohalarda oʻzbek tilining qoʻllanish doirasini kengaytirishga doir tavsiya va koʻrsatmalar ishlab chiqildi, zamonaviy darsliklar, etimologik va qiyosiy lugʻatlar nashr etishga, atamalarning elektron lugʻati va mobil ilovalarini yaratish ishlariga ahamiyat qaratilmoqda. Prezidentimiz oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining oʻttiz yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida “Globallashuv sharoitida milliy tilimizning sofligini saqlash, uning lugʻat boyligini oshirish, turli sohalarda zamonaviy atamalarning oʻzbekcha muqobilini yaratish, ularning bir xil qoʻllanishini taʼminlash dolzarb vazifa boʻlib turibdi. Yana bir muhim vazifa fundamental tadqiqotlar, sanoat, bank-moliya tizimi, yurisprudensiya, diplomatiya, tibbiyot va boshqa tarmoqlarda davlat tilini toʻlaqonli qoʻllash bilan bogʻliq” deb, taʼkidlab oʻtgani bejiz emas, albatta.

Ona tilimiz kamoliga gʻov boʻlayotgan, uning fayzli va musaffo muhitini buzishga qaratilgan illatlarning mavjudligini koʻrsak, indamay ketaverishimiz kishini xavotirga soladi. Ayrim muhokamayu, munozaralarga sabab boʻlayotgan lotin yozuviga toʻliq oʻtish mavzusi xususidagi eʼtirozlarni koʻrib hayron qoladi, kishi. Axir, bu borada kecha emas, 32 yildan buyon gapirilmoqdaku. Oʻzbek tilini bilmaganlar uchun oʻrganishga, sof holida qoʻllash uchun bu yetarli muddat, menimcha.

Xulosa qilib aytsak, til millat gʻururi. Sof oʻzbek tilida muloqot qilish esa millat tiliga boʻlgan hurmat nishonasi sanaladi. Tilning milliy yuksakligini oshiruvchi qudrat qonun emas, balki xalqning oʻzi deb bilaman.

Bir soʻz bilan aytganda, oʻzbek millatining maʼnaviy boyligi — tilni eʼzozlash, yuksaltirish, boyitish yoʻlida kurashish, milliy qadriyat darajasiga koʻtarish barchamizning insoniy burchimizga aylansin.

 

Oygul KAJANOVA,

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni

qisqartirish vazirligi xodimi

08.09.2021 1049